Prezidentimizning joriy yil 20 oktyabrda “Seysmik xavfsizlikni ta’minlash hamda seysmologiya sohasidagi ishlar samaradorligini yanada oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
Hujjatga muvofiq, mamlakatda seysmik xavfsizlikni ta’minlash sohasida ilg‘or texnologiyalar, jumladan sun’iy intellekt imkoniyatlaridan keng foydalanish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
2026 yil 1 yanvardan boshlab «A-373» va «M-39» avtomobil yo‘llari hamda ularga tutash tog‘li hududlardan o‘tgan temiryo‘llarda ko‘chki xavfi yuqori bo‘lgan hududlarning doimiy radiolokatsion kosmik monitoringi tashkil etiladi.
Sun’iy intellekt yordamida seysmik xavfi yuqori hududlarda kuchli zilzilalarni o‘rta va uzoq muddatli prognoz qilish amaliyoti joriy etiladi.
Dastlabki bosqichda mazkur tajriba Toshkent shahri misolida amalga oshiriladi.
Shuningdek, 2026 yil 1 martdan boshlab bino va inshootlarning zilzilabardoshlik bo‘yicha texnik holati ham sun’iy intellekt yordamida tahlil qilinadi.
Ushbu chora-tadbirlar mamlakatda seysmik xavfsizlik tizimini yangi bosqichga ko‘tarish, aholi va infratuzilmalarni ehtimoliy tabiiy ofatlardan samarali muhofaza qilishga xizmat qiladi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA