Osiyo taraqqiyot banki (OTB) tomonidan O‘zbekistonda STEM ta’limini rivojlantirish hamda mustahkamlash maqsadida 100 million AQSH dollari miqdorida imtiyozli kredit ajratildi.
Loyiha doirasida quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha ishlar amalga oshiriladi. 200 ta umumta’lim maktabda zamonaviy laboratoriyalar tashkil etish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari infratuzilmasini yaratish, quyosh energiyasi tizimlarini o‘rnatish hamda imkoniyati cheklangan bolalar uchun zarur shart-sharoitlar yaratish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, STEM fanlari bo‘yicha o‘qituvchilarni tayyorlash va qayta tayyorlash, fanlarni integratsiyalashgan shaklda o‘qitish tizimini yo‘lga qo‘yish hamda ta’lim jarayonida zamonaviy pedagogik texnologiyalardan keng foydalanish nazarda tutilgan.
Qolaversa, o‘quv muhitini to‘liq modernizatsiya qilish, ta’limda sifat standartlarini joriy etish va fanlar o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish orqali innovatsion yondashuvni tatbiq etish rejalashtirilgan.
Loyihaning asosiy maqsadi — O‘zbekiston yoshlariga zamonaviy innovatsion bilim va ko‘nikmalarni berish, ularning raqobatbardoshligini oshirish hamda mamlakatning barqaror iqtisodiy rivojlanishiga hissa qo‘shishdan iborat.
Loyihaning ahamiyati shundaki, maktab ta’limini jahon standartlariga yaqinlashtirish orqali ta’lim sifati va natijalari sezilarli darajada yaxshilanadi. Malakali o‘qituvchilar va zamonaviy laboratoriyalar ta’lim jarayonining samaradorligini oshiradi.
Maktablar mahalliy jamiyatlar uchun resurs markazlari sifatida faoliyat yuritadi, bu esa hududlarda ta’lim imkoniyatlarini kengaytiradi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA