Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonda tovarlar va mahsulotlar importiga nisbatan qo‘llanilayotgan nol bojlar bir yilga uzaytirildi
17:08 / 2026-01-05

Prezidentimizning 2025 yil 30 dekabrda qabul qilingan “Aholining alohida turdagi iste’mol mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojlarini kafolatli ta’minlash hamda iqtisodiyotning ayrim tarmoqlarini yanada qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni mamlakatda ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash va iqtisodiy islohotlarni jadallashtirishga qaratilgan.

Mazkur farmon orqali aholi uchun zarur tovarlar bozorida barqaror ta’minotni ta’minlash, narxlar keskin oshishining oldini olish hamda strategik tarmoqlarni rag‘batlantirishga qaratilgan yangi mexanizmlar joriy etilmoqda.

Xususan, farmon bilan O‘zbekistonda ayrim tovarlar va mahsulotlar importiga nisbatan qo‘llanilayotgan nol bojxona boji yana bir yilga — 2027 yil 1 yanvargacha uzaytirildi. Bu qaror aholi uchun muhim bo‘lgan tovarlar narxini barqarorlashtirish, bozorda raqobatni oshirish va iqtisodiyotning ustuvor yo‘nalishlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

Farmonga muvofiq, nol bojlar qo‘llaniladigan tovarlar ro‘yxatiga oziq-ovqat mahsulotlari, bolalar kiyimlari va gigiyena vositalari kiritilgan. Shu bilan birga, elektromobillar uchun quvvatlash stansiyalari va ularning ehtiyot qismlari kelgusi ikki yil — 2028 yil 1 yanvargacha bojxona bojlaridan ozod etildi. Bu esa mamlakatda “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholanmoqda.

Ma’lumki, 2022 yil may oyida 23 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari import bojlaridan ozod qilingan edi. Keyinchalik, 2023 yil mart oyida yana 36 ta toifadagi tovarlarga ushbu imtiyozlar joriy etildi.  

Endilikda mazkur imtiyozlarning amal qilish muddati uzaytirilmoqda. Ro‘yxatdan baliq va ikra konservalari, go‘sht va sut mahsulotlari, qahva, sitrus mevalar, pishloq, tvorog, shokolad, non va makaron mahsulotlari, shuningdek, soch va shaxsiy gigiyena vositalari, parfyumeriya, bolalar kiyimlari, meva-sabzavotlar va yong‘oqlar o‘rin olgan.

Mutaxassislar fikricha, nol bojlar saqlanib qolinishi import xarajatlarini kamaytiradi, bu esa ayrim tovarlar narxining keskin oshib ketishini cheklashi mumkin. Biroq natija faqat bojxona imtiyozlari bilan cheklanib qolmasdan, logistika, valyutalari kurslari va ichki bozordagi raqobatga ham bog‘liq bo‘ladi.

Farmonga asosan, 2028 yil 1 yanvarga qadar elektromobillar uchun quvvatlash stansiyalari, ularning butlovchi qismlari, xizmat ko‘rsatish infratuzilmasi uchun texnologik uskunalar joriy etiladi.

Shuningdek, ipakchilik sohasi ham e’tibordan chetda qolmadi. Ipakni qayta ishlash va to‘qish uskunalari, tut urug‘lari va ko‘chatlari, elita va sanoat ipak qurti urug‘lari uchun ehtiyot qismlar ham bojxona imtiyozlariga ega bo‘ldi. Bu esa eksportbop an’anaviy tarmoqni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

Farmonning yana bir muhim jihati — chiqindilar bilan bog‘liq faoliyatni rag‘batlantirish. 2031 yil 1 yanvargacha respublikada ishlab chiqarilmaydigan maxsus texnika va uskunalar, shuningdek, bioparchalanuvchi materiallarni qayta ishlash uchun zarur xomashyo bojxona bojidan ozod etiladi.

Bundan tashqari, 2026–2031 yillar davomida chiqindilar sohasida faoliyat yuritayotgan va belgilangan mezonlarga javob beradigan korxonalar uchun foyda solig‘i va ijtimoiy soliq 1 foiz etib belgilanadi. Bu imtiyozlar chiqindilarni yig‘ish, saralash va qayta ishlashdan tushgan daromad umumiy daromadning kamida 90 foizini tashkil etishi, har bir xodimning oylik maoshi EKIHning kamida ikki baravariga teng bo‘lishi shartlari asosida qo‘llaniladi.

Nol bojlar va soliq imtiyozlarining uzaytirilishi qisqa muddatda aholi uchun muhim tovarlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, o‘rta va uzoq muddatda esa iqtisodiyotning strategik tarmoqlarini rivojlantirishga xizmat qiladi. Ammo ushbu imtiyozlarning samarasi bozorda shaffoflik va sog‘lom raqobat ta’minlangan taqdirdagina to‘liq namoyon bo‘lishi mumkin.

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA