10-mart – Xalqaro ayol sudyalar kuni. Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Bosh Assambleyasining 2021-yil 28-aprelda qabul qilingan rezolyutsiyasiga binoan bu kun xalqaro bayram sifatida nishonlanadi.
Mazkur sana hamda O‘zbekiston sud tizimi tarixida ilk bor Ayol sudyalar assotsiatsiyasi tashkil etilgani munosabati bilan Toshkent shahrida tantanali bayram tadbiri o‘tkazildi.
Mazkur sana munosabati bilan davlatimiz rahbarining “10-mart – Xalqaro ayol sudyalar kuni munosabati bilan mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoni e’lon qilindi.
Bayram tadbirida yuksak davlat mukofotlari o‘z egalariga tantanali ravishda topshirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tomonidan tashkil etilgan tadbir doirasida “Odil sudlovni amalga oshirishda ayol sudyalar o‘rni” mavzusida xalqaro konferensiya ham bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni asrab-avaylash Yangi O‘zbekiston davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangani ta’kidlandi.
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari hamda nodavlat tuzilmalarda faoliyat yuritayotgan ko‘plab ayol rahbarlar hissasi sezilarli darajada o‘sib borayotgani ushbu sa’y-harakatlarning amaliy natijasidir.
[gallery-28005]
Bugungi kunda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining 38 foizi, Senat a’zolarining 27 foizini ayollar tashkil etadi. Hozirgi paytda sud tizimida ham 246 nafar ayol sudya odil sudlovni amalga oshirishda faol ishtirok etmoqda.
– 2023-yilda Marokkoda Xalqaro ayol sudyalar assotsiatsiyasining majlislaridan birida ishtirok etganimizda, O‘zbekistonda ham shunday tuzilma bo‘lishini orzu qilganmiz, – dedi Oliy sud raisining o‘rinbosari Malika Qalandarova. – Davlatimiz rahbarining sud tizimiga, ayol sudyalarga e’tibori natijasida mamlakatimizda ilk bor Ayol sudyalar assotsiatsiyasi tashkil etildi va 2026-yil 27-fevralda ro‘yxatdan o‘tkazildi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad – sud tizimida ayol sudyalarning o‘rni va rolini yanada mustahkamlash, ularning kasbiy salohiyatini oshirib borish, bu borada gender tenglikni ta’minlash orqali odil sudlov samaradorligini yanada yuksaltirishdir. Kuni kecha Prezidentimiz farmoni bilan 10 nafar ayol sudya Vatanimizning yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlangani ham bayram kayfiyatiga kayfiyat qo‘shdi.
Yangi tashkil etilgan ushbu Assotsiatsiya oldida sudyalarning yuksak axloqiy mezonlarga sodiqligi, kasbiy mustaqilligi va mas’uliyatini ta’minlash singari muhim ustuvor vazifalar turadi. Fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, bunda, ayniqsa, ayollar, bolalar hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlar manfaatlarini ta’minlash Assotsiatsiya faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
O‘zbekiston Ayol sudyalar assotsiatsiyasi faoliyatida sud amaliyotini takomillashtirish va huquqiy madaniyatni yuksaltirish orqali adolat mezonlarini hayotga izchil tatbiq etishga intiladi. Shuningdek, ayol sudyalarning kasbiy malakasini oshirish, ilg‘or xalqaro tajribalarni o‘rganish va zamonaviy yondashuvlarni joriy etish orqali sudyalar faoliyati samaradorligini yuksaltirishga alohida ahamiyat qaratiladi.
– Qo‘shaloq bayramlar arafasida yuksak mukofot bilan taqdirlanganimdan mamnunman, – dedi “Shuhrat” medali sohibasi, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Yangiqo‘rg‘on tumanlararo sudi raisi Sohibaxon Yo‘lchiyeva. – Mukofot, albatta, katta mas’uliyat yuklashi bilan birga, o‘z kasbimizga sadoqat bilan xizmat qilishga katta rag‘bat ham berdi. Buning uchun Davlatimiz rahbariga minnatdorchilik bildiraman.
“Odil sudlovni amalga oshirishda ayol sudyalar o‘rni” mavzusidagi xalqaro konferensiyada bir qator xorijiy davlatlar, xususan Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon Respublikalarining Xalqaro ayol sudyalar assotsiatsiyasi vakillari ishtirok etdi.
Konferensiyada sud-huquq tizimida ayol sudyalarning o‘rni va ahamiyatini yanada mustahkamlash, bu borada ilg‘or xorijiy amaliyotni tahlil qilish, tajriba almashish, gender tenglikni таъминлаш hamda odil sudlovni samarali amalga oshirish masalalari milliy va xalqaro ekspertlar tomonidan qizg‘in muhokama qilindi.
Xalqaro ekspertlar O‘zbekiston Ayol sudyalar assotsiatsiyasi adolat va qonun ustuvorligiga sodiq holda jamiyat ishonchiga munosib xizmat qilish, inson qadr-qimmatini himoya qilish hamda sud hokimiyati nufuzini yuksaltirish yo‘lida izchil faoliyat olib borishiga ishonch bildirdi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/_XOSMgnQF6k" title="O`zbekistonda Xalqaro ayol sudyalar kuni nishonlandi " frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Norgul Abduraimova,
Sarvar O‘rmonov (surat),
Doniyor Yoqubov (viyedo),
Iskandar Ismatov(montaj), O‘zA