Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonda Singapur malaka oshirish markazi filiali ochiladi
13:02 / 2022-12-10

Mamlakatimiz delegatsiyasining Singapurga tashrifi davomida Singapur ta’lim tajribasini o‘rganish hamda mamlakatimizga tatbiq etish bo‘yicha bir qator vazirlik va idoralar bilan muzokaralar o‘tkazildi.

Xususan, tashrifning birinchi kunida Ta’lim inspeksiyasi vakillari Singapur menejmentni rivojlantirish institutida (MDIS) bo‘lib, universitet prezidenti Erik Kuan va direktorlar kengashi bosh kotibi Sharif Ja’far bilan hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish bo‘yicha muzokaralar olib bordi.

Uchrashuvda Ta’lim inspeksiyasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Hotamjon Ketmonov tomonidan O‘zbekistonda mehnat bozoridagi so‘nggi o‘zgarishlar va talab yuqori bo‘lgan kasb va mutaxassisliklar bo‘yicha batafsil ma’lumot berildi.

Sharif Ja’far bu borada Singapurning, xususan Singapur menejmentni rivojlantirish institutining kattalar ta’limi va sohadagi mutaxassislarni malaka oshirish bo‘yicha tajribasini O‘zbekistonga joriy etishga tayyorligini ma’lum qildi.

Muzokaralar yakunida Toshkentda Singapurda yuqori nufuzga ega bo‘lgan va xizmatlar sohasidagi boshqaruv va o‘rta bo‘g‘in kadrlar malakasini oshirishga ixtisoslashgan Singapur menejmentni rivojlantirish institutining Malaka oshirish markazi (Service Quality Centre) filialini tashkil etishga kelishildi. Mamlakatimiz hududlarida turizm va mehmonxona sohasidagi mutaxassislar uchun qisqa muddatli ingliz tiliga o‘qitish bo‘yicha o‘quv markazlari tashkil etiladigan bo‘ldi.

Shuningdek, kelishuvga ko‘ra, hamkorlikda zargarlar va zargarlik sohasidagi dizaynerlarni qayta tayyorlash, malakasini oshirish markazi tashkil etiladi. Ushbu malaka oshirish markazi Singapur tajribasiga muvofiq, hayot davomida mutaxassislarga kasbiy rivojlanish imkoniyatini beradi va zargarlik sohasida inson resurslarini rivojlantirishga yo‘naltiriladi. Kasbiy rivojlanish davomida yetarli miqdorda mikro kvalifikatsiyalarni egallagan mutaxassislarga Buyuk Britaniyaning Zargarlik ishi bo‘yicha bakalavr darajasiga ega bo‘lish imkoniyati yaratiladi.

Tomonlar muzokaralarni davom ettirishga va qisqa muddatda ushbu kelishuvlar bo‘yicha Memorandum loyihasini tayyorlashga kelishib oldi.

Ma’lumot uchun: Singapur malaka oshirish markazi (SQC) 1990 yilda tashkil etilgan bo‘lib, Singapur mehnat resurslarini rivojlantirish agentligining uzluksiz kasbiy rivojlanish va malaka oshirish markazi hisoblanadi va davlat va ishlab chiqarish buyurtmasi asosida turli soha xodimlari uchun qisqa muddatli intensiv malaka oshirish (bootcamp training) xizmatlarini ko‘rsatadi.

M.Qosimova, O‘zA