O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatining samaradorligi va ochiqligini oshirish hamda sud mustaqilligi kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.
Unga muvofiq, sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash, sudyalar hamjamiyati organlari faoliyati samaradorligini oshirishning ustuvor maqsadlari belgilandi. Ular quyidagilardan iborat:
a) sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatida sudyalarning o‘zini o‘zi boshqarish tamoyilini va sud mustaqilligiga oid ilg‘or xalqaro standartlar keng joriy etilishini ta’minlash;
b) sudyalar korpusini shakllantirish tartibini takomillashtirish, ushbu jarayonda sudyalar hamjamiyati organlari rolini oshirish va ularning mas’uliyat doirasini aniq belgilash;
v) sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatida ochiqlikni ta’minlash, sudyalikka nomzodlarni tanlashning shaffof tartibini joriy etish;
g) sud tizimida gender tenglikni ta’minlash imkoniyatlarini kengaytirish orqali ayol sudyalar ulushini kamida 30 foizga yetkazish.
Farmonga muvofiq,
a) sudyalarni navbatdagi o‘n yillik muddatga tayinlash (saylash) tartibi bekor qilinib, sudyalik lavozimlariga nomzodlarni dastlab besh yil muddatga, keyinchalik muddatsiz davrga tayinlash (saylash) tartibi belgilanadi;
b) tumanlararo, tuman, shahar sudlari raislari va ularning o‘rinbosarlari lavozimlariga nomzodlarni aniq mezonlarga ko‘ra sudyalar orasida ochiq tanlov asosida tanlash tartibi o‘rnatiladi;
v) sudyaning kasbiy faoliyatini baholashda "halollik", "kasbiy layoqatlilik" va "sudyalik odobi qoidalariga rioya etish" talablarining aniq mezonlari qonun darajasida belgilanadi.
Kengash va Oliy sudning Kengash tarkibini shakllantirish tartibi sudyalar hamjamiyati organlarining ishtirokini oshirish orqali yanada takomillashtiriladi. Chunonchi:
a) Kengashning doimiy asosda faoliyat yurituvchi sudyalari lavozimiga nomzodlar tegishli sud sudyalari malaka hay’atlari tomonidan tavsiya etiladi. Bunda Kengashning doimiy asosda faoliyat yurituvchi sudyalari lavozimiga, qoida tariqasida, sudya sifatida kamida 7 yil ishlagan sudyalar nomzodi ko‘rsatilishi mumkin;
b) Kengashning jamoatchilik asosida faoliyat yurituvchi a’zolari tarkibiga nomzodlar huquq sohasidagi ilmiy va oliy ta’lim tashkilotlari hamda fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan tavsiya etiladi.
2025 yil 15 dekabrga qadar Kengashning rasmiy veb-saytida quyidagilarni ochiq e’lon qilib borish amaliyoti joriy etiladi:
a) sud tizimida mavjud bo‘sh rahbarlik va yuqori turuvchi sudyalik lavozimlariga oid ma’lumotlar hamda ularni egallash uchun tanlovda ishtirok etish tartibi;
b) sud tizimida sudyalik lavozimlari, shu jumladan, rhbarlik va yuqori turuvchi sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tanlash hamda tayinlash bo‘yicha barcha bosqichlarga oid ma’lumotlar.
O‘zA