O‘zbekiston Kinematografiya agentligining O‘zAga ma’lum qilishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyev Tojikistonda bo‘lib o‘tgan "O‘zbek kinosi kunlari"ni yuqori baholagan va Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmonga O‘zbekistonda "Tojik kinosi kunlari"ga tayyorgarlik boshlanganini ma’lum qilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga safari vaqtida tojik telekanallari va kinoteatrlarida Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan suratga olingan “Ilxaq”, “Xalq yuragi”, “Abdurahmon Jomiy”, “Yagona osmon ostida” filmlari namoyish etildi. Tojikistonning “Sinamo” telekanalida “Ilxaq” filmining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Tashrif davomida mamlakatning barcha yirik kinoteatrlarida ham tojik tilidagi o‘zbek filmlari namoyishlari bo‘lib o‘tadi. Ushbular joriy yilning 19-22 may kunlari Tojikiston Respublikasida o‘tkazilgan O‘zbekiston kinosi kunlari davomida kelishilgan edi, shuningdek, Kinematografiya agentligining bir qator filmlari tojikistonlik tomoshabinlar tomonidan ko‘tarinki kayfiyatda qabul qilingan edi. Shundan so‘ng, o‘zbek kinosining qo‘shni davlatdagi ixlosmandlari tomonidan filmlarni tojikchaga dublyaj qilib, taqdim etish taklifi berildi. Shu bois, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Tojikiston Respublikasiga rasmiy tashrifi arafasida O‘zbekiston Kinematografiya agentligi tomonidan Davlat buyurtmasi asosida suratga olingan ushbu filmlar qardosh xalq televideniye va kinoteatrlarida namoyish qilinishi uchun tuhfa sifatida taqdim etildi.
“Tojikfilm” davlat muassasasi bosh direktori Mahmasaid Shohiyon tuhfa qilingan ushbu filmlar ikki xalq o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni mustahkamlashga va madaniy aloqalarni rivojlantirishga xizmat qilishini bildirgan.
Aytib o‘tish joizki, Markaziy Osiyo mintaqasida kinematografiyaning taraqqiy etishida o‘zbek va tojik xalqlarining yetuk ma’rifatparvar vakillari katta hissa qo‘shishgan. E’tiborli jihati, o‘zbek va tojik kinematografiyasi rivojini bir-biridan ayro holda tasavvur qilish mumkin emas. Milliy kinomiz darg‘alari har jihatdan bir-birini qo‘llab-quvvatlab kelgan. O‘zbek kinosining atoqli ustozlaridan biri Komil Yormatov Tojikistonda, Konibodomda tug‘ilib o‘sgan bo‘lsa, tojik kinosining Boris Kimyogarov, Anvar To‘rayev, Samariddin Sa’diyev singari mashhur arboblari Samarqandda tavallud topishgan. Har ikki yurt kinematografiyasi rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan Latif Fayziyev, Tohir Sobirov, Rashid Malikov, Baqo Sodiqov singari taniqli kinorejissyorlar xizmatini ham alohida ta’kidlab o‘tish joiz. Tojikiston kinoustalari tomonidan yaratilgan “Hasan aravakash”, “Rustam va Suhrob”, “Siyovush haqida qissa”, “Temirchi Kova”, “Men bir qizni uchratdim” singari badiiy filmlar o‘zbek tomoshabinlari qalbidan chuqur joy olgan. “Shahrizodaning yangi ertaklari”, “Shahrizodaning so‘nggi kechasi” filmlarida Ulug‘bek Muzaffarov, Ubaydulla Omon, Dilorom Qambarova singari o‘zbek san’atkorlarining ijrosini ko‘rishimiz mumkin. “Tojikfilm”da Rashid Malikov suratga olgan “G‘aroyib sarguzasht” filmida o‘zbek kinosining taniqli vakillari Husan Sharipov, Bahrom Matchonov bosh rollarni ijro etishgan.

O‘z navbatida, o‘zbek filmlarida tojik aktyorlari ham yorqin obrazlarni yaratib qoldirishgan. Jumladan Tojikiston xalq artistlari – Sayram Isayeva Maysara, Nodirabegim singari obrazlari bilan o‘zbek kinomuxlislarini maftun qilgan bo‘lsa, Ato Muhammadjonov Imom al-Buxoriy siymosini to‘laqonli gavdalantira olgan.
– Tojik tiliga tarjima qilinib, dublyaj qilingan o‘zbek filmlari imzolangan memorandum bo‘yicha ilk qadamlardandir, – deydi O‘zbekiston Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov. – Ikkinchi qadam joriy yilning iyul oyida Toshkent, Namangan, Farg‘ona, Andijon shaharlarida bo‘lib o‘tadigan Tojikiston filmlari kunlaridir. Unda hamkorlikda suratga olinadigan yangi ikki filmning loyihalari taqdimoti bo‘lib o‘tadi. O‘zbekiston va Tojikiston kinematografiyasida ko‘plab umumiylik va bog‘liqliklar bor. Tarixan o‘rnatilgan uzoq yillik aloqalar mavjud. Umid qilamizki, ikki mamlakat kinoijodkorlarining hamkorligi nafaqat mazmunli kinomahsulotlar paydo bo‘lishiga va o‘zaro tajriba almashishga, balki xalqlarimiz orasidagi iliq munosabatlarning yuksalishiga hissa qo‘shadi.
Dilobar Mamatova, O‘zA