English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonda texnik jihatdan tartibga solish tizimi yangilanmoqda
18:11 / 2021-04-14

Ma’lumki,  har qanday davlatning asosiy vazifalaridan biri bu ichki bozorni sifati va xavfsizligi texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi me’yoriy hujjat talablariga javob bermaydigan mahsulotlardan himoya qilishdir.

Bunda savdodagi texnik to‘siqlarni bartaraf qilish imkonini beradigan jahon iqtisodiy tizimiga uyg‘unlashishning  muhim elementlaridan biri – texnik jihatdan tartibga solishdir.   Texnik jihatdan tartibga solish tizimi mamlakatimizda ishlab chiqariladigan milliy mahsulotlarning raqobatbardoshliligini oshirish, sanoatni zamonaviylashtirish, mahsulot va uni ishlab chiqarish jarayonlari xavfsizligini ta’minlash, davlatning tashqi iqtisodiy manfaatlarini himoya qilishning ustivor yo‘nalishlaridan hisoblanadi.  

Texnik to‘siqlarni bartaraf qilish bugungi O‘zbekiston uchun juda muhim bo‘lgan, umumiy iqtisodiy makonda uyg‘unlashtirilgan birlashmalar doirasida mahsulotlar harakati erkinligini ta’minlashning asosiy shartlaridan biridir. 

Institutsional negizlar

So‘ngi besh yilda O‘zbekistonda hukumatning qo‘llab-quvvatlashi natijasida texnik jihatdan tartibga solish tizimining institutsional asoslari yaratildi. 

2017 yilda tashkil etilgan O‘zbekiston milliy metrologiya instituti bugungi kunda xalqaro tashkilotlar BIPM (xalqaro tashkilot),  COOMET (Yevro-osiyo tashkiloti), APMP (Tinch okean mintaqasi tashkiloti), ILAC (Akkreditatsiya bo‘yicha xalqaro tashkilot) tomonidan tan olindi.   

Bundan tashqari moddiy-texnik bazani rivojlantirish (2,1 marta o‘sish – etalonlar, 10 ta yangi kalibrlash laboratoriyalari yaratilishi), “Metrologiya to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahrirda qabul qilinishi, 4 ta xalqaro ekspertlar jalb qilinib, kalibrlashning yangi uslublari bo‘yicha 35 ta mutaxassislarning tayyorlanishi hisobiga yangi metrologik infratuzilma asoslari yaratildi.   

2018 yilda tashkil etilgan Standartlashtirish institutida so‘nggi ikki yilda 14 mingdan ko‘proq standartlar xalqaro normalar bilan uyg‘unlashtirilib, 5,3 mingta ma’nan eskirgan standartlar bekor qilindi. 

Shuningdek, 2019 yildan buyon faoliyat ko‘rsatayotgan O‘zbekiston Akkreditatsiya markazi qisqa vaqt davomida – muvofiqlikni baholash idoralarini akkreditatsiya qilish Butun jahon uyushmasi IAF ning to‘laqonli va laboratoriyalarni akkreditatsiyalash bo‘yicha xalqaro tashkilot ILAC ning  muxbir a’zosi bo‘ldi. 

bugungi kunda O‘zbekistonda Akkreditatsiya tizimida 64 ta xalqaro standart qabul qilingan bo‘lsa, 32 ta malakali mutaxassislar tayyorlandi. Xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda 82 ta asos bo‘luvchi hujjatlar ishlab chiqildi. Bu esa akkreditatsiya bo‘yicha milliy idoraning xalqaro hamjamiyatda to‘laqonli faoliyat ko‘rsatishiga imkoniyat yaratdi.   

Texnik reglament va standartlar

Mahsulot sifati va xavfsizligi shu kunga qadar standartlar asosida belgilangan. Shu bilan birga mahsulotlarning xavfsizligiga yagona talablarni o‘rnatilishini ta’minlanishi xalqaro tashkilotlarga uyg‘unlashuv jarayonining kuchayishi bilan alohida dolzarblik kasb etmoqda.   

2009 yilgacha mamlakatimizda standartlashtirish tizimi amalda edi. Shu munosabat bilan islohotlarning mazkur bosqichida mahsulot xavfsizligi nazoratiga asoslangan texnik jihatdan tartibga solish tizimi normativ bazasini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar alohida ahamiyat kasb etadi.    

So‘nggi besh yil davomida xalqaro norma va standartlar negizida 36 ta texnik reglamentlar ishlab chiqilib, ularning umumiy soni 53 taga yetkazildi. Texnik reglamentlarning qabul qilinishi bilan qariyb 2 mingga yaqin standartlar ixtiyoriylikka o‘tkazildi va mahsulotlarning ushbu turlarining sifat nazorati,  ishlab chiqaruvchi va savdo tarmoqlari  tomonidan xaridorlar ehtiyojidan kelib chiqib amalga oshiriladi. 

Joriy yilda qabul qilish uchun yana 27 ta texnik reglamentlar loyihalari xalqaro (Yevropa ittifoqi, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi) hujjatlar negizida ishlab chiqildi va jamoatchilik muhokamasiga taqdim etildi. 

Sinov laboratoriyalari va menejment tizimlari

Sertifikatlashtirish va sinovlar bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchi milliy infratuzilma yaratilganligiga ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q. bugungi kunda yurtimizda 51 ta xususiy sertifikatlashtirish idoralari hamda 268 ta sinov laboratoriyalari faoliyat ko‘rsatmoqda.   

Mamlakatimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni xorij bozorlariga olib chiqish uchun sharoit yaratish maqsadida 12 ta sinov laboratoriyalari xalqaro darajada akkreditlangan. 

O‘zbekiston Respublikasida vakolatxonasi mavjud bo‘lgan 9 ta menejment tizimlarini sertifikatlashtirish idoralari xalqaro hamkorlik doirasida faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular jumlasiga SGS (Shveysariya), TUV (Germaniya), Control Union (Niderlandiya), RINA, DQS Quality Systems (Italiya), EuroCert (Gretsiya), Astraia Manajment, Sert Manegement (Slovakiya), Russkiy Registr (Rossiya)lar kiradi.  

Yurtimizning 3 ta menejment tizimlarini sertifikatlashtirish idoralari xalqaro akkreditatsiyadan muvaffaqiyatli o‘tdi (Management Certification, Central Asia Certification, Cert International). Shuni qoniqish bilan ta’kidlash kerakki, xalqaro darajada akkreditlangan o‘zbek kompaniyasi «Cert International» Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Rossiyada menejment tizimlarini sertifikatlashtirish ishlarini olib bormoqda. 

Menejment tizimlariga tegishli amaldagi barcha standartlar (ISO 9001, 14000, 22000, 45001, Global G.A.P., Sedex, BSCI, GOTS) O‘zbekistonda qabul qilingan bo‘lib, tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan joriy qilinmoqda. Natijada 10 mingta korxonada mahsulot ishlab chiqarishning to‘liq zanjiri bo‘yicha jarayonlar nazoratiga asoslangan menejment tizimlari joriy qilingan. Ularning 305 tasi oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi standartlariga, 229 ta fermer xo‘jaligi Global G.A.P. va Organic  standartiga va 63 ta korxona gazlama tarmog‘ida qo‘llaniladigan Sedex, BSCI, Oeko-Tex-100, GOTS standartlariga muvofiqlik sertifikatiga egadirlar.   

Tadbirkorlik sub’ektlari uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida xalqaro tajriba hisobga olingan holda respublikada Iqtisodiy taraqqiyot va hamkorlik Tashkilotining 37 mamlakatidan import qilinadigan xom ashyo materiallari, ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun materiallar va boshqa mahsulotlarni sertifikatlashtirish bekor qilinishi hisobiga  sertifikatlashtirishning soddalashtirilgan tartibotlari joriy qilingan.  

Qonun ijodkorligi borasidagi ishlar 

Faoliyatning u yoki bu sohasidagi har qanday islohot qonunchilikni qayta ko‘rib chiqish yoki takomillashtirishni talab qiladi. Shu bois O‘zbekiston Respublikasining texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish borasida ishlar boshlandi. Shu munosabat bilan USAID (AQSH xalqaro taraqqiyot agentligi) hamda BMT rivojlanish dasturi va xalqaro savdo markazi kabi xalqaro tashkilotlar  mutaxassislari jalb qilindi.   

Hamkorlikdagi faoliyat natijasida 2020 yilda “Metrologiya to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi, xalqaro normalar negizida ishlab chiqilgan “Standartlashtirish to‘g‘risida”gi Qonunning yangi tahriri umumxalq muhokamasiga chiqarildi va shu kunlarda qonun loyihasi xalqaro ekspertlar tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.   

Bundan tashqari xalqaro ekspertlar jalb qilingan holda texnik jihatdan tartibga solish, muvofiqlikni baholash va akkreditatsiya sohalarida O‘zbekiston Respublikasining uchta qonun hujjatlari yangi tahrirda tayyorlandi. Mazkur qonunlarning yangi tahrirlarida prinsipial yangicha yondoshuv ko‘zda tutilgan bo‘lib, asosiy urg‘u tayyor mahsulotni sertifikatlashtirish, tegishli o‘tish davrini belgilagan, tahdidlarni toifalashtirgan holda bozorni nazorat qilishning amaliy mexanizmlari nazarda tutilgan.   

Qonunlarning yangi tahriri qabul qilinishi va ularning amalga kiritilishi vakolatli organlar tashkiliy tuzilmasini xalqaro tan olingan tajriba va talablar, shu jumladan tartibga soluvchi organlar vakolatlarini JST (Jahon savdo tashkiloti) ning savdodagi texnik to‘siqlar va sanitar va fitosanitar choralar bo‘yicha kelishuvlari normalariga muvofiq  qonunchilik doirasida aniq  belgilanishiga imkon beradi. 

Texnik jihatdan tartibga solish sohasida faoliyat turlarini institutsional takomillashtirilish va muvofiqlikni baholash  organlarining akkreditatsiya sohasidagi munosabatlarini xalqaro standartlar negizida mukammallashtirilishini ta’minlaydi.    Shuningdek, mahsulot muvofiqligini tasdiqlashning amaldagi tartibotlarini JST, YeI va YeOII xalqaro normalari nuqtai-nazaridan qayta ko‘rib chiqishda ko‘maklashadi.   

Umuman olganda, texnik jihatdan tartibga solish tizimini takomillashtirish yo‘nalishida boshlangan va amalga oshirilayotgan hatti-harakatlar O‘zbekistonga jahon mahsulot va xizmatlar bozori bilan faol hamkorlik qilish va iqtisodiyotni samarali rivojlantirish imkonini beradi. 

Eng asosiysi ortiqcha ma’muriy to‘siqlarni bartaraf qilish, mahalliy mahsulotlarning raqobatbardoshliligini oshirish, sanoatni zamonaviylashtirish, ishlab chiqarish va iste’mol jarayonlari xavfsizligini ta’minlash, mamlakat tashqi iqtisodiy manfaatlarini himoya qilishga  imkoniyat yaratadi.   

Dilshod Sattarov

“O‘zstandart” agentligi Bosh direktori