Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonda valyuta aylanmasi keskin oshdi
14:07 / 2026-02-06

Markaziy bank 2025 yil yakuni bo‘yicha ichki valyuta bozori sharhini taqdim etdi.

2025 yil O‘zbekiston ichki valyuta bozori infratuzilmasida muhim tarkibiy o‘zgarishlar fonida chet el valyutasi bilan bog‘liq operatsion faollikning o‘sishi kuzatildi.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil yakunida O‘zbekiston ichki valyuta bozorida chet el valyutasi bilan bog‘liq operatsiyalar hajmi sezilarli darajada oshdi. Xususan, jismoniy shaxslar tomonidan tijorat banklariga 21,7 mlrd. dollar sotilib, bu ko‘rsatkich 2024 yilga nisbatan 1,3 barobarga o‘sdi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, 2024 yilda 16,1 mlrd. dollarni tashkil etgan. Shu bilan birga, aholi banklardan 12,0 mlrd. dollar sotib olgan bo‘lib, mazkur ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 27 foizga oshdi, 2024 yilda 9,4 mlrd. dollarni tashkil etdi.

Markaziy bank tomonidan qayd etilishicha, 2025 yilda ichki valyuta bozori infratuzilmasini takomillashtirish, konvertatsiya amaliyotlarini soddalashtirish hamda bozor mexanizmlarini chuqurlashtirishga qaratilgan islohotlar valyuta aylanmasining oshishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan. Eksport tushumlari, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar, tashqi qarz mablag‘lari va xalqaro pul o‘tkazmalari hajmining o‘sishi xorijiy valyuta taklifining ko‘payishiga olib kelgan asosiy omillardan bo‘ldi.

Yuridik shaxslar kesimida, 2025 yilda chet el valyutasiga bo‘lgan talab 24 foizga oshgan bo‘lsa, valyuta taklifi 36 foizga o‘sgan. Eksport tushumlari hisobidan shakllangan valyuta taklifi 18 mlrd. dollarni tashkil etib, shundan 9,8 mlrd. dollari yoki 40 foizi ichki valyuta bozorida sotilgan. Bu ko‘rsatkich 2024 yilga nisbatan 1,6 mlrd. dollarga yoki 19 foizga ko‘p.

Markaziy bank rasmiy izohida qayd etilishicha, 2025 yilda banklar tomonidan jalb qilingan xorijiy kreditlar hisobidan ichki valyuta bozoriga 9,7 mlrd. dollar kiritilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilga nisbatan 69 foizga o‘sgan. Importni moliyalashtirishda esa konvertatsiya qilingan mablag‘lar ulushi 63,7 foizni tashkil etgan.

Jismoniy shaxslar bo‘yicha umumiy hisobda, 2025 yilda aholi tomonidan taklif etilgan xorijiy valyuta hajmi unga bo‘lgan talabdan 9,7 mlrd. dollarga yuqori bo‘ldi. Markaziy bankka ko‘ra, bu aholining valyutani bank tizimi orqali rasmiy ravishda sotishga bo‘lgan ishonchi ortib borayotganidan dalolat beradi.

Shuningdek, aholining banklarga valyuta sotishida asosiy manba bo‘lib qolgan xalqaro pul o‘tkazmalari orqali mamlakatga 18,9 mlrd. dollar kelib tushgan. Bu 2024 yilga nisbatan 28 foizga yoki 4,1 mlrd. dollarga ko‘p. Ayni paytda, xalqaro pul o‘tkazmalari orqali mamlakatdan chiqib ketgan valyuta mablag‘lari 2,6 mlrd. dollarni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 138 mln. dollarga kamaygan.

Markaziy bankning ta’kidlashicha, mazkur ko‘rsatkichlar ichki valyuta bozorida barqarorlik saqlanayotgani hamda valyuta taklifi va talabi o‘rtasidagi mutanosiblik ta’minlanayotganini ko‘rsatadi.

Sh.Mamaturopova, O‘zA