O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Turkiy davlatlar bilan turizm sohasidagi hamkorlikni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar bilan sayyohlik sohasidagi aloqalar yanada mustahkamlanadi.
Buning uchun ziyorat va madaniy meros ob’ektlariga turlar va yangi sayohat marshrutlari ishlab chiqiladi.
Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz, Marg‘ilon, Qo‘qon, Termiz va boshqa tarixiy shaharlarda buyuk allomalarning ilmiy va madaniy merosi to‘g‘risida seminar, simpozium, konferensiya, ilmiy-amaliy anjumanlar o‘tkazish hamda ilmiy-ommabop nashrlarda materiallar e’lon qilish orqali sayyohlarni jalb qilish, shuningdek, Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar bilan hamkorlikda ilmiy-tahliliy materiallar, badiiy, teatr va kino asarlari, videoroliklar, kitoblar, tarqatma materiallar va boshqa ko‘rinishdagi targ‘ibot materiallari tayyorlanadi va Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida “Tabarruk ziyorat” brendi yaratiladi.
Qarorga ko‘ra, Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo va kuzatuvchi davlatlar, shuningdek, turkiy xalqlar diasporalari keng tarqalgan boshqa mamlakatlardan sayyohlar mamlakatimizga jalb qilinadi.
Tashkil etiladigan turli tadbirlar va loyihalar orqali turkiy xalqlar yosh avlod vakillarining o‘zaro madaniy yaqinlashuviga erishish, ularda milliy urf-odatlar va ajdodlarga hurmat kabi yuksak qadriyatlar shakllanadi.
Turizm va madaniy meros vazirligi 2022 yil 1 oktyabrga qadar Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar tillarida yaratiluvchi “Tabarruk ziyorat” turizm platformasi tashkil qilinadi. Platforma Turkiy davlatlar tashkilotining rasmiy veb-sayti sahifasi bilan integratsiya qilib boriladi.
O‘zA