English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonda uyushgan 22 narkojinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi
12:56 / 2026-03-03

Shiddat bilan o‘zgarayotgan dunyoda giyohvandlik xavfi aholi genofondi uchun eng katta tahdidga aylanib bormoqda.

Davlat rahbari tomonidan aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlik va narkojinoyatlardan samarali himoya qilish bo‘yicha milliy dastur qabul qilindi. Narkojinoyatlarga qarshi kurashish umummilliy harakatga aylantirilib, jamiyatda bu illatga murosasiz muhit yaratilmoqda.  

Huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan o‘tkazilayotgan kompleks tezkor chora-tadbirlar natijasida giyohvandlikning oldi olinmoqda.

IIV axborot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, joriy yilning yanvar – fevral oylarida respublikada narkotiklarni o‘tkazish va tarqatish bilan shug‘ullanuvchi uyushgan 22 narkojinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi. 5 nafar guruh yetakchisi va 84 nafar vositachi a’zolar qo‘lga olindi. Shuningdek, 8 yashirin narkolaboratoriya fosh etildi.  

Bu narkojinoyatchilarning 20 nafari psixotrop dorilarni, 28 nafari an’anaviy narkotiklarni tarqatish bilan shug‘ullangan. 41 nafari sintetik narkotiklarni tarqatishni onlayn narkodo‘konlar orqali amalga oshirgan.  

2025-yil davomida 14 yashirin narkolaboratoriya aniqlangan bo‘lsa, joriy yilning 2 oyi davomida 8 narkolaboratoriya aniqlandi.

Narkolaboratoriyalarning 3 tasi psixotrop moddalarni tayyorlash bilan shug‘ullangan yashirin sexlar bo‘lsa, 5 tasi sintetik narkotik moddalarni tayyorlovchi narkolaboratoriyani tashkil qilgan.  

Tezkor tadbirlar natijasida yanvar-fevral oylarida 41 kg. an’anaviy narkotiklar, 100 kg.dan ortiq sintetik narkotiklar, 1 million dozaga teng 200 mingga yaqin psixotrop dori vositalari va 2 tonnaga yaqin prekursorlar noqonuniy muomaladan olib qo‘yildi.

Aniqlanishicha, ushbu uyushgan jinoiy guruhlar o‘rtacha 3 oydan 10 yilgacha vaqt oralig‘ida faoliyat yuritgan. Bir yilda o‘rtacha 1 million donadan ortiq psixotrop dori vositalari, bir yil davomida 2-2,5 tonna “gashish” va “opiy” kabi narkotik moddalarni o‘tkazishni amalga oshirgan.  

Internet narkodo‘koni tomonidan bir yilda o‘rtacha 350 kg., 3 yil davomida 4 million dozaga teng bo‘lgan 700 - 800 kg. sintetik narkotik moddalar “zakladka” usulida tarqatilgan.

Narkojinoiy guruhlar tomonidan turli xildagi giyohvandlik vositalarini Toshkent, Namangan, Andijon,  Samarqand, Sirdaryo viloyatlarining jami 40 tuman va shahrida faol tarzda tarqatish amalga oshirilgan.  

Narkotik moddalar savdolari transchegaraviy va virtual xarakterga ega bo‘lib, yurtimizga Afg‘onistondan Surxondaryo orqali, Qirg‘izistondan Namangan va Andijon viloyatlari orqali, Qozog‘istondan Toshkent viloyati orqali respublikaga kontrabanda yo‘li bilan olib kirilgan.

Mazkur xavf-xatarlarga qarshi huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan keskin choralar ko‘rilmoqda. Hozirda uyushgan narkojinoiy guruhlar faoliyatini to‘liq aniqlash, fosh etish va chek qo‘yishga qaratilgan kompleks tezkor-qidiruv tadbirlari davom ettirilmoqda.

Telegram ijtimoiy tarmog‘ida “@stopnarko_bot” botiga kelib tushayotgan millionlab murojaatlar bu holatga jamiyat befarq emasligini ko‘rsatadi. Siz ham befarq bo‘lmang, giyohvandlikka qarshi kurashishda ishtirok etib, farzandlaringiz, jamiyat kelajagini asrang.  

N.Abduraimova, O‘zA