O‘zbekistonda skvosh va padel federatsiyasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi
Toshkentdagi Ekopark bog‘ida o‘tkazilgan O‘zbekiston skvosh va padel federatsiyasining tantanali ochilish marosimida ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri A. Ikramov, Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari O. Umarov, Qatarning mamlakatimizdagi favquloddaga va muxtor elchisi Hasan Hamza Hoshim, Xalqaro kibersport federatsiyasining sobiq rahbari Vlad Marinesku, skvosh va padel sport turlarining ommaviyligini oshirish yo‘lida muhim qadam tashlanganligini e’tirof etishdi.
Ta’kidlanganidek, 2026 yili Yaponiyaning Aichi-Nagoya shahrida o‘tadigan yozgi Osiyo o‘yinlari hamda 2028 yili AQSHning Los-Anjeles shahrida tashkil etiladigan yozgi Olimpiya o‘yinlari dasturidan o‘rin olgan skvosh turining mamlakatimizda rasman faoliyat boshlashi o‘zbekistonlik sportchilar hayotida yangi yutuqlar sari muhim qadam bo‘ldi.
Mustaqillik bayrami shodiyonalariga ulanib ketgan tadbir davomida har ikki yo‘nalish bo‘yicha sportchilarning ko‘rgazmali chiqishlari yig‘ilganlarda iliq taassurot qoldirdi.


To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA