O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligining to‘qson foizdan ortig‘i sug‘orishga bog‘liq. Keyingi yillarda iqlim o‘zgarishi va tabiiy muzliklarning tez erishi sababli suv tanqisligi kuchaymoqda. Ayniqsa, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm va Qashqadaryo viloyatlarida suv resurslari yetishmovchiligi qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi va aholi turmushiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti – FAO mutaxassislari ta’kidlashicha, sun’iy muzlik texnologiyasi O‘zbekiston sharoitida iqlim barqarorligini mustahkamlash va suv resurslarini samarali boshqarishda istiqbolli yechimlardan biri bo‘lishi mumkin.
Shu maqsadda BMT FAO vakillaridan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi Qirg‘iz Respublikasi Batken viloyatiga uch kunlik o‘quv safarini amalga oshirdi.
Ushbu tashrif “O‘zbekistonda oziq-ovqat tizimlarining yerdan foydalanish va qayta tiklashga ta’sirini baholash dasturi” loyihasi doirasida tashkil etilgan. Asosiy maqsad mavsumiy suv tanqisligiga qarshi kurashishda innovatsion sun’iy muzlik texnologiyalarini o‘rganishdan iborat.
Sun’iy muzlik – bu tog‘li hududlarda qish mavsumida suvni muz shaklida saqlab, bahor va yoz oylarida asta-sekin eritib chiqaradigan, tabiatga mos va innovatsion suv tejovchi texnologiyadir.

– Sun’iy muzlik texnologiyasi bo‘yicha FAO delegatsiyasi faqat Qirg‘iz Respublikasi tajribasi bilan cheklanmay, Hindiston, Pokiston va boshqa davlatlarda ham qo‘llanilayotgan ilg‘or yondashuvlar bilan tanishmoqda, – dedi loyiha koordinatori Aziz Nurbekov. – Jumladan, Hindistonning Ladakh mintaqasida “Ice Stupa” deb ataluvchi sun’iy muzliklar orqali qishloq xo‘jaligida bahorgi sug‘orish suvi manbalari yaratilmoqda. Pokistonda ham shunga o‘xshash texnologiyalar yordamida suv tanqisligi sharoitida daryo suvidan muzlik shaklida zaxira yaratilib, undan bosqichma-bosqich foydalanilmoqda. Ushbu xalqaro tajribalar Qirg‘izistondagi amaliyot bilan birgalikda O‘zbekiston tog‘li hudularida yashaydigan aholi urf-odatlaridan va mahalliy sharoitdagi talablardan kelib chiqqan holda sun’iy muzliklardan samarali foydalanish istiqbolini ko‘rsatadi.
Delegatsiyaga sun’iy muzlik texnologiyalarini FAOning Qirg‘izistondagi Milliy loyiha menejeri va suv tejovchi texnologiyalar bo‘yicha ekspert Matraim Jusupov tanishtirdi. U nazariy mashg‘ulotlar hamda dala tashriflari davomida tizimning amaliy jihatlarini tushuntirib berdi.
Batkendagi tajriba shuni ko‘rsatdiki, mahalliy hamjamiyatlar oddiy, arzon va innovatsion texnologiyalarni o‘zlashtirish orqali suv ta’minotini yaxshilash va o‘z turmush sharoitlarini barqarorlashtirishga erisha oladi. Bu tajriba aholining infratuzilmaviy muammolarni hal qilishda bevosita ishtirok etishiga zamin yaratdi. Batkendagi yondashuv O‘zbekistondagi shunga o‘xshash iqlimiy va ijtimoiy sharoitlarda ham muvaffaqiyatli tatbiq etilishi mumkin bo‘lgan model sifatida qaralmoqda.
Tashrif yakunida O‘zbekiston sharoitida texnik-iqtisodiy asoslash va gidrologik tadqiqotlar o‘tkazish, mutaxassislar va fermerlar uchun trening va o‘quv safarlarini tashkil etish, raqamli monitoring tizimlarini joriy etish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Behruz XUDOYBERDIEV, O‘zA