Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonda suv tanqisligini yumshatish uchun qanday choralar ko‘rilayapti?
13:52 / 2025-11-06

So‘nggi yillarda iqlim o‘zgarishi ta’siri, qurg‘oqchilik, transchegaraviy suv resurslaridan foydalanish kabi masalalar butun dunyoda dolzarb tus olmoqda. O‘zbekistonda ham suv resurslaridan samarali foydalanish, irrigatsiya tizimlarini modernizatsiya qilish, suv tejamkor texnologiyalarni joriy etish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan.

Suv xo‘jaligi vazirligining Irrigatsiya tizimlari va yirik gidrotexnik inshootlardan foydalanish boshqarmasi bosh mutaxassisi Rashid Toshev bilan shu mavzuda suhbatlashdik.

– Bugungi kunda O‘zbekistonda suv tanqisligi qay darajada va uning asosiy sabablari nimada? 

– Mamlakatimiz hududida ishlatiladigan suvning asosiy qismi qo‘shni davlatlarda shakllanib, oqib keladi. Yillik yog‘ingarchilik miqdoriga qarab suvning 15-20 foizi yurtimiz hududida hosil bo‘ladi, xolos. Afsuski, so‘nggi yillarda mintaqada yog‘ingarchilik kam bo‘layotgani sababli yirik daryolar havzalarida, kichik daryo va soylarda suv sarfi kamayib borayotir. Buni respublikamizda ilgari ishlatilgan yillik 60-64 milliard kub metr o‘rniga suv ta’minoti 51 - 53 milliard kub metrgacha qisqarganidan ham anglash qiyin emas. Mutaxassislarning fikricha, O‘zbekistonda suv tanqisligi 2030 yilga borib 15 milliard kub metrni tashkil qilishi mumkin.

–Yaqin yillarda suv resurslari keskin kamayishi prognoz qilinayotgan ekan, hukumat bu borada qanday choralar ko‘ryapti?

–Darhaqiqat, iqlim o‘zgarishi oqibatida suv manbalari yil sayin kamayib, aholi soni va suvga talab ortib bormoqda. Kutilayotgan suv tanqisligini yumshatish uchun O‘zbekiston Respublikasida suv xo‘jaligini rivojlantirishning 2020–2030 yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasi qabul qilingan. «O‘zbekiston — 2030» strategiyasida suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha ulkan maqsadlar belgilangan. Bu boradagi vazifalarni izchil amalga oshirish hamda asosiy maqsadli ko‘rsatkichlarga erishishni ta’minlash maqsadida 2025 yil 15 avgustda O‘zbekiston Respublikasida suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirishning 2025-2028 yillarga mo‘ljallangan dasturi tasdiqlandi. 

Raqamlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, suv resurslaridan samarali foydalanish, kanallarni betonlashtirish hamda sohada raqamli va resurs tejamkor texnologiyalarni joriy etish hisobiga 2023 – 2025 yillar davomida 25 milliard kub metr suv iqtisod qilindi.

 Xususan, suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish va yerlarni lazerli tekislash hisobiga 7,3 milliard m3, irrigatsiya tarmoqlarini betonlashtirish hisobiga 7 milliard m3, sohada raqamli texnologiyalarni joriy etish hisobiga 1,8 milliard m3, agrotexnik tadbirlar hisobidan 8,8 milliard m3 suv iqtisod qilinishiga erishildi.

Nasos stansiyalariga energo tejamkor texnologiyalarni o‘rnatish hisobiga 2024 yilda 6,5 milliard kVt/soat elektr energiya sarflanib, 300 million kVt/soat elektr iqtisod qilindi, 2023 yilda ushbu ko‘rsatkich 6,8 milliard kVt/soatni tashkil etgan.

 Sohada raqamli texnologiyalar joriy etilishi qanday natija berdi?

– Prezidentimiz ta’kidlaganidek, suv xo‘jaligi sohasida keskin o‘zgarish qilishning birdan-bir yo‘li – raqamlashtirish. Bu orqali shaffoflik, aniqlik ta’minlanadi, korrupsiyaning oldi olinadi. 

“O‘zbekiston-2030” strategiyasi va suv xo‘jaligini rivojlantirish konsepsiyasida belgilangan ko‘rsatkichlardan kelib chiqib, oxirgi to‘rt yilda onlayn rejimda 13 ming 254 ta suv ombori va irrigatsiya tizimlarining suv o‘lchash postlarida suv resurslarini kuzatib borish imkonini beruvchi “Aqlli suv”, 10 ming 983 ta meliorativ kuzatuv qudug‘ida sizot suvlari ko‘rsatkichlari va yerlarning minerallashganlik darajasini nazorat qiluvchi “DIVER”, 1 ming 749 ta nasos stansiyalarida suv sarfini monitoring qilish qurilmalari o‘rnatildi.100 ta yirik suv xo‘jaligi ob’ektining boshqaruvi avtomatlashtirildi.

Vazirlik huzurida Vaziyatlar markazi tashkil etildi. “Uzinfocom” bilan hamkorlikda sohada mavjud barcha axborot tizimlari ma’lumotlarini yig‘ish, umumlashtirish va tahlil qilish imkonini beruvchi “Raqamli suv xo‘jaligi” yagona platformasi ishlab chiqildi. Suvni iqtisod qilishda sohaning raqamlashtirilayotgani munosib ulush qo‘shmoqda.

– Suvdan tejamkor foydalanish texnologiyalarini joriy etish jarayoni qanday samara bermoqda?

– Joriy yilning 1 oktyabriga qadar respublika bo‘yicha jami 2,6 million gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalar joriy qilindi. 

2017 yilgacha suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan maydonlarning umumiy ko‘rsatkichi 28 ming gektarни yoki sug‘oriladigan maydonlarga nisbatan 1 фоизни tashkil etgan.

Jumladan, 2017-2025 yillar davomida 664,3 ming gektarda tomchilatib, 121,3 ming gektarda yomg‘irlatib, 73 ming gektarda diskret va 106,4 ming gektarda boshqa turdagi sug‘orish texnologiyalari joriy qilindi hamda 1,6 million gektar yerlar lazer uskunasi yordamida tekislandi.

Yaqin-yaqingacha tomchilatib sug‘orish texnologiyasi O‘zbekiston sharoitiga to‘g‘ri kelmaydi, bizning issiq iqlimga ariqlardan an’anaviy usulda sug‘orish mos, degan noto‘g‘ri qarash bor edi. 

O‘zbekistonda 4,3 million gektar sug‘oriladigan yer maydoni bo‘lsa, shuning qariyb 60 foizi oxirgi besh-olti yillik harakatlar natijasida suvni tejaydigan texnologiyalar bilan qamrab olindi.  Nimaning evaziga? Davlat tomonidan berilayotgan imtiyozlar, subsidiyalar va rag‘bat hisobiga. 

2018 yildan buyon suv tejovchi texnologiyalarni joriy etganlarni rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Prezidetning 7 ta farmon va qarorlari qabul qilindi. Bu hujjatlar bilan subsidiyalar ajratish yildan yilga takomillashtirildi. 

Ilgari suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarining uskunalari va butlovchi qismlari chet davlatlardan keltirilgan. 2019 yilda mamlakatimizda suv tejovchi texnologiyalar bilan shug‘ullanadigan ikki yo uchta korxona bor edi. Hozirga kelib bunday korxonalar soni 60 tadan oshdi. Ishlab chiqarish mahalliylashtirilishi hisobiga bir gektar uchun mahsulot tannarxi 20 foizgacha arzonlashishi bilan birga, joylarda servis xizmati va savdo shoxobchalari yo‘lga qo‘yildi. 

Oldimizga 2030 yilgacha sug‘oriladigan ekin maydonlarini suv tejovchi texnologiyalar bilan to‘liq qamrab olish vazifasi qo‘yilgan. 

– Irrigatsiya-melioratsiya tarmoqlarini qurish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha qanday ishlar qilinmoqda? 

– 2023 – 2025 yillarda investitsiya dasturi doirasida 1 ming 504 km kanallar hamda 165 km lotok tarmoqlarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari bajarildi. Xorijiy investitsiyalar hisobidan 2 ta loyiha doirasida 21 km kanallarni betonlashtirish ishlari amalga oshirilgan.

“Suv yetkazib berish xizmati” DM hisobidan 5 ming km kanal tarmoqlari betonlashtirilgan. Klaster va fermer xo‘jaliklari tomonidan 19,4 ming km ichki tarmoqlar betonlashtirildi.

“Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida 864 ta ob’ekt bo‘yicha 1921,5 km sug‘orish tarmog‘i betonlandi, 188,5 km lotok tarmog‘i, 366 km quvur, 825 ta sug‘orish quduqlari qurildi hamda 417 ta nasos agregati o‘rnatildi.

Shuningdek, melioratsiya ob’ektlarida 649 km ochiq kollektor hamda 355 km yopiq-yotiq drenajlar qurildi va rekonstruksiya qilindi. Suv xo‘jaligi ob’ektlarining samaradorligini ta’minlashda 2023 – 2025 yillarda 17 ming 760 km kanallar tozalanib, 16 ming 15 dona gidrotexnik inshootlar va 15 ming 970 dona gidropostlar ta’mirlandi.

Suv xo‘jaligiga davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida xususiy sektorlarni jalb qilish maqsadida 2023 – 2025 yillar davomida 1 ming 708 ta loyiha davlat-xususiy sheriklikka berildi. 

 2024 yilda 160 ta tumanda “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasalari tashkil etilib, xo‘jaliklararo va ichki sug‘orish tarmoqlari faoliyat samaradorligini oshirish maqsadida 160 ta ekskavatorlar xarid qilinib, 9 ming 473 nafar malakali mutaxassis ishga qabul qilindi.

 Xorijiy investitsiyalar hisobidan 2023 – 2025 yillar davomida 96,6 km kanallar qayta ta’mirlandi, 251 ta tik quduq qurildi, 18 ta nasos stansiya modernizatsiya qilindi, 205 ta aklli suv qurilmalari, namunaviy 10 ta quyosh panellari o‘rnatildi. 

– Nasoslarga quyosh panellari o‘rnatish orqali elektr energiyasini iqtisod qilish mumkin. Mana shu imkoniyatdan qanday foydalanilmoqda? 

– Prezidentimizning joriy yil 1-2 may kunlari Xorazm viloyatiga tashrifi chog‘ida xorazmlik fermerning nasos agregatini quyosh panellari orqali ishlatish tajribasi yuqori baholandi. Respublika bo‘yicha fermer xo‘jaliklari hisobidagi 7 ming 500 ta nasos agregatlariga ushbu tajribani joriy etish vazifasi belgilandi.

Suv tejovchi texnologiyadan foydalanilmagan paytda quyosh paneli orqali ishlab chiqarilgan elektr energiyasi tarmoqqa uzatiladi. Endi fermerlar uchun quyosh panellari xarajat emas, daromad manbaiga aylanadi.

Xorazm tajribasi” asosida 9 ming 559 ta sub’ektning 10 ming 475 ta nasos agregatidan 7 ming 497 tasiga quyosh panellarini o‘rnatish bo‘yicha hududlar kesimida dastur ishlab chiqildi. Buning uchun Agrobank tomonidan 1 trillion 420 milliard so‘m tijorat krediti mablag‘lari yo‘naltirilib, shundan 881 milliard so‘mi o‘zlashtirildi.

Bugungi kunda 204 MVt quvvatdagi 5 ming 103 ta, shundan, bank krediti hisobidan 3 ming 205 ta hamda o‘z mablag‘i hisobidan 1 ming 898 ta nasos agregatlariga quyosh panellari o‘rnatildi.

– Qishloq xo‘jaligida suv tejash madaniyatini shakllantirish bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

– Prezidentimizning 2024 yil 5 yanvardagi “Quyi bo‘g‘inda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan tumanlarda “Suv yetkazib berish xizmatlari” davlat muassasalari tashkil qilindi. Shuningdek, dehqon va fermer xo‘jaliklarining yer maydonlarini suv bilan ta’minlash maqsadida manbaning suvlilik darajasidan kelib chiqib, xalq deputatlari tuman kengashlaridan suv olish limitlarini tasdiqlatish bo‘yicha yangi mexanizm yo‘lga qo‘yildi.

Bundan tashqari, Soliq kodeksiga suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalari joriy qilinganda hamda sug‘orish uchun olingan suv hajmi suv o‘lchash uskunalari asosida aniqlanganda suv solig‘i stavkasiga 0,5 kamaytiruvchi koeffitsiyent qo‘llanilishi, suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalari joriy qilinganda yoki sug‘orish uchun olingan suv hajmi suv o‘lchash uskunalari asosida aniqlanganda suv solig‘i stavkasiga 0,7 kamaytiruvchi koeffitsiyent qo‘llanilishi, suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalari joriy qilinmaganda hamda sug‘orish uchun olingan suv hajmi suv o‘lchash uskunalari asosida aniqlanmaganda suv solig‘i stavkasiga 1,1 oshiruvchi koeffitsiyent qo‘llanilishi belgilandi.

– Qo‘shni davlatlar bilan transchegaraviy suv resurslarini boshqarish borasida qanday hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan?

– Markaziy Osiyoning umumiy suv zaxiralaridan oqilona foydalanish mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash, taraqqiyotga erishishning muhim omillaridan biri sanaladi. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bu masalalar yechimiga alohida e’tibor qaratib, tashqi va ichki siyosatimizda o‘ta muhim tashabbuslarni ilgari surmoqda. Qo‘shni davlatlar bilan yo‘lga qo‘yilgan o‘zaro do‘stona va ishonchli aloqalar Markaziy Osiyo mintaqasidagi transchegaraviy suv resurslaridan hamkorlikda foydalanishga mustahkam zamin yaratdi. Transchegaraviy suv resurslaridan birgalikda foydalanish bo‘yicha yig‘ilib qolgan ko‘p yillik muammolarga yechim topildi. 

Qo‘shni davlatlar bilan suv resurslarini integrallashgan holda boshqarish, transchegaraviy suv resurslari va davlatlararo suv xo‘jaligi ob’ektlaridan birgalikda foydalanish masalalarida faol ikki hamda ko‘p tomonlama manfaatli hamkorlik davom ettirilyapti. Xususan, bu boradi o‘tgan va joriy yillarda bir nechta uchrashuvlar o‘tkazilib, muhim kelishuvlarga erishildi.

Davlatlararo suv xo‘jaligini muvofiqlashtirish komissiyasining yig‘ilishlarida Amudaryo va Sirdaryo havzalarida vegetatsiya va kuzgi-qishki mavsum uchun suv olish limitlari taqsimoti, shuningdek, mintaqada transchegaraviy suv resurslaridan foydalanish hamda suv xo‘jaligidagi dolzarb masalalar muhokama qilinmoqda.

2024–2025 yillarda O‘zbekiston Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston va Turkmaniston bilan ikki tomonlama qo‘shma ishchi guruhlar yig‘ilishlarida mintaqadagi mavjud transchegaraviy suv resurslaridan oqilona foydalanish hamda suv xo‘jaligi ob’ektlarini ishlatish, ularni avtomatlashtirish kabi masalalarda bir qator muhim kelishuvlarga erishildi. 

Shahnoza Mamaturopova,

O‘zA