Toshkent shahridagi “U-ENTER” innovatsion markazida “UzVC Demo Day & Central Asia Venture Conference 2025” tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi, “UzVC” milliy venchur fondi va “AKS Services Group” tomonidan tashkil etilgan mazkur tadbirda venchur fondlar, startap asoschilari, akseleratorlar, texnologik kompaniyalar, yuridik va moliyaviy maslahatchilar hamda xalqaro investorlar ishtirok etdi.

Unda Iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov, Osiyo taraqqiyot bankining mamlakatimizdagi doimiy vakolatxonasi direktori Kanokpan Lao-Araya va boshqalar so‘zga chiqib, O‘zbekistondagi startap va innovatsion ekotizimning rivojlanish sur’atlari, xalqaro investitsiyalarni jalb qilish imkoniyatlari hamda mamlakatda raqamli va texnologik sektorni kengaytirish borasidagi muhim tashabbuslar haqida to‘xtalib o‘tdi.

Ta’kidlash joizki, “UzVC Demo Day & Central Asia Venture Conference 2025” tadbiri nafaqat mintaqadagi venchur ekotizimining jadal rivojlanayotganini, balki O‘zbekistonning innovatsiyalar markaziga aylanish sari dadil qadam tashlayotganini yana bir bor namoyon etdi. Dunyoda tez sur’atlar bilan kengayib borayotgan intellektual texnologiyalar va startaplar bozori sharoitida mamlakatda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, xalqaro investorlarni jalb etish mexanizmlarining takomillashib borishi hamda yangi avlod startaplarining o‘sib kelayotgan salohiyati mamlakatimizning raqamli iqtisodiyot jarayonida o‘z o‘rniga ega bo‘layotganini ko‘rsatmoqda.

Iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov fikricha, mazkur muloqot O‘zbekistondagi startap va innovatsion ekotizimning o‘sish sur’atini namoyon etdi.
–Bunday konferensiyalar nafaqat mahalliy startaplarga xalqaro investitsiyalar jalb qilish imkoniyatini yaratadi, balki O‘zbekistonning mintaqaviy texnologik markaz sifatidagi obro‘sini mustahkamlaydi hamda sohadagi hamkorlik va tajriba almashinuviga yo‘l ochadi. Bu esa mamlakatda innovatsiya va raqamli iqtisodiyotning rivojlanishiga katta hissa qo‘shadi, –dedi Norqulov.

Anjuman doirasida o‘tkazilgan panel sessiya O‘zbekistonning innovatsion salohiyati va mintaqa venchur bozoridagi o‘rniga bag‘ishlandi. Unda qayd etilganidek, mamlakatda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar va startaplar uchun yaratilayotgan yangi imkoniyatlar nafaqat mahalliy, balki xalqaro investorlar diqqatini ham jalb qilmoqda. SGP 2.0 dasturi orqali shakllantirilgan startap ekotizimi o‘zining dastlabki natijalarini ko‘rsatib, yurtimizning raqamli iqtisodiyotdagi maqsadli yo‘nalishini aniqlaydi.
Xalqaro venchur fondlari va akseleratorlarning fikricha, O‘zbekistondagi innovatsion tadbirkorlik sektori global bozorga chiqish uchun yetarli salohiyatga ega va mamlakat mintaqaning texnologik markaziga aylanishi mumkin. Bu esa startaplar uchun investitsiya jalb qilish imkoniyatlarini kengaytiradi. Milliy innovatsion ekotizimni mustahkamlab, iqtisodiyotning raqamli va texnologik rivojlanishini namoyon etadi.
Tadbir yakunida “UzVC” milliy venchur fondi hamda Qozog‘istonning “Alem Venture Fund” fondlar fondi bilan birgalikda “Big Sky Capital” venchur fondiga mablag‘larni boshqaruvga berish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Shu bilan birga, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda ishtirkochi tashkilotlar o‘rtasida muhokamalar o‘tkazilib, kelgusidagi hamkorlik yuzasidan kelishib olindi.
Nasiba Ziyodullayeva,O‘zA