O‘zbekiston dunyoda paxta yetishtirish bo‘yicha yetakchi o‘rinlardan birini zabt etib kelmoqda.
Ko‘p yillar davomida faqat paxta tolasini eksport qilgan mamlakatimiz bugungi kunda nafaqat paxta tolasi ta’minotchisi sifatida, balki to‘qimachilik mahsulotlari, ayniqsa, tayyor mahsulotlar eksport qiluvchisi sifatida jahon to‘qimachilik bozorida o‘rin egallamoqda.
Yengil sanoat, xususan to‘qimachilik sohasiga yangi ishlab chiqarish texnologiyalarining joriy qilinishi, yuqori samarali, zamonaviy uskunalardan foydalanish va ayni paytda samarali boshqaruv soha korxonalarida mehnatning yuqori samaradorligini, sanoat ishlab chiqarishi hajmi o‘sishini ta’minlamoqda.
Aytib o‘tish kerakki, yengil sanoat O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun strategik soha bo‘lgani holda, aholi bandligining yuqori darajasini, iqtisodiy va sanoat salohiyatiga hamda davlatimizning xalqaro nufuziga hissa qo‘shilishini ta’minlamoqda.
“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, 2022 yil yanvar-fevral oylari yakuni bo‘yicha to‘qimachilik korxonalari tomonidan jami 88,4 ming tonnadan ziyod paxta tolasi qayta ishlandi.
Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 10,7 trillion so‘mga yetdi. Bu borada o‘sish sur’ati – 121 foizga ko‘tarildi. Shundan uyushmaga a’zo korxonalar tomonidan 5,8 trillion so‘mlik to‘qimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarildi.
Jumladan, 139,2 ming tonna kalava ipi (103,6 foiz), 115 million kv.m. gazlama (102,2 foiz), 34,3 ming tonna trikotaj mato (111 foiz), 68,6 million juft paypoq mahsulotlari (101.8 foiz), 345,1 million dona tikuv-trikotaj mahsulotlari (122,8 foiz) ishlab chiqarildi.
To‘qimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlari eksport hajmi 525,9 million AQSH dollarini tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 130 foiz o‘sish sur’atlari ta’minlandi.
Investitsiya dasturi doirasida 17 ta loyiha bo‘yicha 25,7 million dollar miqdorida investitsiyalar o‘zlashtirilib, shundan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi 14 million dollarni tashkil etdi.
O‘zA