Joriy yilning 10-11 may kunlari Toshkentda “Koinot texnologiyalari va ularning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishdagi roli” mavzuida Space Technology Conference STC-2022 birinchi xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tadi. Tadbir «O‘zbekkosmos» agentligi va Britaniyaning Dialogue Events Ltd. kompaniyasi hamkorligida tashkil etilmoqda.
Unda Qozog‘iston Respublikasi Raqamli rivojlanish, innovatsiyalar va aerokosmik sanoat vazirligining Aerokosmik qo‘mitasi, Turkiya kosmik agentligi (TUA), Ozarbayjon Respublikasi Kosmik agentligi (Azercosmos), Birlashgan Arab amirliklari Kosmik agentligi, Qirg‘iziston Respublikasi Raqamli rivojlanish vazirligi huzuridagi Aloqa sohasini tartibga solish va nazorat qilish xizmati, BMT ning kosmik makon masalalari bo‘yicha boshqarmasi, BMT ning Osiyo va Tinch okeani Iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi (ESKATO), kosmik faoliyat sohasidagi yetakchi kompaniyalar, xususan, Maxar, SpaceX, Planet, Viasat, ESRI (AQSH), Satellogic (Argentina), Airbus (Fransiya), SSI Monaco (Monako), SES (Lyuksemburg), OneWeb (Buyuk Britaniya), Gilat (Izroil), HEAD (Xitoy), TurkSAT (Turkiya), NEC (Yaponiya), Leonardo S.P.A. (Italiya), Ghalam (Qozog‘iston) va Aviators (BAA) kabi kompaniyalar vakillarining ishtirok etishi kutilmoqda.
Konferensiyada “Markaziy Yevroosiyoda barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish uchun kosmik texnologiyalaridan foydalanish”, “Barqaror rivojlanishda Yerni kuzatishning roli: dastur va xizmatlarni qo‘llash va taqdim etish”, “Yangi sun’iy yo‘ldosh texnologiyalari: ularni loyihalash, ishlab chiqarish, ishga tushrish”, “Sun’iy yo‘ldosh aloqalasi: hukumat, biznes iste’molchi”, “Sun’iy yo‘ldosh va Uchuvchisiz uchish apparatlaridan foydalangan holda, xizmatlarni taqdim etish: dunyoda xavfsiz, samarali va barqaror ishni ta’minlash”, “Koinotning barqaror rivojlanishi – panelli muhokama” kabi mavzular yoritiladi.
N. Usmonova, O‘zA