Xorijlik talabalar sonining muntazam o‘sishi O‘zbekiston ta’lim tizimining xalqaro raqobatda o‘z o‘rnini mustahkamlab borayotganini ko‘rsatadi. Bu esa oliy ta’lim muassasalari oldiga ta’lim sifati, xalqaro dasturlarni kengaytirish va talabalar uchun qulay akademik muhit yaratish kabi yangi vazifalarni qo‘ymoqda.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning yanvar–avgust oylarida 14 ming 216 nafar xorijiy fuqaro O‘zbekistonda ta’lim olishni boshlagan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 28,8 foiz yuqoridir. Eng ko‘p talabalar Turkmanistondan (4 603) va Hindistondan (3 477) kelgan.
Shuningdek, Tojikiston (1 392), Xitoy (710), Pokiston (700) va Janubiy Koreya (553)dan ham sezilarli miqdorda yoshlar tahsil olmoqda. Ro‘yxatda AQSH (319), Buyuk Britaniya (110) hamda Janubiy Afrika Respublikasi (98)dan kelgan talabalar borligi ham e’tiborga loyiq.
Mazkur raqamlar O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari xalqaro maydonda tobora e’tirof etilayotganidan dalolat beradi. Ma’lumki, geografik va madaniy yaqinlik sababli qo‘shni davlatlardan talabalar oqimi kuchli, Hindiston, Pokiston va Janubiy Koreya kabi mamlakatlardan ham yoshlarning O‘zbekistonda ta’lim olishga qiziqishi ortib borayotgani kuzatilmoqda.
M.Hojiakbarova, O‘zA