Bugun Toshkentda “STADA Health Report 2025” xalqaro so‘rovi natijalariga bag‘ishlangan taqdimot bo‘lib o‘tdi.
Unda mahalliy mutaxassislar va ekspertlar qatorida Qozog‘iston davlatidan ushbu soha vakillari onlayn ishtirok etdi.

Tadbirda so‘z olgan ekspertlarning qayd etishicha, “STADA Health Report 2025” so‘rovining ahamiyati shundaki, u aholining sog‘liqni saqlash tizimiga bo‘lgan ishonchi, sog‘lom turmush tarziga munosabati va profilaktikaga e’tibor darajasini aniqlab, mamlakatdagi tibbiy xizmatlarning samaradorligi yuzasidan xolis tasavvur hosil qilish imkonini beradi. Ushbu ma’lumotlar davlat siyosatida sog‘liqni saqlashni yanada takomillashtirish, aholi ehtiyojlariga mos profilaktik dasturlar ishlab chiqish va tibbiy xizmatlardan qoniqish darajasini oshirishga xizmat qiladi. Shu bois, bu kabi xalqaro tadqiqotlar jamiyatdagi salomatlik madaniyatini shakllantirish va soha taraqqiyotini belgilashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ta’kidlash kerakki, “STADA Health Report 2025” tadqiqoti turli mamlakatlarda yashovchi odamlarning salomatlikka bo‘lgan munosabati, farmatsevtika va tibbiy savodxonlik darajasi hamda sog‘liqni saqlash sohasidagi zamonaviy tendensiyalarni chuqurroq tushunishga yordam beradigan keng ko‘lamli fikrlarni o‘z ichiga oladi. Shu sababli, u o‘z sohasidagi eng yirik xalqaro tadqiqot hisoblanadi.

Mazkur so‘rov natijalariga ko‘ra, o‘zbekistonlik respondentlarning 67 foizi mamlakatdagi sog‘liqni saqlash tizimidan qoniqish bildirgan. Bu ko‘rsatkich 22 ta davlat ishtirok etgan tadqiqotda eng yuqori natijalardan biri sifatida qayd etildi.
“STADA” kompaniyasining O‘zbekistondagi bosh direktori va “O‘zbekiston va Qirg‘iziston” klasterlari rahbari Baxtiyor Hojimuhamedov ta’kidlaganidek, bu yilgi tadqiqot G‘arbiy, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyodagi mamlakatlarda o‘tkazilgan. Respondentlarga jismoniy va ruhiy salomatlik, profilaktika, davlat sog‘liqni saqlash tizimidan qoniqish darajasi, shifokorlar va farmatsevtlarga bo‘lgan ishonch kabi masalalarga oid 30 dan ortiq savollar berilgan.

– O‘zbekiston aholisi ushbu so‘rovda uchinchi marta ishtirok etmoqda. Joriy yilgi natijalar o‘tgan yilgi ko‘rsatkichlardan bir qancha muhim farqlarni ko‘rsatmoqda va bunga e’tibor qaratish lozim. Tadqiqotga ko‘ra, O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash tizimidan qoniqish darajasi 60 foizdan oshgan. Bu esa ishtirokchi mamlakatlar orasida eng yuqori ko‘rsatkichlardan biridir. Bu fuqarolarning sog‘liqni saqlash tizimiga ishonchi saqlanayotgani va tarmoqdagi islohotlar samara bermoqda, degan xulosani beradi. Ayrim muammolar mavjud bo‘lishiga qaramay, mamlakatda tibbiy yordam sifatiga bo‘lgan ishonch barqarorligicha qolmoqda. Biz STADA global jamoasining bir qismi sifatida aholi salomatligini qo‘llab-quvvatlashni o‘zimizga asosiy vazifa, deb bilamiz. Tadqiqot asosidagi ma’lumotlar orqali biz faoliyat yuritayotgan davlatlarda odamlarning sog‘lom hayot kechirishiga nima to‘sqinlik qilayotganini batafsil tushunishga va bu to‘siqlarni bartaraf etishga intilamiz, – dedi B.Hojimuhamedov.
Tadqiqot natijalari “STADA” farmatsevtika kompaniyasi tomonidan har yili tashkil etiladigan “STADA Health Report” doirasida tayyorlandi. Unga ko‘ra, respondentlarning 66 foizi sog‘lom turmush tarziga amal qilishga intiladi va xuddi shuncha inson sog‘lig‘iga g‘amxo‘rlik qilishini bildirgan. Shuningdek, 91 foiz respondent sog‘lom ovqatlanishni kasalliklarning oldini olishda muhim omil, deb hisoblaydi. Shu bilan birga, profilaktik tekshiruvlarda ishtirok darajasi past bo‘lib qolmoqda. Faqat 31 foiz respondent muntazam ko‘rikdan o‘tayotganini bildirgan bo‘lsa, 39 foizi umuman bormasligini aytgan. Bunga asosiy sabablar sifatida vaqt yetishmasligi, moddiy imkoniyat cheklanganligi va shifoxonada infeksiya yuqtirishdan qo‘rqish kabi omillar qayd etilgan.
Xulosa qilib aytganda, “STADA Health Report 2025” natijalari sog‘liqni saqlash masalalari fuqarolar hayotida muhim o‘rin tutayotganini ko‘rsatdi. Shu bilan birga, tibbiy xizmatlarning sifatini yaxshilash, ishonchni yanada mustahkamlash va profilaktik xizmatlarga kengroq ahamiyat qaratish masalalari dolzarbligicha qolmoqda.
Taqdimot yakunida ekspertlar ishtirokchilarning savollariga batafsil javob qaytardi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA