French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonda Xalqaro kichik hajmli baliqchilik va akvakultura yili nishonlandi
15:22 / 2022-03-31

Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida joylashgan Baliqchilik ilmiy-tadqiqot institutida Xalqaro kichik hajmli baliqchilik va akvakultura yili doirasida “O‘zbekiston Respublikasida kichik hajmli baliqchilik va akvakulturani rivojlantirish istiqbollari” mavzusida amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.

Tadbir BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, sohada FAO-Turkiya hamkorligi dasturining bir qismi bo‘lgan FISHCap (Markaziy Osiyo, Ozarbayjon va Turkiyada baliqchilik xo‘jaligi va akvakulturani barqaror boshqarish uchun salohiyatni rivojlantirish) loyihasi doirasida o‘tkazildi. 



Seminarda FAO ekspertlari, O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi mutaxassislari, institut professorlari, ilmiy xodimlar, shuningdek, fermer va baliq yetishtiruvchilar ishtirok etdi. 

Davlat va xususiy sektor o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan dastur, avvalo, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Baliqchilik tarmog‘ini yanada rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-83-sonli qarorini amalga oshirishga yordam beradi. Mazkur hujjat, jumladan, baliqchilik tarmog‘ining eksport salohiyatini oshirish, mahalliy baliq yetishtirish va akvakulturani qo‘llab-quvvatlash, intensiv texnologiyalar asosida baliq yetishtirish hajmini oshiradi. 

Bilamiz, BMT Bosh Assambleyasi 2022 yilni Xalqaro kichik hajmli baliqchilik va akvakultura yili deb e’lon qildi. Ushbu tashabbus kichik hajmli baliqchilik ishchilarining oziq-ovqat xavfsizligi, qashshoqlikka barham berish va tabiiy resurslardan barqaror foydalanishga qo‘shgan hissasiga jahon hamjamiyati e’tiborini qaratish, ularning muhim roli to‘g‘risida xabardorlikni oshirish va soha vakillarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ilgari surilgan. 

– Ushbu tashabbus kichik hajmli baliq yetishtiruvchilar o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish uchun yangi imkoniyat, – deydi FAOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari o‘rinbosari Sherzod Umarov. – Shuningdek, davlat siyosatini shakllantirish va sohani rivojlantirish bilan bog‘liq qarorlar qabul qilishda mazkur jarayon ham muhim ahamiyat kasb etadi. 

Seminar ishtirokchilariga Xalqaro kichik hajmli baliqchilik va akvakultura yilining tarixi va ahamiyati haqida so‘zlab berildi. O‘zbekistonda akvakulturaning bugungi holati, kichik hajmli baliqchilik va akvakulturani rivojlantirish istiqboli muhokama qilindi. Shu bilan birga, mamlakatimizda kichik hajmli baliqchilik va akvakultura bilan bog‘liq tadbirlarni rivojlantirish va amalga oshirish rejasi alohida qayd etildi.  

Tadbirda ishtirokchilar uy sharoitida baliq yetishtirishning intensiv usullari bilan ham yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldi. Ozuqa bazasi, baliq kasalliklarining oldini olish va boshqa dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi. 

– Kichik baliqchilik va akvakultura sektori birgalikda global baliq yetishtirishning katta qismini ishlab chiqaradi, shu bilan birga tarmoq bandlarining 90 foizini ta’minlaydi, – deya tushuntirdi FAOning baliqchilik va akvakultura bo‘yicha katta mutaxassisi Xaydar Fersoy. – Siyosatda, boshqaruvda va rivojlanishda bu sohaga ko‘p e’tibor berilmagan degan qarashlar mavjud, ammo, so‘nggi o‘n yilda sohaga e’tibor va ahamiyat sezilarli darajada ortgan. 

Tadbir doirasida intensiv akvakultura sohasidagi ilmiy ishlanmalar va yutuqlar ko‘rgazmasi tashkil etildi. So‘ngra seminar ishtirokchilari Baliqchilik ilmiy-tadqiqot institutining tarkibiy bo‘linmalari, jumladan, laboratoriya majmuasi, FAO ko‘magida o‘rnatilgan akvarium majmuasi va boshqa inshootlar bilan tanishtirildi. 

(B.Xudoyberdiyev) 
O‘zA