Shu munosabat bilan Toshkentda tashkil etilgan tadbirda o‘zbek va hind ishbilarmon doiralari vakillari, mas’ullar hamda mutaxassislar ishtirok etdi.
Unda Hindistonning Uttarakxand shtati hukumati rahbari Shri Pushkar Singh Dhami (onlayn) va ushbu mamlakatning Favqulodda va muxtor elchisi Smita Pant xonim so‘zga chiqdi. Ular o‘zbekistonlik biznes va sayyohlarni mazkur diyorning ulkan salohiyatini o‘rganishga taklif qilib, turizm, tibbiyot va salomatlik, farmatsevtika, hunarmandchilik hamda ta’lim sohalarida hamkorlik imkoniyatlariga e’tibor qaratdi. Shuningdek, IIT Roorkee va Samarqand davlat universiteti o‘rtasidagi akademik hamkorlikka alohida urg‘u berildi.

Smita Pant xonim ta’kidlaganidek, "Uttarakxand" (Uttarakhand) so‘zi to‘g‘ridan-to‘g‘ri "jannat zamini" deb tarjima qilinadi. Hindistondagi bu shtat nomi "uttara" - "shimol" va "kxand" - "qism" ma’nolarini anglatadi, ya’ni "shimoliy hudud" degan ma’noni bildiradi.
– Uttarakxand Hindistonning eng go‘zal shtatlaridan biri bo‘lib, u Himolay tog‘lari, Ganga, Yamuna va boshqa daryolari bilan mashhur. Shtat hududida taxminan 40 ta daryo mavjud. Shuningdek, Naynital, Masuri, Ranikxet kabi mashhur tog‘li kurortlar ham bu yerda joylashgan. So‘nggi yillarda Uttarakxand turizm, infratuzilma, ta’lim, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika va qishloq xo‘jaligi kabi sohalarda jadal rivojlanmoqda, – dedi elchi xonim.

Taqdimotda ushbu shtatning hukumat rahbari Shri Pushkar Singh Dhami o‘zining onlayn chiqishida O‘zbekiston ishbilarmonlari bilan ko‘plab sohalarda aloqalar o‘rnatish mumkinligini qayd etdi.
– Uttarakxand o‘zining rivojlanayotgan infratuzilmasi, qulay investitsiya muhiti va betakror tabiiy go‘zalligi bilan xorijiy investorlar uchun ideal maskandir. Shtatning asosiy markazi sifatida men o‘zbekistonlik sayyohlar va investorlarni mazkur shaharga taklif qilaman. Bu yerda ular shahar va tabiat uyg‘unligi, madaniy boyliklar hamda sarmoya kiritish uchun keng imkoniyatlarga guvoh bo‘lishlari mumkin. Uttarakxand nafaqat investorlar, balki tabiatsevarlar va sayyohlar uchun ham jozibador manzildir. Shuning uchun bu yerga tashrif buyurib, uning o‘ziga xosligini his qilishni tavsiya qilaman, – dedi u.
Tadbirda Uttarakxandнинг investitsiya siyosati va turizm imkoniyatlari yuzasidan taqdimot o‘tkazilib, videolavha namoyish etildi.
Tadbir yakunida Lal Bahodur Shastri nomidagi Hindiston madaniyat markazi jamoasi tomonidan konsert dasturi taqdim etildi.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA