Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonda to‘siqsiz turizm infratuzilmasi rivojlantiriladi
13:53 / 2024-01-18

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “O‘zbekiston Respublikasida to‘siqsiz turizm infratuzilmasini rivojlantirish va uni rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Unga muvofiq, quyidagilar O‘zbekiston Respublikasida to‘siqsiz turizm infratuzilmasini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari etib belgilandi:

turistik industriya ob’ektlari, madaniyat tashkilotlari va madaniy meros ob’ektlari, shu jumladan muzey, teatr va joylashtirish vositalarida nogironligi bo‘lgan shaxslarning bemalol harakatlanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;

turizm sohasi sub’ektlari, shu jumladan, turoperator va turagentlar, joylashtirish vositalari egalari hamda transport xizmatlari ko‘rsatuvchi tadbirkorlik sub’ektlari, shuningdek, sayohat davomida nogironligi bo‘lgan shaxslarga hamrohlik qiluvchi fuqarolarni rag‘batlantirish;

nogironligi bo‘lgan shaxslar to‘siqsiz sayohat qilishlari uchun respublikamizda yaratilgan imkoniyatlarni keng targ‘ib qilish orqali ularning xabardorligini oshirish;

zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari imkoniyatlaridan foydalangan holda turizm industriyasi ob’ektlarida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini yanada oshirish.

Qaror bilan Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun to‘siqsiz turizm infratuzilmasini rivojlantirish va ularning sayohat qilishlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi;

2024 yilda madaniy meros ob’ektlarida to‘siqsiz turizm infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha manzilli dastur;

2024 yilda muzeylar va konsert-tomosha ob’ektlarida to‘siqsiz turizm infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha manzilli dastur tasdiqlardi.

2024 yildan boshlab:

a) madaniy meros ob’ektlarini restavratsiya qilish va tiklash uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjetidan ajratilgan mablag‘lar doirasida nogironligi bo‘lgan shaxslarning to‘siqsiz harakatlanishi uchun madaniy meros ob’ektlarida ularga shikast yetkazmagan holda pandus, plintus va liftlar hamda ko‘zi ojizlar uchun madaniy meros ob’ektlarining kichraytirilgan o‘lchamdagi maketlari o‘rnatiladi va ular to‘g‘risida Brayl alifbosidagi ma’lumotlar joylashtiriladi;

b) temir yo‘l va jamoat transportlarida hamda barcha aeroport, vokzal, avtoshohbekatlarda ularga egalik qiladigan tashkilotlarning o‘z mablag‘lari hisobidan nogironligi bo‘lgan va jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar uchun sharoitlar, maxsus ko‘tarilish panduslari va qulay zina tutqichlari o‘rnatiladi hamda kema aravachalari (nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun maxsus aravacha) qo‘yiladi;

v) har yili Davlat byudjetidan ajratilgan mablag‘lar doirasida xorijiy turizm bozorlarida mamlakat turizm salohiyatini targ‘ib qilish uchun ajratiladigan mablag‘larning 5 foizigacha bo‘lgan qismi:

respublikaning to‘siqsiz turizm salohiyatini xorijiy ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda targ‘ib qilish, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari va jurnalistlar uchun infoturlar tashkil qilish;

xalqaro va xorijiy turizm ko‘rgazmalari va yarmarkalarida mamlakatimizning to‘siqsiz turizm yo‘nalishidagi salohiyatini namoyish qilish uchun targ‘ibot va tarqatma materiallarni tayyorlash;

"Ipak yo‘lida turizm" Toshkent xalqaro turizm yarmarkasida "O‘zbekistonda to‘siqsiz turizm" ekspozitsiyasini tashkil qilish uchun yo‘naltiriladi;

g) 2027 yil 1 yanvarga qadar Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan:

Qoraqalpog‘iston Reslublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida ming nafar I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxsga O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilish xarajatlarining 50 foizi, biroq 500 ming so‘mdan oshmagan qismi;

eshitish qobiliyatini yo‘qotgan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun surdogidlar tayyorlash kurslari xarajatlarining 50 foizi qoplab beriladi.

2024 yil 1 apreldan 2026 yil 1 aprelga qadar mehmonxona xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlik sub’ektlariga tegishli chorak yakuniga ko‘ra Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga o‘tkazilgan turistik (mehmonxona) yig‘imlar summasi hisobidan subsidiya ajratiladi. Bunda, tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan mehmonxonaning kamida uchta xonasi nogironligi bo‘lgan shaxslar o‘rindiqli aravachadan foydalanishi uchun qulay tarzda jihozlanganda, shuningdek, eshitishi va ko‘rishi uchun displey hamda ovozli qurilmalar o‘rnatilganda, ushbu tadbirkorlik sub’ektlariga har bir maxsus jihozlangan xona uchun quyidagi miqdorlarda subsidiya beriladi:

yulduzli toifadagi mehmonxonalarga - 2 million so‘m;

yulduzli toifa olmagan mehmonxonalarga - 1 million so‘m.

2024 yil 1 aprelga qadar ilg‘or xorijiy tajriba asosida to‘siqsiz turizmni yanada rivojlantirish bo‘yicha tegishli standartlar ishlab chiqiladi. Bunda:

yulduzli toifaga ega mehmonxonalarda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun aravachalar, qo‘ltiqtayoqlarning mavjudligi;

mehmonxonalar, turistik bazalar va majmualar, dam olish uylari va zonalari, pansionatlar, motellar, sanatoriylar va boshqa turistik ob’ektlarda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qo‘shimcha qulayliklarning yaratilishi;

yulduzli toifaga ega mehmonxonalarning kirish qismida audio va matnli ma’lumotlarning taqdim etilishi;

boshqa turdagi qulayliklar yaratish bo‘yicha talablar joriy etiladi.

2024 yil 1 martga qadar "Ijtimoiy xizmat" elektron platformasining transport chiptalarini xarid qilish bo‘yicha onlayn platformalar bilan integratsiya qilinishini ta’minlanadi.

O‘zA