Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonda STEM fanlarini o‘qitish istiqbollari muhokama qilindi
11:06 / 2021-03-18

Osiyo taraqqiyot banki, "Delivery Associates" kompaniyasi va Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi vakillari o‘rtasida “STEM ta’limini rivojlantirish»ga qaratilgan yangi hamkorlik loyihasi rejasiga bag‘ishlangan onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Unda Osiyo taraqqiyot banki Osiyo taraqqiyot bankining Ijtimoiy sektor bo‘yicha rahbari, Ta’lim masalalari bo‘yicha bosh mutaxassis Eysuke Tajima, "Delivery Associates" kompaniyasi vakili, xalqaro ekspert Jon Tulli hamda Ta’lim inspeksiyasi boshlig‘i Ulug‘bek Tashkenbayev va inspeksiyaning tegishli boshqarma va bo‘lim rahbarlari ishtirok etishdi.

Uchrashuv kun tartibidan OTB bilan hamkorlik qilishda Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining ustuvor yo‘nalishlari, STEM bo‘yicha salohiyatni rivojlantirishning hozirgi holati, Ta’lim inspeksiyasi va OTB o‘rtasida salohiyatni mustahkamlash va oshirishga qaratilgan hamkorlik loyihasi muhokamasiga doir qator masalalar o‘rin oldi.

Muhokamalar avvalida Ta’lim inspeksiyasi boshlig‘i Ulug‘bek Tashkenbayev Osiyo taraqqiyot banki vakillariga mamlakatimiz ta’lim tizimini rivojlantirishdagi uzoq yillik hamkorlik uchun minnatdorchilik bildirar ekan, ta’lim tizimiga xalqaro ilg‘or tajribalarni joriy etish bo‘yicha Ta’lim inspeksiyasi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar va istiqboldagi rejalarga to‘xtalib o‘tdi.

 – O‘zbekiston ilk marotaba xalqaro baholash tizimlarida ishtirok etishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Xususan, «Xalq ta’limi tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi»da PISA xalqaro o‘quvchilarni baholash dasturi reytingida O‘zbekistonning 2030 yilga kelib 30 ta ilg‘or mamlakatlar qatoriga kirishiga erishish maqsadi ko‘zda tutilgan.

Bunda oldimizga o‘quvchilarda XXI asr ko‘nikmalarini shakllantirish va ularda STEM fanlariga bo‘lgan qiziqishni kuchaytirish maqsad qilingan. Shu kunga qadar o‘quvchilar ma’lum fanlarni o‘zlashtirishga oldilariga yoki oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlaridan muvaffaqiyatli o‘tish, yoki maktabda a’lo baholarga o‘qish haqida o‘ylashgan. Mazkur loyihalar maktabda o‘qitiladigan darsliklar imtihon natijasi yoki baho uchun emas, ularning hayotda o‘z o‘rinlarini topishlariga xizmat qilishi lozim, deb hisoblaymiz.

O‘ylaymanki, hamkorligimiz amalga oshiriladigan ushbu loyihalarni amalga oshirishda muhim bosqich bo‘lib xizmat qiladi. Bu esa mamlakatimiz ta’lim tizimining rivojlanishi uchun ham ahamiyatlidir, – dedi Ta’lim inspeksiyasi boshlig‘i.

 Shundan so‘ng, Osiyo taraqqiyot banki vakili Eysuke Tajima mazkur jarayonning amalga oshirilish bosqichlari va O‘zbekiston tomonidan e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan jihatlar haqida ma’lumot berdi.

– O‘zbekistonda STEM fanlarini takomillashtirish asosan, mamlakatda inson kapitalini rivojlantirish maqsadlariga qaratiladi. Shuningdek, mazkur loyiha orqali texnologiyani rivojlantirish orqali STEM fanlarining o‘qitilish sifatini yaxshilash, maktablarda ta’lim muhitini oshirish, hamkorlik orqali boshqaruv tizimini kuchaytirish ko‘zda tutilgan.

STEM fanlarining o‘qitilish sifatini yaxshilashda avvalo o‘qituvchilar malakasini oshirishni qo‘llab quvvatlash lozim bo‘ladi. Shuningdek, Xalq ta’limi vazirligi bilan hamkorlikda 1-10 sinflar matematika, biologiya kabi STEM tarkibiga kiruvchi fanlarni yagona tizimga birlashtirish masalasi muhokama qilingandi Mazkur tajriba Finlyandiya, AQSH, Singapur kabi mamlakatlar tajribasida ham sinovdan o‘tkazilgan.

Maktablarda ta’lim muhitini yaxshilashda avvalo fizika, kimyo, biologiya laboratoriyalarini ko‘paytirish, modernizatsiya qilish va ta’lim muassasalarini internet bilan to‘liq ta’minlash va aloqa sifatini oshirish nazarda tutiladi.

Boshqaruv tizimini rivojlantirish uchun esa markazlashgan tizimning joriy etilishi maqsadga muvofiq bo‘ladi, – dedi Eysuke Tajima.Shu bilan birgalikda, Osiyo taraqqiyot banki vakilining so‘zlariga qaraganda, O‘zbekistonda STEMni rivojlantirish uchun o‘quvchilarga shahar va qishloqlarda yaratilgan sharoitlarning o‘zaro farqlanishi, STEM fanlarning o‘zlashtirilishida o‘g‘il bolalarga nisbatan qizlarning pastroq ko‘rsatkich qayd etishi, PISA tadqiqotlari natijalarining mavjud emasligi kabi muammolar ham to‘sqinlik qilmoqda. Mazkur muammolarni bartaraf etish uchun esa Ta’lim inspeksiyasi tomonidan maktablardagi ta’lim sifati muntazam nazorat qilinishi STEM fanlari fanlari bo‘yicha o‘tkaziladigan sinovlarga alohida e’tibor qaratilishi lozim bo‘ladi.

Muhokamalar yakunida ko‘rilgan masalalar va istiqboldagi rejalarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni izchil ravishda davom ettirishga kelishib olindi.