“Business indicator” (Biznes ko‘rsatkichi) onlayn axborot tizimi orqali 2020 yilda O‘zbekistonning barcha hududida biznesni rivojlantirish darajasi monitoring qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi mas’ul xodimi Dilshod Abduazizov hududlarda tadbirkorlikni rivojlantirish darajasini reyting baholash haqida quyidagilarni ma’lum qildi.
– Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 8 yanvardagi «Respublika hududlarida tadbirkorlikning rivojlanganlik darajasiga baho berish tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risi»dagi qaroriga muvofiq, 2020 yildan boshlab Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi va Adliya vazirligi "Biznes indikatori" avtomatlashtirilgan onlayn axborot tizimini ishga tushirdi. – deydi A. Abduazizov.– Hududlarda tadbirkorlikni rivojlantirish darajasini baholash yarim yillik va yil yakunlari asosida muntazam ravishda olib borilmoqda. E’tiborlisi, O‘zbekiston 2016 yilga nisbatan biznes yuritishning iqtisodiy shart-sharoitlarini yaxshilash borasida ulkan yutuqlarga erishdi.
Tadbirkorlikni rivojlantirish borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar, xususan, soliqlar, kreditlar va kommunal to‘lovlar bo‘yicha berilgan imtiyozlar, tadbirkorlik sub’ektlarini tekshirish bo‘yicha moratoriy hamda moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni kengaytirish natijasida 2020 yilda bir necha yo‘nalish bo‘yicha ijobiy tendensiyalar aniqlandi.
Tadbirkorlarga tegishli bo‘lgan ko‘chmas mulkka zarar yetkazish holatlari soni 13 barobarga kamaydi (96 holat, 2019 yilda 1260 ta). Tadbirkorlarga berilgan kreditlar bo‘yicha foizlar uchun kompensatsiya miqdori 3 barobar o‘sdi (2,8 trilion so‘m, 2019 yilda 855 milliard so‘m).
Tahlillar so‘nggi uch yil mobaynida uzluksiz faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar sonining o‘sishini ko‘rsatdi: ular soni 32,5 foizga oshdi va tadbirkorlar umumiy sonining 26 foizini (2019 yilda 21 foiz) tashkil etdi.
Bundan tashqari, tadbirkorlar ishtirokida xo‘jalik va ma’muriy sudlarda ko‘rib chiqilgan nizolar 44 foizga (97,6 ming, 2019 yilda 173,3 ming), tadbirkorlik sub’ektlarini tekshirishlar soni esa 8,5 foizga (52,3 ming, 2019 yilda 57,2 ming) kamaydi.
Koronavirus pandemiyasi davrida karantin tufayli ko‘plab korxonalar vaqtincha yopildi, talab pasayishi kuzatildi, ishsizlar soni oshdi. Virus tarqalishini kamaytirish uchun qo‘llanilgan ijtimoiy masofa va lokdaun cheklovlari iqtisodiyotga ta’sir ko‘rsatdi.
Tadbirkorlarning davlat oldidagi qarzdorligi majburiy ijroda 3,4 barobar oshdi (690 milliard so‘m, 2019 yilda 206 milliard so‘m). Shu bilan birga, tadbirkorlarning muddati o‘tgan kreditlar miqdori 63 foizga (4,8 trillion so‘m, 2019 yilda 3 trillion. so‘m) oshdi.
Tahlillar jarayonida bo‘sh turgan yerlardan samarali foydalanish darajasi 72 foizdan 37 foizgacha pasaygani aniqlandi.
So‘rov natijalariga ko‘ra, 2020 yilda 25 mingdan ziyod tadbirkorning 2019 yilga nisbatan bank xizmatlari, infrastruktura va davlat organlariga ishonchi ortgani qayd etildi.
Shu bilan birga, respondentlarning 44 foizi majburiy homiylik bilan shug‘ullangan , 40 foizi sud qarorlariga shubha bilan qaragan.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, respublikamizning viloyat va tumanlaridagi shaharlar reytingi tuzildi. Tadbirkorlikni rivojlantirishning eng yuqori darajasi Toshkent shahrida qayd etildi. Eng past ko‘rsatkichlar Qashqadaryo, Surxondaryo va Samarqand viloyatlarida kuzatildi.
Tuman va shaharlar bo‘yicha Bektemir, Mo‘ynoq, Qo‘rg‘ontepa, Yakkasaroy va Karmana tumanlari yetakchi, Baxmal, Buvayda, Tuproqqal’a, Uchko‘prik, Samarqand, Bekobod va Yangiyo‘l tumanlari esa reytingda so‘nggi o‘rinlarni egalladi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA