Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonda tobora rivojlanayotgan “yashil” energetika uglevodorodlar ulushini keskin qisqartirmoqda 
17:24 / 2024-08-06

Mamlakatimizda “yashil” energetika jadallik bilan rivojlanmoqda. Bu, birinchidan, ushbu manbaga shiddat bilan o‘sayotgan ehtiyojni qoplaydi. Ikkinchidan esa ishlab chiqarishda uglevodorodlar ulushini keskin qisqartiradi.

O‘zbekistonda 2021 yildan boshlab bugungi kunga qadar 10 ta “yashil” elektr stansiya – 9 ta quyosh va 1 ta shamol elektr stansiyasi (jami quvvati 2 ming 500 megavattdan ortiq) ishga tushirildi. Shu bilan birga, umumiy quvvati 2 ming 200 megavattdan ziyod bo‘lgan gidroelektr stansiyalari ham mavjud. 

Bundan 3 yil oldin O‘zbekiston elektr energetika tarmog‘ida qazib olinadigan yoqilg‘ida ishlovchi elektr stansiyalar (IES) ulushi 90 foiz atrofida bo‘lgan bo‘lsa (10 foizi GESlar), oxirgi yillarda ishga tushirilgan “yashil” elektr stansiyalar hisobiga bu ko‘rsatkich 70 foizgacha tushdi. Ya’ni, bugungi kunda ishlab chiqariladigan elektr energiyasining 25-30 foizgacha qismi “yashil” stansiyalar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. 

Tahlillarga ko‘ra, birgina 2024 yilning birinchi yarmida quyosh hamda shamol elektr stansiyalari 1 milliard 600 million kilovatt soat (o‘sish 1 mlrd. 157 mln. kVt·soat yoki 507 foiz), gidroelektr stansiyalar 4,1 milliard kilovatt soat (jami 5,7 mlrd kVt·soat) elektr energiyasi ishlab chiqardi. Buning natijasida 1 milliard 727 ming metr kub tabiiy gaz tejalishiga erishilib, atmosferaga 2 million 400 ming tonnaga yaqin zararli gazlar chiqishining oldi olindi. 

Mazkur 1 milliard 600 million kilovatt soat elektr energiyasi 1 milion 300 mingdan ortiq xonadonning 6 oylik ijtimoiy normasini tashkil qiladi. 

Taqqoslash uchun, quyosh fotoelektr stansiyalari tomonidan 2022 yilning birinchi yarim yilligida 148,3 million kilovatt soat va 2023 yilning birinchi yarim yilligida 284,3 million kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan. 

Ma’lumki, yurtimizda ko‘mir yoqilg‘isiga asoslangan ikkita elektr stansiyalari faoliyat ko‘rsatadi. 2024 yilda “yashil” stansiyalar quvvati oshirilgani hisobiga ko‘mir stansiyalar orqali ishlab chiqarish hajmi kamaytirildi. Ya’ni, 2024 yilning aprel - iyul oylari davomida ko‘mir stansiyalaridan 1 milliard 660 million kilovatt soat (400 mln. kVt·soat yoki 19,4 % kam) elektr energiya ishlab chiqarildi. 

Shuningdek, 2023 yilning aprel - iyul oylarida elektr energiyasini ishlab chiqarish uchun IESlarda 5 milliard 60 million metr kub tabiiy gaz, 86,5 ming tonna mazut, 1 million 608 ming tonna ko‘mir yoqilg‘isi ishlatilgan bo‘lsa, 2024 yilning aprel- iyul oylarida 4 milliard 760 million metr kub tabiiy gaz (300 mln. metr kub yoki 5,9% kam ), 2,5 tonna mazut (84 ming tonna yoki 97,1% kam), 1 million 162 ming tonna ko‘mir (446 ming tonna yoki 27,7% kam) yoqildi. 

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, so‘nggi yillarda yangi, zamonaviy energiya samarador issiqlik elektr stansiyalari ishga tushirilishi hisobiga ularda yoqilg‘i sarfi kamayib, ishlab chiqarish hajmi ortishiga erishilmoqda. Misol uchun, 2020 yilda issiqlik elektr stansiyalarida 60,8 milliard kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan bo‘lib, bunda shartli yoqilg‘i sarfi 333,8 gr/kVt·soatga teng bo‘lgan. 

Ishga tushirilgan zamonaviy energiya tejamkor issiqlik elektr stansiyalari hisobiga 2023 yilga kelib, ishlab chiqarish hajmi 69,6 milliard kilovatt soatga yetdi (8,8 mlrd. kVt·soat yoki 14,5 foiz ko‘p), shartli yoqilg‘i sarfi esa 307,1 gr/kVt·soatga (26,7 gr/kVt·soat yoki 8 foiz kam) teng bo‘ldi. 

Muxtasar aytganda, hozirgi kunda O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan umumiy elektr energiyasining 25-30 foiz qismi quyosh, shamol va gidroelektr stansiyalari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Zero, bu 2030 yilga qadar “yashil” energetika ulushini 40 foizga yetkazishdek ulkan rejalar oldida qisqa muddatda erishilgan katta natijadir. 

Obidjon Dilmurodov,

Energetika vazirligi axborot xizmati bosh mutaxassisi.

O‘zA