So‘nggi yillarda O‘zbekistonda soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish, raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish hamda soliq to‘lovchilar bilan ochiq va shaffof munosabatlarni yo‘lga qo‘yish ustuvor yo‘nalishlardan biriga aylandi. Ana shu islohotlar natijasida 2025 yilda respublika miqyosida soliq majburiyatlarining ixtiyoriy bajarilishi yuqori darajaga chiqdi.
Soliq qo‘mitasining rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil yakuni bilan yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan soliq majburiyatlarining ixtiyoriy bajarilishi o‘rtacha 97 foizni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich soliq tizimida ishonch muhitining shakllanayotgani va soliq to‘lovchilarning huquqiy madaniyati oshib borayotganidan dalolat beradi.
Ayniqsa, yirik soliq to‘lovchilar bilan ishlash samaradorligi alohida e’tiborga loyiq. Xususan, yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha Hududlararo soliq inspeksiyasi (HSI) hisobotlariga ko‘ra, ushbu toifada soliq majburiyatlarining ixtiyoriy bajarilishi 98 foiz darajasida qayd etildi.
Hududlar kesimida tahlil qilinganda, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Buxoro, Navoiy, Namangan, Samarqand, Toshkent viloyati hamda Toshkent shahrida mazkur ko‘rsatkich 97 foizni tashkil etgan. Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo, Sirdaryo, Farg‘ona va Xorazm viloyatlarida esa ixtiyoriy soliq to‘lash darajasi 96 foiz atrofida shakllangan.

Soliq turlari kesimida ham ijobiy tendensiya kuzatilmoqda. Jumladan, yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq bo‘yicha ixtiyoriy to‘lovlar 100 foiz bajarilgan. Aksiz solig‘i bo‘yicha bu ko‘rsatkich 98 foiz, qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS), foyda solig‘i hamda aylanmadan olinadigan soliqlar bo‘yicha esa 97 foizni tashkil etgan. Jismoniy shaxslar daromad solig‘i, mol-mulk solig‘i, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqlar bo‘yicha ixtiyoriy to‘lov darajasi 96 foizga teng bo‘lgan.
Mutaxassislarning fikricha, bunday natijalarga erishishda soliq ma’muriyatchiligini raqamlashtirish, elektron hisobotlar, onlayn-nazorat mexanizmlari, soliq to‘lovchilar uchun yaratilgan qulay elektron xizmatlar hamda profilaktik tushuntirish ishlarining samarasi katta. Shuningdek, soliq organlarining jazolashdan ko‘ra, maslahat va ko‘mak berishga yo‘naltirilgan yangi ish uslubi ham soliq intizomini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Umuman olganda, soliq to‘lovlarining ixtiyoriy bajarilishi bo‘yicha erishilgan yuqori ko‘rsatkichlar davlat byudjeti daromadlarining barqarorligini ta’minlash, soya iqtisodiyotini qisqartirish hamda iqtisodiy islohotlarning samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA