Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonda Xo‘jali qurbonlari yod etildi
17:13 / 2023-02-24

Ozarbayjonning mamlakatimizdagi elchixonasi, Haydar Aliyev nomidagi Madaniyat markazi tashabbusi bilan Xo‘jali fojiasiga bag‘ishlangan marosim o‘tkazildi.

Tadbir ishtirokchilari dastlab Xo‘jali qirg‘ini va qardosh Turkiyada yuz bergan tabiiy ofat paytida halok bo‘lganlar xotirasiga bir daqiqa sukut saqladilar. Qurbonlar ruhiga Qur’on tilovat qilindi.

Ozarbayjonning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Huseyn Guliyev Xo‘jali fojiasi haqida batafsil gapirib berdi. Bundan 31 yil avval yuz bergan qirg‘in paytida yuzlab keksalar, ayollar va bolalar halok bo‘lgan. 1994 yil fevralda Umummilliy yetakchi Haydar Aliyev tashabbusi bilan Milliy Majlisda voqeaga siyosiy va huquqiy baho berilib, 26 fevral “Xo‘jali qirg‘ini kuni” sifatida e’lon qilingan. 2008 yil 8 may kuni Haydar Aliyev jamg‘armasi vitse-prezidenti, Muloqot va hamkorlik yo‘lidagi Islom konferensiyasi Yoshlar forumi Madaniyatlararo muloqot bo‘yicha bosh muvofiqlashtiruvchisi Laylo Aliyeva tashabbusi bilan “Xo‘jali uchun adolat!” xalqaro targ‘ibot va axborot kampaniyasi tashkil etilib, qirg‘inning dunyo afkor ommasi tomonidan tan olinishi, davlatlar ushbu fojiaga adolatli munosabat bildirishi zarurligiga e’tibor qaratdi.

Diplomat keltirgan ma’lumotga ko‘ra, Xo‘jali genotsidi hozirgacha dunyoning 16 davlati, AQSHning 24 shtati tomonidan tan olingan va qoralangan. Islom hamkorlik tashkiloti voqeaga oid 13 hujjat qabul qilgan. 57 davlatni birlashtirgan ushbu tashkilot 2012 yil 30 yanvar kuni Xo‘jali voqeasini rasman tan olib, mazkur fojia XX asrning dahshatli jinoyatlari hisoblangan Xatin, Xirosima, Nagasaki va Xolokost qirg‘inlari qatorida e’tirof etdi.

O‘zbekiston-Ozarbayjon Do‘stlik jamiyati ijrochi kotibi, professor Erkin Nuriddinov ushbu hodisa insonlar uchun jiddiy saboq ekaniga e’tibor qaratib, tegishli xulosa chiqarib, bunday fojialarning oldini olish yo‘lida amaliy ish olib borish lozimligini qayd etdi.

Yevropa Akademiyasi akademigi, Birlashgan Millatlar Tashkiloti yaxshi niyat elchisi Almaz Majidova ham ayni mudhish voqeaga befarq bo‘lmaslik lozimligi xususida so‘zlarkan, keksalar, ayollar, bolalarga nisbatan dahshatli qiynoq va zulm butun insoniyatga qarshi qaratilgan jinoyat ekani, xalqaro siyosiy maydonda bunday harakatga nisbatan munosabat shunga mos bo‘lishi kerakligiga urg‘u berdi.

Tadbir ishtirokchilari Xo‘jali fojiasi, Armaniston-Ozarbayjon mojarosiga oid kitob, suratlar ko‘rgazmasi bilan tanishib, ushbu voqeaga bag‘ishlangan filmni tomosha qildilar.

G‘.Xonnazarov, O‘zA