Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonda suv sarfi tejaladigan maydonlar 1 million gektardan oshdi
17:56 / 2023-05-30

Ekspertlarning fikricha, yaqin 20 yil ichida suv resurslari keskin kamayishi natijasida mamlakatimizda suv tanqisligi besh barobargacha oshadi. O‘zbekiston suv tanqisligi bo‘yicha qizil hududlar qatoriga kiradi. Meva yetishtirish yaqin yillarda suv tanqisligi tufayli jiddiy cheklanadi.

Suv xo‘jaligi vazirligining ma’lum qilishicha, 2030 yilga borib, O‘zbekistonda 7 milliard kub metr suv tanqisligi kuzatilishi va oqibatda mamlakat dunyodagi suv tanqis bo‘lgan 33  davlat qatoriga tushib qolishi ehtimoldan yiroq emas. Bunday sharoitda Amudaryo va Sirdaryo havzalari quyi oqimida joylashgan hududlardagi eng ko‘p suv sarflanadigan qishloq xo‘jaligi tarmog‘i katta zarar ko‘radi. Shu sababli, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Jizzax, Sirdaryo va Xorazm viloyatlarida suvni ko‘p talab qiluvchi ekinlarni bosqichma-bosqich suvni kam talab qiladigan ekinlarga almashtirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish maqsadga muvofiq.  

Suv taqchilligi nafaqat mamlakatimizda, balki butun dunyoda ortib borayapti. Markaziy Osiyo ham yaqin o‘n yillikda suvsizlik muammosi bilan yuzlashadi. Iqlim o‘zgarishi, suv resurslaridan samarasiz foydalanish, dehqonchilik yerlarining kengayishi va boshqa omillar natijasida suv resurslari uchun kurash Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida turli nizolarni keltirib chiqarishi mumkin.  

Boshqa manbalarda esa Markaziy Osiyoning baland tog‘li hududlaridagi muzliklarning katta qismi asr oxiriga kelib erishi mumkinligi bashorat qilinmoqda. Olimlarning bunday xulosaga kelishiga muzliklar maydoni har yili bir foizga qisqarayotgani sabab sifatida ko‘rsatilgan.  

Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi: 20-30 yildan keyin mintaqamizda ana shunday jiddiy muammo kuzatiladimi?  

Albatta, dunyo olimlarining prognozlari bugungi kundagi yog‘inlar miqdori, tabiiy muzliklar hajmining o‘zgarib borish dinamikasi, mavjud ekologik holat va suv iste’moli asosida hisob-kitob qilingan. Demak, mintaqa, umuman olganda esa, dunyo mamlakatlari ayni paytdan boshlab vaziyatni o‘nglash, ya’ni atmosferaga zararni kamaytirish orqali ekologiya barqarorligiga erishish, suvdan tejamkorlik bilan foydalanish choralarini ko‘rmasa, bu prognozlar ma’lum ma’noda o‘zini oqlashi mantiqan to‘g‘ri bo‘ladi.  

Bu kabi muammolarning oldini olish uchun zudlik bilan sug‘orish tizimini o‘zgartirish, modernizatsiya qilish kerak. Oqizib sug‘orish usulidan voz kechish va tomchilab, sochma sug‘orish tizimlariga o‘tish zarur. Bu usullar orqali suvni bir necha barobar kam sarf qilib, hosildorlikni oshirishga erishiladi. Bu amalda isbotlangan va rivojlangan davlatlar aynan shu usullardan foydalanib kelmoqda.  

Bugungi kunda ko‘plab xorijiy davlatlar qishloq xo‘jaligida suv taqchilligi muammosiga suv tejovchi texnologiyalar orqali yechim topgan. Xususan, tomchilatib sug‘orish sohasida Isroil yetakchilik qiladi. Ushbu mamlakatda 75-80 foiz ekin maydonlari tomchilatib sug‘orilmoqda. Shuningdek, Xitoyda 5 million, Hindistonda 2 million gektardan ziyod maydonlarga suv tejovchi texnologiyalar o‘rnatilgan. Amerika va Yevropaning qator davlatlarida ham tejamkor sug‘orish usuliga asoslangan ekin maydonlari hajmi ortib bormoqda.  

O‘zbekistonda ham bu tizim ommalashmoqda. Bugungi kunda mamlakatimizda ham suvdan oqilona foydalanish, sohaga tejamkor texnologiyalarga asoslangan loyihalarni izchillik bilan joriy etish ustuvor masalaga aylandi.  

Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan jurnalistlar uchun Toshkent viloyati Parkent tumaniga press-tur tashkil etildi. Unda bu borada amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.  

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 18 aprel kuni suv xo‘jaligida va farmatsevtika sanoatida amalga oshirilayotgan loyihalar hamda kelgusi vazifalar muhokamasi yuzasidan yig‘ilishda suv tanqisligi muammolari xususida to‘xtalib o‘tgan edi. Qayd etilishicha, mintaqamizda suv tanqis bo‘lgan bir sharoitda,  yiliga 1 milliard kub metr sel suvlari behuda oqib ketayapti.  

Davlatimiz rahbari sel suvlarini kichik manbalarda jamg‘arish mumkinligini, bu borada tashabbuskorlarni qo‘llab-quvvatlash zarurligini ta’kidladi. Bunday loyihalar uchun 100 million dollar jalb qilinadigan bo‘ldi. Ularning hisobiga suv chiqqan maydonlar tadbirkorlarning o‘zlariga uzoq muddatga erkin foydalanish uchun beriladi.

Hozirgi kunda 450 ming gektar yoki sug‘oriladigan maydonlarning 15 foizi lazerli texnologiyada tekislangan. Agar bunday yerlar 2 baravar ko‘paytirilsa, yana 900 million kub metr suv tejaladi, qo‘shimcha 200 ming gektarda suv ta’minoti yaxshilanadi. Shuning uchun joriy yilda mingta lazerli tekislagich olib kelinishi, klasterlar tomonidan fermerlarga lazerli tekislash xizmatlari yo‘lga qo‘yilishi belgilandi.

So‘nggi yillarda 400 ming gektarda tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyalari joriy qilingan. Bu yil yana 80 ming gektar maydonda ishlar boshlangan. Bunday texnologiyalarni yanada rag‘batlantirish maqsadida, shu yil 1 aprelda imzolangan qarorga muvofiq, donli ekinlar va sabzavot yetishtirishda suv tejovchi tizim joriy qilingan har bir gektar uchun subsidiya miqdori hozirgi 1 million so‘mdan 8 million so‘mga oshirildi. Bank kredit stavkasi fermerlar uchun 17 foiz etib belgilandi. Bu imkoniyatlarni mirishkorlarga yetkazib, moliyaviy rag‘batlantirish muhimligi qayd etildi.

Mamlakatimiz agrar sektorida suv tejovchi texnologiyalarni qo‘llash nafaqat suvni sezilarli darajada tejashi, balki hosildorlikni oshirishi, sarf-xarajatlarni keskin kamaytirishi bilan ahamiyatli bo‘lmoqda. Ekinlarni zamonaviy yondashuvlar – tomchilatib, yomg‘irlatib, umuman olganda, suv tejovchi texnologiyalar yordamida sug‘orishning samarali jihatlari haqida quyiroqda fermerlarimiz qo‘lga kiritayotgan aniq natijalar misolida to‘xtalib o‘tamiz.

Gap suv sarfini tejash, uning har tomchisidan samarali foydalanish to‘g‘risida borar ekan, bu borada Prezidentimizning 2022 yil 1 martdagi “Qishloq xo‘jaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga alohida to‘xtalib o‘tish joiz.  

Negaki, ushbu qarorga asosan 2022 yilda respublika bo‘yicha 89,8 ming gektarda tomchilatib, 16,2 ming gektarda yomg‘irlatib, 5,7 ming gektarda diskret, 72,9 ming gektar maydonda egiluvchan quvurlar orqali va 36 ming gektar maydonda egatga plyonka to‘shab sug‘orish tizimlari joriy qilindi. Qariyb 243 ming gektar ekin maydoni lazer uskunasi yordamida tekislandi. Natijada suv sarfi tejaladigan maydonlar 1 million gektardan oshib, qishloq xo‘jaligi umumiy ekin maydonining 25 foizi qamrab olindi.

Suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarga subsidiyalar berish tizimi takomillashtirilib, “Agro-subsidiya” yagona axborot tizimi ishga tushirildi va bugungi kunda klaster va fermer xo‘jaliklariga subsidiya ushbu tizim orqali onlayn tarzda ajratib berilmoqda.

Ayni vaqtda mamlakatimizda suv tejovchi texnologiyalar turlaridan tomchilatib sug‘orish, yomg‘irlatib sug‘orish, diskret (pulsar) sug‘orish, lazerli moslama yordamida tekislangan yerlarni sug‘orish tizimidan keng foydalanilmoqda.

Press-tur davomida dastlab Toshkent viloyati Parkent tumanidagi “Agro star expo” MCHJ kichik klaster faoliyati bilan tanishdik.

– “Agro star expo” MCHJ kichik klasterida gilos, uzum, nok, olma kabi mevalar yetishtiriladi. 110 gektar yer maydoniga suv tejamkor innovatsion texnologiyalar joriy etilgan, – deydi “Agro star expo” MCHJ kichik klaster  agronomi Jo‘rabek Po‘latov. – Bog‘larimizga tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilganmiz. Tomchilatib sug‘orishning afzalligi, eng avvalo, suv resurslarini iqtisod qiladi. Bunga sug‘orish rejimining o‘ziga xosligi, bug‘lanishning pastligi, obihayotning behuda oqib ketmasligi tufayli erishiladi, albatta. Buning natijasida ekin turiga qarab, 20 foizdan 80 foizgacha suv tejaladi. Eng muhimi, tomchilatib sug‘orilganda tuproq qotmaydi. Natijada qo‘l mehnatiga, kultivatsiya qilishga ham hojat qolmaydi. Mineral o‘g‘itning eritilgan holda berilishi evaziga esa uning samaradorligi bir necha barobarga ortib, 50 foizgacha iqtisod qilishga erishiladi hamda o‘simlik ozuqa moddalar bilan yaxshi to‘yinadi.

Ushbu usulda sug‘orishning asosiy samarasi shundan iboratki, suv o‘simlikning faqat ildiziga boradi. Suv va o‘g‘itlar berish tartibini boshqarish o‘simliklarning o‘sishini tezlashtirish yoki sekinlashtirish imkonini beradi. Egatlab sug‘orish jarayonida infiltratsiya va bug‘lanish sababli ko‘p suv isrof bo‘ladi. Tomchilatib sug‘orish bu mukammal sug‘orish texnikasi bo‘lib, u qo‘llanilayotganda suv bilan birgalikda, zaruriy o‘g‘itlar sug‘orilayotgan ekinning ildiz qismiga uzatib beriladi. Mevali daraxtlar  va sabzavot ekinlarining hosildorligi 50 foizgacha oshadi. Gektaridan o‘rtacha 25-30 foizgacha mineral o‘g‘itlar tejab qolinadi. 30-35 foizgacha yonilg‘i va moylash materiallari va mexanizatsiya resurslari ham tejaladi. Har bir gektardan  40-60 foizgacha suv 200-300 ming so‘mlik ishchi kuchi iqtisod qilinadi.

Bugungi kunda bu kichik klasterda yetishtirilgan giloslarni Rossiya, Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiya, Germaniya davlatlariga eksport qilish bo‘yicha shartnomalar imzolangan.

– Suv resurslarisiz qishloq xo‘jaligi rivojlana olmaydi. Ilgari tumanimizda 9 ming 600 gektar suvsiz yerlarning 6 ming gektardan ortig‘iga g‘alla ekilar edi, – deydi Toshkent viloyati Parkent tumani fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi rahbari Faxriddin Ruhiddinov. – Yog‘ingarchilik ko‘p bo‘lgan yillarda g‘alladan o‘rtacha 15 sentner, yog‘ingarchilik bo‘lmagan yillari 5-6 sentner hosil olar edik. Tumanimizda 2016 yilda 6 ming gektardan ortiq uzumzor bo‘lgan bo‘lsa, hozirgi kunda 12 ming gektar uzumzorimiz bor. 

Tumanda hozirgacha 600 gektar yer maydoniga suv tejovchi texnologiyalar joriy etilgan.  

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA