To‘tiqushlar nafaqat go‘zalligi, balki aql-zakovati bilan ham insonlarga yaqin bo‘lgan qushlar sirasiga kiradi. Rang-barang patlari, o‘rganishga chanqoqligi, inson tiliga o‘xshash tovushlarni taqlid qilish qobiliyati sababli to‘tiqushlar butun dunyoda uy hayvoni sifatida keng tarqalgan. O‘zbekistonda ham bu qushlarga bo‘lgan qiziqish yildan-yilga oshib bormoqda.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning yanvar – iyun oylarida O‘zbekistonga 6 ta xorijiy davlatdan 765 dona to‘tiqush import qilingan. Ushbu qushlar uchun sarflangan jami mablag‘ 20,1 ming AQSH dollarini tashkil etgan. 2025-yilda mamlakatimizga eng ko‘p to‘tiqush yetkazib berga davlatlar quyidagilar: Senegal – 320 dona, Belgiya – 186 dona, Germaniya – 159 dona, Niderlandiya – 74 dona, Tojikiston – 20 dona va Chexiya – 6 dona.
Senegal bu davr mobaynida to‘tiqush yetkazib beruvchi yetakchi davlatga aylangan. Afrikaning bu davlati asosan tropik iqlimli hududlarda keng tarqalgan to‘tiqush turlariga ega bo‘lib, ular O‘zbekistondagi uy hayvonlari ishqibozlari orasida talab yuqoriligini ko‘rsatmoqda.
To‘tiqushlarga bo‘lgan talabning yuqoriligini bir necha sabablar bilan izohlashimiz mumkin. Avvalombor, O‘zbekiston fuqarolari orasida ajabtovur uy hayvonlariga qiziqish ortmoqda. Ayniqsa, bolalar va yoshlarda to‘tiqushlarni uyda boqish ancha urf bo‘lgan. Qolaversa, to‘tiqushlar so‘zlarni eslab qolish, taqlid qilish, o‘yin o‘ynash qobiliyatiga ega bo‘lib, bu ularni oddiy qushlardan farq qiladi.
O‘zbekistonda to‘tiqushlarga bo‘lgan talab ortib borayotgani statistik raqamlarda ham yaqqol aks etmoqda. Bu qushlarning aqli, go‘zal va interaktiv xususiyatlari ularni ko‘pchilik uchun qiziqarli qiladi. Kelajakda bu sohaga tegishli qonunchilik, sog‘lomlashtirish, ko‘paytirish va eksportga yo‘naltirilgan strategiyalar ishlab chiqilsa, to‘tiqushlar nafaqat uy hayvoni, balki iqtisodiy foyda manbaiga ham aylanishi mumkin.
Dildora DO‘SMATOVA,
O‘zA