O‘zbekistonda 2023 yil 1 oktyabr holatiga doimiy aholisi soni 36 million 599 ming 764 kishini tashkil etgan. Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, respublikaning doimiy aholisi soni o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda 2,2 foizga oshgan.
Mamlakat aholisi 2023 yil boshidan buyon 574,8 ming kishiga ko‘paygan. Tahlillarga ko‘ra, 2030 yilda mamlakat aholisi 41 million kishidan oshadi. Har yili mehnat bozoriga 500 mingdan ko‘proq yoshlar kirib kelishi aholining ish bilan bandlik masalasini muhim ustuvor masala qilib qo‘ymoqda.
Mamlakatimizda aholi bandligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida O‘zA muxbiri O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi Aholi bandligi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Shohrux Muhammadov bilan suhbatlashdik.
—O‘zbekistonda rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ishga layoqatli aholining taxminan 10 foizi ishsiz. Bundan tashqari, har yili mehnat bozoriga 600 mingga yaqin bitiruvchi kirib keladi. Ularning bandligini ta’minlash borasida qanday chora-tadbirlar ko‘rilmoqda?
—Joriy yilda mehnat bozoriga kirib kelgan 600 minga yaqin bitiruvchilarning 320 minga yaqini bugungi kunda band bo‘lib, jami bitiruvchiga nisbatan 53 foizni tashkil etadi, — deydi O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi Aholi bandligi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Shohrux Muhammadov. — Har yili bitiruvchilarning bandligini ta’minlash bo‘yicha, bandlik dasturlarida ishga tushayotgan loyihalar hisobiga yaratilayotgan ish o‘rinlariga birinchi navbatda mutaxassisligi bo‘yicha ishga joylashtirish choralari ko‘riladi hamda har yili tuman (shahar) hokimlarining qarorlari asosida zaxiralagan (kvota) ish o‘rinlariga bitiruvchilarni joylashtirish choralari ko‘rilmoqda. O‘tgan yili ishga muhtoj bo‘lganlarning soni 1,4 mln kishi bo‘lgan. —O‘zbekistonda qanday mutaxassisliklarga ehtiyoj bor? —O‘zbekistonda jami 288,9 mingta bo‘sh (vakant) ish o‘rinlari mavjud bo‘lib, shundan 134,5 mingtasi oliy ma’lumotli qadrlarni talab qilsa, 129,5 mingtasi o‘rta maxsus ma’lumotli kadrlar uchun mo‘ljallangan, 24,8 tasi esa ma’lumot talab etmaydigan ish o‘rinlaridir. Shuningdek, kasblar bo‘yicha o‘qituvchi 16 ming 641 ta, hisobchi 12 ming 264 ta, shifokor 11 256 ta, haydovchi 9 343 ta, hamshira 6 947 ta, tarbiyachi va tarbiyachi yordamchisi 5 002 ta, tikuvchi 4 939 ta, muhandis 3 757 ta, psixolog 1 893 ta, mexanik 1 872 ta va boshqa kasblar esa172 299 tani tashkil etadi.
—O‘zbekistonda ishsizlik sabablari: maosh kammi yoki yaxshi xodim? Ishsizlik darajasi yuqori, lekin shu bilan birga aksariyat tashkilotlar yaxshi xodim izlab yuribdi. Bunga fikringiz qanday?
—O‘zbekistonda ishsizlikning asosiy sabablaridan biri davlat tashkilotlarida xususiy sektorga nisbatan oylik maoshi kamroq. Yaxshi xodim izlab yurishlariga sabab, ko‘pchilik o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishlamayapti. Oylik maoshi yuqori tashkilotlarda ishlashga harakat qiladi, buning asosiy sababi shunda deb o‘ylayman.
—Ayting-chi bugungi kunda O‘zbekiston miqyosida qanday sohalarida kadrlar yetishmaydi?
—Hozirgi paytda sohalar kesimida vakant ish o‘rinlarini tahlil qiladigan bo‘lsak, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatishda 69 194 ta, ta’limda 49 335 ta kadr yetishmaydi. Bundan tashqari, sanoat va ishlab chiqarishda 42 933 ta, qishloq xo‘jaligida 33 404 ta, sog‘liqni saqlashda 23 781 ta kadrga ehtiyoj bor. Qolaversa, qurilishda 24 089 ta, aloqa va axborot texnologiyalarida 5 538 ta, moliya va sug‘urtada 4 866 ta, madaniyatda 3 564 ta va boshqa sohalarda 32 ming 272 ta bo‘sh ish o‘rinlari mavjud.
Joriy yilning 11 oyida tuman (shahar) Bandlik bo‘limlariga jami 620,2 ming nafar murojaat qilgan fuqarolarga bandlik xizmatlari ko‘rsatildi. Shundan 348,7 ming nafari ishga joylashtirildi, 107 ming nafari jamoat ishlariga jalb etildi. 132,8 ming nafari kasb-hunarga o‘qitildi, 31,7 ming nafariga ishsizlik nafaqasi tayinlangan.
—Bugungi kunda mamlakatimizda oliy ma’lumotli aholi orasida ham ishsizlik darajasi ko‘p uchramoqda? Joriy yilning o‘tgan davrida qancha oliy ma’lumotli aholi ishsiz?
—Hozirgi paytda yurtimizda ta’lim sohasiga katta e’tibor va imkoniyatlar yaratilganligi sababli, OTM lari soni kundan kunga ortib bormoqda. OTM muassasalarining bitiruvchilarini ishga joylashtirish va bandligini ta’minlash borasida hamkorlikda ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Joriy yilda OTM larni jami 176,2 ming nafar bitiruvchilar tamomlagan bo‘lib, shundan 94,8 ming (53,8%) nafarining bandligi ta’minlangan.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA