Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonda sun’iy intellekt texnologiyalari yanada rivojlantiriladi
10:21 / 2025-10-27

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Sun’iy intellekt texnologiyalarini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

Unga muvofiq, sun’iy intellekt texnologiyalarini 2030 yilga qadar rivojlantirish strategiyasiga muvofiq mamlakatimizda zamonaviy texnologiyalarning jadal rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, sun’iy intellektni keng joriy qilish uchun yanada qulay sharoitlar yaratish, ushbu yo‘nalishga qo‘shimcha investitsiyalarni jalb qilish hamda malakali mutaxassislarni tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish maqsadida: 

a) 2026 yil yakuniga qadar davlat boshqaruvi organlari, ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarida sun’iy intellekt texnologiyalarini keng joriy qilish bo‘yicha kamida 100 ta loyihani amalga oshirish; 

b) 2030 yil yakuniga qadar zamonaviy sun’iy intellekt infratuzilmasini rivojlantirishga 1 milliard AQSH dollaridan ortiq miqdorda xorijiy investitsiyalarni jalb qilish;

v) 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab umumiy o‘rta ta’lim hamda oliy ta’lim tizimining o‘quv dasturlari va darsliklariga sun’iy intellekt texnologiyalarini o‘qitish bo‘yicha mavzularni kiritish; 

g) 2026 yil yakuniga qadar mamlakatda faoliyat yuritayotgan oliy ta’lim muassasalarida 15 ta sun’iy intellekt laboratoriyalarini ishga tushirish asosiy maqsad etib belgilandi. 

Sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy qilishda institutsional bazani takomillashtirish bo‘yicha davlat organlari xodimlari, tadbirkorlik sub’ektlari, xorijdagi vatandoshlar va chet ellik mutaxassislardan iborat tarkibda Raqamli texnologiyalar vazirligi huzurida Maslahatlashuv kengashi tashkil qilinadi. 

2025 yil yakuniga qadar sun’iy intellekt yo‘nalishida amalga oshirilayotgan loyihalar, dasturlar, startaplar va bepul onlayn kurslar haqidagi ma’lumotlarni aks ettiruvchi "ai.gov.uz" milliy portali ishga tushiriladi. Portalni yaratish, qo‘llab-quvvatlash, rivojlantirish va uning axborot xavfsizligini ta’minlash vazifasi Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Sun’iy intellekt va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish markaziga yuklanadi.

Oliy ta’lim va ilmiy tashkilotlar hamda startaplarga ularning ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalari uchun grafik ishlov berish bloklari (GPU klaster) va "katta ma’lumotlar" bazalaridagi ma’lumotlardan Markaz tomonidan belgilanadigan axborot xavfsizligi talablariga rioya etgan holda bepul yoki imtiyozli ravishda foydalanish yo‘lga qo‘yiladi. 

2026 yil 1 yanvardan sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etishni nazarda tutadigan normativ-huquqiy hujjatlarning va texnik topshiriqlarning loyihalari Istiqbolli loyihalar milliy agentligi bilan majburiy tartibda kelishiladi. 

Sun’iy intellekt texnologiyalarini kriptoaktivlar aylanmasi, elektron tijorat, sug‘urta va qimmatli qog‘ozlar sohalarida hamda blokcheyn asosida faoliyat yuritadigan axborot tizimlarida joriy etish tartib-taomillari Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan belgilanadi. 

2026 yil 1 yanvardan boshlab yoshlarning sun’iy intellekt texnologiyalariga qiziqishini yanada oshirish va rag‘batlantirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sovrini uchun “Sun’iy intellekt yo‘nalishida eng yaxshi startap" (President Al Award) tanlovi o‘tkaziladi.

O‘zA