Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonda Xalqaro qizlar kuni keng nishonlanmoqda
10:41 / 2023-10-11

11 oktyabr – Xalqaro qizlar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan respublika forumi ishtirokchilari Oliy Majlis Senatiga tashrif buyurdi.

“Qizlar – millat tayanchi” shiori ostida “Sening tashabbusing – sening kelajaging uchun” deb nomlagan forumda barcha hududlardan 200 nafarga yaqin xotin-qiz ishtirok etdi.

Senatorlar bilan uchrashuvda mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilayotgani qayd etildi. 

Xotin-qizlar sog‘lig‘ini saqlash, ularni kasbga o‘qitish va bandligini ta’minlash, tadbirkorlikka keng jalb etish, ehtiyojmand xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, gender tenglikni ta’minlash borasidagi tizimli islohotlar o‘z samarasini bermoqda.

Mazkur forumning maqsadi “Qizlarjon” klublari faoliyatini tizimli tashkil etish, qizlarni ilmiy va innovatsion faoliyat bilan shug‘ullanishga jalb qilish, ilmiy-tadqiqot natijalarini hayotga tatbiq etish, tadbirkorlikni rivojlantirish, iqtidorli qizlarning ijodiy salohiyatini qo‘llab-quvvatlash, kasb-hunarga o‘qitish, ularning bandligini ta’minlash hamda ijtimoiy faolligini oshirishdan iborat.

Uchrashuvda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining mazmun-mohiyati, maqsad va vazifalari, ustuvor yo‘nalishlari, shuningdek, yangi tahrirdagi Konstitutsiya ahamiyati haqida so‘z yuritildi. Mazkur hujjatlar bugungi kunda mamlakatimizda huquqiy, ijtimoiy, dunyoviy demokratik davlat barpo etish, inson manfaatlari, huquq va erkinliklarini ta’minlash, iqtisodiyotimiz rivoji va turmushimiz farovonligini yuksaltirishning asosiy huquqiy kafolati ekanligi ta’kidlandi.

Tadbirda BMT Bosh Assambleyasining 2011 yil 19 dekabrdagi rezolyutsiyasiga asosan 11 oktyabr – Xalqaro qizlar kuni sifatida keng miqyosda nishonlanib kelinayotgani aytib o‘tildi. Bu sana dunyo bo‘ylab qizlarning huquq va erkinliklarini ta’minlash bilan bog‘liq holatlarni o‘rganish va tahlil etish imkonini ham beradi.

[gallery-13947]

O‘zbekistonda xotin-qizlar manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha samarali ishlar yo‘lga qo‘yildi. Jumladan, davlat oliy ta’lim muassasalarining magistratura bosqichida o‘qiyotgan barcha xotin-qizlarning kontrakt to‘lovlari qoplab berilishi va bunga har yili davlat byudjetidan 200 milliard so‘m ajratilishi belgilandi.

Oliy ta’lim muassasalari, texnikum va kollejlarda, sirtqi va kechki ta’limda o‘qiyotgan xotin-qizlar kontraktlarini to‘lash uchun 7 yilga foizsiz kredit berish tizimi joriy etildi.

Shuningdek, xotin-qizlarni ijtimoiy himoya qilish mamlakatimizda davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Xususan, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, gender tenglikni ta’minlash, og‘ir ijtimoiy ahvoldagi xotin-qizlarning bandligini ta’minlash orqali ularni himoya qilish, xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan samarali muhofazalash, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash hamda bu borada qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati tushuntirildi.

Uchrashuv ko‘tarinki ruhda o‘tdi. Forum ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

N.Abduraimova, O‘zA