Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonda soliq va yig‘imlar adolatli bo‘lishi Konstitutsiyada huquqiy mustahkamlanmoqda
16:56 / 2023-03-24

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar o‘z mazmun-mohiyati bilan «inson – jamiyat – davlat» degan tamoyilni konstitutsiyaviy qoida sifatida muhrlashga, xalqparvar davlat barpo etishga, inson huquq va manfaatlari himoyasini kuchaytirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

– Yangilangan Konstitutsiya jamiyatimiz hayotining barcha yo‘nalishlarini kompleks tartibga solish hamda mamlakatimizni demokratik rivojlantirish yo‘lida eng muhim huquqiy poydevor bo‘lib xizmat qiladi. Konstitutsiyaviy qonun loyihasiga kiritilgan yangi normalar barcha sohalarni taraqqiy ettirishga, shu jumladan, davlat hokimiyatining yanada samarali tashkil qilinishiga yordam beradi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti «Iqtisodiy fanlar» kafedrasi boshlig‘i, professor Jahongir O‘RMONOV. 

– Umumxalq muhokamalarida 220 mingdan ziyod taklif kelib tushdi, ularning har to‘rttasidan bittasi loyihadan joy oldi. Shu ma’noda aytish kerakki, yangilanayotgan Konstitutsiya tom ma’noda xalq Konstitutsiyasi bo‘ladi. Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bilan amaldagi Konstitutsiyaga 27 ta yangi modda kiritilmoqda, moddalar soni 128 tadan 155 taga oshmoqda. Konstitutsiyamizning amaldagi 275 ta normasi 434 taga ko‘paymoqda, ya’ni amaldagi Konstitutsiyamiz 65 foizga yangilanmoqda. Yangilanayotgan Konstitutsiyada tadbirkorlik faoliyati kafolatlarini kuchaytirish, bozor munosabatlarini rivojlantirish, halol raqobat uchun shart-sharoit yaratish, qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini ta’minlash, adolatli soliq tizimini yo‘lga qo‘yish, monopolistik faoliyatni cheklash orqali tom ma’noda erkin bozor iqtisodiyotini shakllantirish uchun barqaror asos yaratilmoqda. Ta’kidlash joizki, so‘nggi yillarda tadbirkorlarga keng imkoniyatlar yaratib berish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida tadbirkorlik sub’ektlari soni ortdi. Jumladan, 2016 yilga nisbatan kichik biznes tadbirkorlari soni 2,5 barobar oshdi. Kichik tadbirkorlikning YAIMdagi ulushi 51,8 foizni tashkil etdi. Turli yo‘nalishlarda faoliyat olib boruvchi ishbilarmon doira vakillari uchun soliq imtiyozlari, preferensiya va imtiyozli kreditlar taqdim etilayotgani ularning faoliyatini yanada kengaytirishga imkon bermoqda.

 Ma’lumki, soliqlar davlatning moliyaviy resurslari va yillik byudjetini shakllantirishning asosiy manbasi hisoblanadi. Byudjetning asosiy qismini esa soliqlar tashkil etadi. Davlatning asosiy funksiyalari (ta’lim, tibbiyot, mudofaa, jamoat tartibini ta’minlash, davlat apparatini ta’minlash va h.k.) yig‘ilgan soliqlar hisobiga bajariladi. Yangilanayotgan Konstitutsiyaning 63-moddasiga muvofiq, «Fuqarolar qonun bilan belgilangan soliqlar va yig‘imlarni to‘lashi shart. 

Soliq va yig‘imlar adolatli bo‘lishi hamda fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirishiga to‘sqinlik qilmasligi kerak«ligi belgilanmoqda. Soliq kodeksining 10-moddasiga muvofiq, soliqlar va yig‘imlar kamsitish xususiyatiga ega bo‘lishi hamda ijtimoiy, irqiy, milliy, diniy va boshqa shu kabi mezonlardan kelib chiqqan holda qo‘llanilishi mumkin emas. Mulkning shakliga, jismoniy shaxslarning fuqaroligiga yoki kapitalning kelib chiqish mamlakatiga qarab farqlangan soliq stavkalarini, soliq imtiyozlarini yoki boshqa afzalliklarni belgilashga yo‘l qo‘yilmaydi. Fuqarolarning o‘z konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirishiga to‘sqinlik qiladigan soliqlarni belgilashga yo‘l qo‘yilmaydi. Shu bilan birga, davlat ham fuqarolar uchun ortiqcha va og‘ir bo‘lgan soliqlar yoki boshqa yig‘imlarni joriy etmaslik bo‘yicha kafolat berishi, bu kafolat esa qonun bilan mustahkamlanishi kerak bo‘ladi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizga “Soliq va yig‘imlar adolatli bo‘lishi shart», deya belgilanmoqda. Bu nima degani? Bu — davlat soliq va yig‘imlar joriy etayotganda aholi yoki tadbirkor uni to‘lay olishiga qurbi yetishini albatta inobatga oladi. Ortiqcha va mantiqsiz soliqlardan, turli yig‘imlardan voz kechiladi. Masalan; avvallari ekologiya solig‘i, jon solig‘i, tuyoq solig‘i, bo‘ydoqlik solig‘i kabi soliqlar ham undirilgan. 

Soliqqa tortishning adolatli tamoyili... 

Qayd etish joizki, soliqqa tortishning adolatlilik tamoyili Sohibqiron Amir Temur davrida «Temur tuzuklari»da ham belgilab qo‘yilgan. «Amr etdimki, raiyatdan mol-xiroj yig‘ishda ularni og‘ir ahvolga solib qo‘yishdan yoki mamlakatni qashshoqlikka tushirib qo‘yishdan saqlanish kerak. Negaki, raiyatni xonavayron qilish (davlat) xazinasining kambag‘allashishiga olib keladi. Xazinaning kamayib qolishi esa sipohning tarqalib ketishiga sabab bo‘ladi. Sipohning tarqoqligi o‘z navbatida, saltanatning kuchsizlanishiga olib keladi», deb yozilgan. Bundan tashqari, Konstitutsiyada aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalarini qo‘llab-quvvatlash, fuqarolarning munosib turmush darajasi va sifatiga erishishga, muhtojlarga yordam ko‘rsatishga qaratilgan ijtimoiy davlat belgilari o‘z ifodasini topgan. 

Davlat aholining ehtiyojmand toifalarini ijtimoiy himoya qilishi kafolatlangan. Soliq solishda ijtimoiy davlatning belgilari «Temur tuzuklari»da ham yozilgan bo‘lib, «Kimki biron sahroni obod qilsa yoki poliz qilsa yoki biron bog‘ ko‘kartirsa yoxud biron xarob bo‘lib yotgan yerni obod qilsa, birinchi yili undan hech narsa olmasinlar, ikkinchi yili raiyat o‘z roziligi bilan berganini olsinlar, uchinchi yili (esa oliq-soliq) qonun-qoidasiga muvofiq xiroj yig‘ilsin», deb ta’kidlangan. Soliqlar davlat daromadlari tarkibida eng salmoqli o‘rinni egallaydi. Soliqlar va yig‘imlarni joriy etishda yoki ularni oshirishda soliq to‘lovchilarning iqtisodiy ahvoli va mulkiy manfaatlari adolatli tarzda e’tiborga olinishi, muhofaza etilishi zarur. 

Iqtisodiy ahvoli turlicha bo‘lgan soliq to‘lovchilar uchun tabaqalashtirilgan soliq solishni belgilash kamsitish hisoblanmaydi, ya’ni iqtisodiy va boshqa kamsitmaydigan asoslar bo‘yicha farqlashga yo‘l qo‘yiladi. Masalan, nogironligi bo‘lgan shaxslar, o‘zini-o‘zi band qilgan aholi uchun soliq imtiyozlarining belgilangani. Bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun daromad solig‘i bo‘yicha belgilangan imtiyoz mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori 1,41 baravaridan 3 baravarigacha oshirildi. Shu qatorida o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar ijtimoiy soliqni bazaviy hisoblash miqdorining kamida 50 foizi hajmida to‘laydi. Soliq kodeksidagi mazkur imtiyozdan 2022 yilning 11 oyida 3 126 ta korxonada 18,9 mlrd. so‘m foydalangan. Xuddi shunday Soliq kodeksning 408-moddasiga asosan mehnat stajiga ega bo‘lishi uchun o‘tgan 2022 yil davomida 330,8 ming nafar o‘zini o‘zi band qilgan jismoniy shaxs 85,9 mlrd. so‘m ijtimoiy soliq to‘lovini amalga oshirgan. Mazkur normaning kiritilishi barcha soliq to‘lovchilarning qonun oldida tengligini ta’minlashga, ijtimoiy adolat prinsipining qaror topishiga, soliqlarni yig‘ish darajasining oshishiga, tadbirkorlik faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi. Shuningdek, «Amr qildimki, hosil pishib yetilmasdan butun raiyatdan molu jihot olinmasin. Hosil yetilgach, hosilni uch bo‘lib olsinlar. Agar raiyat soliq to‘lovchi yubormasdan, soliqni o‘zi keltirib bersa, u holda u yerga soliq to‘plovchi yubormasinlar. 

Agarda soliq oluvchini yuborishga majbur bo‘lsalar, ular soliqlarni buyruq berish va yaxshi so‘z bilan olsinlar, kaltak arqon ishlatish, ishni urish-so‘kishgacha olib bormasinlar. Ularni bandi etib, zanjir bilan kishanlamasinlar. Yana buyurdimki, xirojni raiyatdan kaltaklash va savalash yo‘li bilan emas, balki ogohlantirish va tushuntirish yo‘li bilan undirsinlar», deb belgilangan. Yana bir muhim masala, Konstitutsiyaning 1-moddasida «O‘zbekiston – boshqaruvning respublika shakliga ega bo‘lgan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat», deb belgilanmoqda. Demak soliq munosabatlarining qonuniyligi, huquqiyligi va dunyoviyligi ikki tomonga — soliq to‘lovchi va soliq undiruvchiga hamda ularning huquqiy madaniyatiga ham bevosita bog‘liqdir. Ya’ni soliq to‘lovchilar bugungi kunda «Insofli soliq to‘lovchi» va soliq undiruvchilar esa «Soliqchi-ko‘makchi» tamoyili asosida ishlashi talab etiladi. 

Fuqarolar soliq to‘lash bo‘yicha Konstitutsion majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarsalar, soliq organlari esa davlat xizmatchisi sifatida belgilangan vazifa va majburiyatlarini a’lo darajada bajarishlari kerak bo‘ladi. Bunda eng avvalo, majburlamasdan, madaniyat bilan etika-estetika qoidalariga rioya qilgan holda soliq to‘lovchilarga tushuntirish va targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borishlari lozimdir. Masalan: Yaponiyada fuqaro soliq to‘lamasa va o‘z vaqtida daromadlari to‘g‘risida deklaratsiyani taqdim etmasa, bunday fuqaro bilan hech kim aloqa qilmaydi, gaplashmaydi va jamiyatdan chetlashtiriladi. Ushbu fuqarolarga nisbatan davlatga qarshi, deb munosabat bildirishar ekan. Kerak bo‘lsa, soliqni to‘lash uchun da’vat qilib, uni to‘lamagunga qadar qo‘yishmaydi. Bu esa vatanparvarlikning yuksak namunasidir. 

Yana bir yangi norma... 

Kiritilayotgan yana bir yangi norma «Soliq va yig‘imlar fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirishiga to‘sqinlik qilmasligi kerak«ligi belgilanmoqda. Bu nima degani? Bu — soliqlar fuqarolarning Konstitutsiyada belgilangan huquqlari, xususan, saylash va saylanish, mulkdor bo‘lishi va mulk daxlsizligi, uy-joyli bo‘lish, mehnat qilish, dam olish, ta’lim olish, ilm bilan shug‘ullanish, davolanish va tibbiy xizmatdan foydalanish va h.k.lar kabi huquqlaridan foydalanishiga to‘sqinlik qilmasligi kerak. 

Davlat Konstitutsiyada inson hamda fuqaroning huquq va erkinliklarini kafolatlamoqda. Masalan: oddiy qilib tushuntirilganda, agar fuqaroning soliqdan qarzi bo‘lsa yoki uni to‘la olmasa, majburiy undiruv uning mol-mulkiga qaratilmaydi, mol-mulki yoki uy-joyi musodara qilinmaydi. AQSHning Kaliforniya shtatida fuqaroning soliqdan qarzi bo‘lib, uni vaqtida to‘lamagan bo‘lsa, o‘sha shtatdagi saylov jarayonlarida qatnashish va saylash huquqidan mahrum etilar ekan. Demak, davlat soliqlarni joriy qilish va undirishda soliq solishning adolatlilik, majburiylik, aniqlik va soliq organlarining soliq to‘lovchilar bilan hamkorligi, soliq tizimining yagonaligi, oshkoralik va soliq to‘lovchining haqligi prezumpsiyasi prinsiplariga asoslanishi lozim. 

Soliq kodeksi va soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining qoidalari Konstitutsiyaga zid bo‘lishi mumkin emas. Ta’kidlash joizki, oxirgi yillarda tadbirkorlar to‘laydigan soliq turlari soni qisqartirildi, aholiga, biznesga soliq imtiyozlari qo‘llanildi. Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i stavkasi tushirilib, 12 foiz miqdorida belgilanib, QQS stavkasi 20 foizdan 12 foizga pasaytirildi. Xususan, 2020 yildan joriy qilingan yangi tahrirdagi Soliq kodeksiga muvofiq, 13 ta soliq turi 4 taga qisqartirilib, 9 taga kamaytirildi. Bu esa ijobiy o‘zgarishlar izchil va tizimli davom ettirilishi uchun huquqiy asos bo‘ladi. Soliq va yig‘imlar adolatli bo‘lishi hamda konstitutsiyaviy huquqlarimizni amalga oshirishimiz uchun, kelajakka befarq bo‘lmay, o‘tkaziladigan referendumda faol qatnashishimiz lozim. 

O‘zA