Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonda xalqning orzu-umidlari va intilishlari asosida konstitutsiyaviy islohot amalga oshirilmoqda
21:36 / 2023-04-14

Dunyo ekspertlari, OAV nigohi O‘zbekistonda

O‘zbekiston tarixiy islohotlar bo‘sag‘asida turgani hech birimizga sir emas. Diyorimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarda, aynan, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik, ochiqlik siyosatida demokratik tamoyillar yangi bosqichga ko‘tarilgan.

Xususan, 30 aprelda bo‘lib o‘tadigan umumxalq referendumi oldidan o‘tayotgan yig‘ilishlarda chet ellik ekspertlar faol ishtirok etib, ijtiomiy-siyosiy islohotlarimizni yuqori baholayotgani, o‘z navbatida, mamlakatimizning jahon hamjamiyatidagi mavqei tobora ortib borayotganidan dalolatdir.

Poytaxtimizda “Konstitutsiyaviy islohotlar va ijtimoiy davlat barpo etish” mavzusiga bag‘ishlangan qator tadbirlar, jumladan, “O‘zbekiston – Qozog‘iston”, “O‘zbekiston – Pokiston” va “O‘zbekiston – Hindiston” davra suhbatlari o‘tkazildi.

Nodavlat notijorat tashkilotlar milliy assotsiatsiyasi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Fanlar akademiyasining Davlat va huquq instituti hamda Barqaror rivojlanish markazi tomonidan tashkil etilgan anjumanlarda ishtirok etgan xorijlik mutaxassislarning fikr-mulohazalari yozib olindi.

Manish Prabxat, Hindistonning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi:

– O‘zbekiston xalqi, hozirda umumxalq referendumi orqali qaror qabul qilinayotgan muhim bosqichda turibdi. Yangi loyihani tayyorlashda amalga oshirilgan  jadal ishlar kishini hayratga soladi. Hujjat matni amaldagi Konstitutsiyaga kiritilgan bir nechta yangi moddalarni o‘z ichiga oladi.

Loyiha mamlakatning oddiy fuqarolariga bundan buyon ularning e’tibor markazida bo‘lishi, ularning huquqi, farovonligi va qadr-qimmati davlat tomonidan kafolatlanishi haqidagi va’dalarni kafolatlaydi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi O‘zbekistonning konsepsiyasini kiritdi. Bu O‘zbekistonning, eng avvalo, o‘z xalqi huquqi va qadr-qimmati haqida qayg‘uradigan ijtimoiy davlat bo‘lishini ko‘rsatadi. Biz diyoringizda inson huquqlari kafolatlanishiga ustuvor ahamiyat berilayotganiga guvohi bo‘lyapmiz.

Shu bois jamoatchilikning referendumdagi ishtiroki butun jarayon demokratikligini tasdiqlaydi. 30 aprel kuni bo‘lib o‘tadigan, butun dunyo o‘z e’tiborini O‘zbekistonga qaratadigan ushbu kunda O‘zbekiston xalqiga hayotiy ishda muvaffaqiyat tilayman.

Sandjay Kumar Pandey, Javoharlal Neru nomidagi universitet professori (Nyu-Dehli, Hindiston):

Konstitutsionalizm – bu o‘ziga xos falsafa, mafkura. Bu shaxs erkinligini ta’minlash, hukumat vakolatlarini cheklash, qonun ustuvorligi, sud hokimiyati mustaqilligi, parlamentarizmni kuchaytirish kabi demokratik tamoyillar amalga oshirilishini ta’minlashga qaratilgan. Konstitutsiya – o‘zgartirmaslik mumkin bo‘lmagan qat’iy hujjat emas, jamiyatdagi o‘zgarishlar, aholining intilishlari aks etishi lozim bo‘lgan jonli hujjatdir. Demokratik konstitutsiya uni o‘zgartirishning maxsus tartibini belgilaydi.

Shu nuqtai nazardan, mamlakatingizda ham xalqning orzu umidlari va intilishlari asosida taklif etilayotgan  konstitutsiyaviy islohot amalga oshirilmoqda. Yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasi bo‘lajak umumxalq referendumida qabul qilinib, yangi O‘zbekiston – insonparvar demokratik, ijtimoiy va zamonaviy davlat, ochiq va odil jamiyat taraqqiyotiga xizmat qiladi, degan umiddamiz.

Taxir Faruk, “Daily Ittehad” gazetasi bosh muharriri, Pokiston gazeta muharrirlari vitse-prezidenti:

“Daily Ittehad” gazetasi O‘zbekistonda mustaqillik yillaridan buyon yuz berayotgn o‘zgarishlarni kuzatib kelyapti. Men bir necha marotaba yurtingizda bo‘lib, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan ishlarning guvohi bo‘lganman. Bir so‘z bilan aytganda, davlat rahbari tashabbusi bilan olib borilayotgan islohotlar o‘z samarasini bermoqda. 

Agar bilsangiz, 12 aprel – pokistonliklar uchun muhim sana. Joriy yil biz Pokiston Konstitutsiyasi qabul qilinganining 50 yilligini nishonladik. Pokiston bosh qomusi mamlakat sobiq bosh vaziri Zulfiqor Ali Bxutto tomonidan ishlab chiqilgan. O‘sha paytdagi barcha muxolifat partiyalar ham uni qo‘llab-quvvatlagani uchun Konstitutsiyamiz muhim hujjatga aylangan. Konstitutsiyamiz Z.A.Bxutto va o‘sha davr mamlakatimiz rahbariyatining uzoqni ko‘ra bilishidan dalolatdir.

So‘nggi 50 yilda 1973 yilgi Pokiston Konstitutsiyasiga 27 marta tuzatish kiritildi. Buning ajablanarli joyi yo‘q, chunki har bir davlat Konstitutsiyasiga mamlakat fuqarolarining o‘zgaruvchan ehtiyojlariga javoban tuzatishlar kiritib boriladi.

Boshqa mamlakatlar qonunlariga nazar tashlaydigan bo‘lsak, Pokiston bilan bir paytda mustaqillikni qo‘lga kiritgan Hindiston o‘z Konstitutsiyasiga 105 marta o‘zgartish kiritgan. AQSH 203 yil mobaynida Konstitutsiyasi tarixida 27 marta tuzatish kiritdi. Bugun biz O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasining ishlab  chiqilishi va uni qabul qilish bo‘yicha umumxalq referendumini o‘tkazish jarayonini  kuzatyapmiz. Hujjat muhokamasida xorijlik espertlar, ommaviy axborot vositalari vakillari ham ishtirok etmoqda.

Djabbar Xattak, Pokistonning “DailyAwamiAwaazKarachi” gazetasi bosh muharriri:

– O‘zbekistonda yuz berayotgan konstitutsiyaviy islohotlarni ko‘rib, Pokiston tajribasidan ba’zi o‘xshashliklarni keltirmoqchiman.

Mamlakat 1947 yilda dunyo xaritasida paydo bo‘lgan bo‘lsada,  afsuski, 1973 yil aprelga qadar uning Konstitutsiyasi bo‘lmagan. Uzoq davom etgan demokratik siyosiy kurashlardan so‘ng, 1973 yilda saylangan parlament to‘liq Konstitutsiyani bir ovozdan ma’qullagan. Uni isloh qilish bo‘yicha uzoq kurash olib borilgan. Pokiston konstitutsiyaviy islohotlar yo‘nalishida demokratik jarayonni mustahkamlash, inson huquqlarini himoya qilish va tegishli boshqaruvni rag‘batlantirishga qaratilgan muhim qadamlarni qo‘ydi.

Yuqorida sanab o‘tilgan islohotlar orasida 2010 yilda o‘tkazilgan 18-tuzatish Konstitutsiya tarixida muhim voqea bo‘ldi. Masalan, federal hukumatdan ayrim vakolatlarning provinsiyalarga o‘tkazilishi orqali ta’lim, sog‘liqni saqlash va qishloq xo‘jaligi sohalarida ko‘plab vazifalar uchun katta avtonomlik va javobgarlik berildi. Insonning odil sudlov, ta’lim va axborot olish huquqi, ayollar va ozchiliklar  huquqlarini himoya qilishni yaxshilash kabi asosiy huquqlari himoyasi kuchaytirildi.

Keyingi konstitutsiyaviy islohotlar demokratiya, “tegishli boshqaruv”ni ilgari surish («good governance»),  mansabdor shaxslarning hisobdorligini oshirish, insonning asosiy huquqlarini himoya qilishni kuchaytirish, barcha bir xil huquq va imkoniyatlarga ega bo‘lgan yanada inklyuziv jamiyatni barpo etish, resurslarning yanada adolatli taqsimlanishini ta’minlash, korrupsiya va xizmat vazifasini suiiste’mol qilish bilan boshliq boshqa huquqbuzarliklarga qarshi kurashish kabi sohalarga qaratildi.

Ushbu ijobiy o‘zgarishlarga qaramay, hali hal qilinishi kerak bo‘lgan ayrim muammolar bor. Masalan, mamlakatimizda sud tizimini mustahkamlash, OAV mustaqilligini ta’minlash, iqtisodiy vaziyatni yaxshilash zarur. Bularning barchasi yanada kuchli va farovon Pokistonni barpo etish uchun hal qilinishi kerak bo‘lgan muhim masalalardir.

Ta’kidlash joizki, konstitutsiyaviy islohotlar  kuchli va demokratik jamiyatni qurish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri.

Yaxya Xan Sadozay, Pokistonning “Daily Lead” gazetasi bosh muharriri:

– O‘zbekistondagi konstiutsiyaviy islohotlarda BMTning 2030 yilgacha bo‘lgan kun tartibi – Barqaror rivojlanish maqsadlariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu Pokiston uchun ham dolzarb masala hisoblanadi. Bundan Pokiston va O‘zbekiston bir-biridan tajriba olishi mumkin.

Konstitutsiya va normativ-huquqiy hujjatlarga tuzatishlar kiritish BRMga erishishga, pirovardida inson farovonligini oshirishga yordam beradi, degan fikrga, albatta, qo‘shilaman. BRM taraqqiyot, demokratiya va mudofaaga asoslangan. Bu borada qator chora-tadbirlarni amalga oshirish orqali uzoq muddatli iqtisodiy farovonlikka, adolat, ijtimoiy himoya, so‘z va din erkinligi, inson va ekologik taraqqiyotga erishish tabiiy.

Pokiston huquqiy islohotlar va bu kun tartibini milliy miqyosda hisobga olish orqali BRMni to‘la amalga oshirish yo‘lida muayyan ishlarni amalga oshirdi. Umuman olganda, Pokistonning rivojlanish maqsadlari ko‘rsatkichi 2015 yildagi 53,11 dan  2020 yilda 63,49 gacha, ya’ni 2015 yilgi bazaviy ko‘rsatkichdan 19,5 foizga ko‘tarildi.

So‘nggi yillarda Pokiston konstiutsiyaviy, institutsional va tarkibiy jihatdan ancha o‘zgardi. Insonlar turmush darajasi yaxshilanyapti, ularning hukumatga nisbatan ishonchi ortyapti. Bularning bari Pokiston Konstitutsiyasiga tuzatishlar kiritish, huquqiy islohotlar samarasidir.

Biz O‘zbekiston taraqqiyotining yangi bosqichini belgilab bergan keng ko‘lamli islohotlar uchun asos bo‘lgani haqida yaxshi bilamiz. Amalga oshirilayotgan konstiutsiyaviy islohotlar jamiyat va davlat hayotining barcha sohalarini kompleks  yangilashni nazarda tutadi. Ushbu tub huquqiy islohotlar samarasida O‘zbekiston insonga yo‘naltirilgan rivojlanishning yangi davriga guvoh bo‘ldi.

Sattar Majitov, “Intellekt Orda” Ijtimoiy-gumanitar tadqiqotlarni integratsiya qilish xalqaro instituti direktori, tarix fanlari doktori, professor, Rossiya Tabiiy fanlar akademiyasi va xalqaro axborotlashtirish agentligi akademigi:

– O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi  Konstitutsiya loyihasiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, uning kirish qismidanoq, ijtimoiy sohada yuz beradigan o‘zgarishlar yangiligi diqqatingizni tortadi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining muqaddimasida aytilgan Inson huquq va erkinliklari, milliy va umuminsoniy qadriyatlar, davlat suvereniteti tamoyillariga sodiqlik bugungi kunda inson, u yashayotgan jamiyatdagilar hamda muayyan insonga nisbatan adolatli munosabatni shakllantiradigan davlat e’tibor markazida bo‘lishini ko‘rsatadi.

E’tiboringizni tortadigan yana bir jihat – O‘zbekistonning o‘zaro tinchlik va totuvlik asosida jahon hamjamiyati, eng avvalo, qo‘shni davlatlar bilan do‘stona munosabatlarni mustahkamlash va rivojlantirishga intilishidir. Yangi tahrirdagi qonunning qator moddalarida inson huquq va erkinliklari ustuvor bo‘lib, u davlat organlari, fuqarolar o‘zini-o‘zi boshqarish idoralari, mansabdor shaxslar faoliyati qonunlar mazmun-mohiyatini belgilashi ta’kidlanadi.

Danara Kurmanova, Xalqaro ekspert, jurnalist (Qozog‘iston):

– bugungi kunda nogironligi bo‘lgan shaxslarni himoya qilish va qo‘llab-quvvatlash davlatning ijtimoiy yo‘nalganligini belgilovchi ko‘rsatkichlardan biridir. O‘zbekiston Konstitutsiyasining yangi tahririda davlatning asosiy qadriyati – inson ekanini ko‘rish mumkin. Xususan, 55-moddada “nogironligi bo‘lgan shaxs” atamasini ko‘rishimiz mumkin. Ilgari O‘zbekistonda biz boshqacha, ya’ni “nogiron” so‘zini eshitgandik. Mamlakatda 2021 yildan buyon bu borada muhim o‘zgarishlar yuz berganini alohida ta’kidlash joiz.

Birinchidan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti nogironlar huquqi to‘g‘risidagi konvensiyasi ratifikatsiya qilindi.

Ikkinchidan, 2021 yilda bo‘lib o‘tgan Prezident saylovi ham mutlaq inklyuzivlikni ko‘rsatdi. O‘shanda brayl alifbosida byulletenlar tayyorlandi, saylov uchastkalari yonida panduslar o‘rnatildi, bularning barchasi nogironligi bo‘lgan shaxslar ham mamlakat hayotida ishtirok etish huquqiga egaligini ko‘rsatdi.

Tibbiy nuqtai nazardan qaralganda, O‘zbekiston nogironligi bo‘lgan shaxslarga nisbatan ijtimoiy davlatga aylangan, albatta, bu Konstitutsiyada ham aks etishi kerak.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasida keltirilgan “nogirolnigi bo‘lgan shaxs” atamasi xalqaro standartlarga javob beradi.

Barqaror rivojlanish markazi bilan hamkorlikda tayyorlandi.

O‘zA muxbiri Behruz Xudoyberdiyev