Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonda Xitoy texnologiyalari asosida aqlli sinflar ochiladi
15:44 / 2025-11-19

Keyingi yillarda mamlakatimiz ta’lim tizimida raqamlashtirish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha sezilarli o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Darslarda faqat kitob va daftar emas, balki zamonaviy raqamli yechimlar ham o‘quvchilarga yordam beradigan davr boshlandi.

Ayniqsa, o‘qituvchi va o‘quvchi o‘rtasidagi muloqotni soddalashtiradigan, nazoratni esa aniq va qulay shaklga keltiradigan texnologiyalarga ehtiyoj tobora ortmoqda.

Bu jarayonda Xitoy bilan yo‘lga qo‘yilgan yangi hamkorlik loyihasi – aqlli sinflarni yaratish tashabbusi o‘z vaqtida boshlangan va amaliy natija berishi kutilayotgan dolzarb qadam sifatida e’tiborni tortmoqda.

Pekindagi O‘zbekiston elchixonasida ta’lim texnologiyalarini rivojlantirishga qaratilgan navbatdagi muhim hujjat imzolandi. Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi va Xitoyning “Chongqing Shulian Tianxia” kompaniyasi o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida memorandumga imzo chekdi, deyiladi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi ma’lumotida.

Kelishuv doirasida bir qator yirik loyihalar amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Eng avvalo, 60 ta sun’iy intellekt kameralari bilan jihozlangan aqlli sinf yaratish bo‘yicha pilot loyiha yo‘lga qo‘yiladi. Ushbu sinflar o‘quv jarayonini kuzatish, dars samaradorligini oshirish va innovatsion yondashuvlarni tatbiq etishga xizmat qiladi.

Hamkorlik ta’lim jarayonini modernizatsiya qilish, raqamli transformatsiya va yuqori texnologiyalar sohasidagi kooperatsiyani ham o‘z ichiga oladi. Xususan, aqlli ta’lim, intellektual ishlab chiqarish va elektron sanoat yo‘nalishlarida qo‘shma texnologik yechimlar ishlab chiqish rejalashtirilgan. Loyiha uchun zarur bo‘lgan texnik ta’minot – jihozlar, dasturiy mahsulotlar, o‘rnatish va sozlash ishlari to‘liq qamrab olinadi.

Memorandumni Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi direktori Sevara Shokirova va “Chongqing Shulian Tianxia” kompaniyasi xalqaro bo‘limi rahbari Van Tsziysi imzoladi.

M.HOJIAKBAROVA, O‘zA