Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonda sho‘rlangan tuproqlar bo‘yicha xalqaro tarmoq yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi
22:48 / 2023-05-17

Global tuproq hamkorligi (GSP), Yevroosiyo tuproq hamkorligi (EASP) va Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va bir qator milliy hamkorlar bilan birgalikda 22-26 may kunlari Toshkent va Nukus shaharlarida Sho‘rlangan tuproqlar xalqaro tarmog‘i (INSAS)ning ikkinchi yig‘ilishini tashkil qilmoqda. Shu bilan birga, Yevroosiyo tuproq hamkorligining oltinchi yalpi yig‘ilishi va sho‘rlangan tuproqlarni tahlil qilish bo‘yicha Global tuproq laboratoriyalari tarmog‘ining treningi ham bo‘lib o‘tadi. Yirik xalqaro forumda Avstraliya, Armaniston, BAA, Bangladesh, Gruziya, Ispaniya, Italiya, Malayziya, Misr, Niderlandiya, Pokiston, Senegal, Tanzaniya, Fransiya, Xitoy, Markaziy Osiyo mamlakatlari kabi 30 dan ortiq mamlakat ekspertlari ishtirok etadi.

Tadbir dasturiga sho‘rlangan tuproqlar bo‘yicha seminar, INSAS ishchi guruhlarining texnik yig‘ilishlari va tuproqlarning sho‘rlanishiga qarshi kurash bo‘yicha treninglar kiritilgan, shuningdek, ishtirokchilarning antropogen omillar va suv resurslarini noto‘g‘ri boshqarish keng ko‘lamli ekologik falokatning sababi bo‘lib xizmat qilishining achchiq misollaridan biri bo‘lib qolgan qurigan Orol dengiziga tashrifi ham kutilmoqda. 

Agar suv hayot manbai bo‘lsa, tuproq barcha tirik mavjudotlarning onasidir. Tuproq salomatligi BMTning Barqaror Rivojlanish Maqsadlariga erishish uchun juda zarur va FAO tomonidan ishlab chiqilgan to‘rtta yaxshilash yo‘nalishi – ishlab chiqarishni yaxshilash, ovqatlanishni yaxshilash, atrof-muhitni yaxshilash va hayot sifatini yaxshilashning asosidir.

Tuproqning sho‘rlanishi undan noto‘g‘ri foydalanish, o‘g‘itlarni ortiqcha yoki nooqilona qo‘llash, o‘rmonlarning kesilishi, dengiz sathining ko‘tarilishi, ildiz zonasiga ta’sir qiladigan yer osti suvlari darajasining pastligi va boshqa sabablar tufayli juda tez sodir bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, muammo iqlim o‘zgarishi bilan yanada kuchayadi, chunki prognozlarga ko‘ra, global miqyosda qurg‘oqchilikka uchragan yer maydonlari asr oxiriga kelib, asosan rivojlanayotgan mamlakatlarda 23 foizga kengayishi mumkin.

Inson faoliyati ta’siri natijasida sho‘rlangan tuproqlar unumdorligi pasayib bormoqda, bu esa, o‘z navbatida, global ochlik va qashshoqlikka qarshi kurashishga tahdid solmoqda. Bundan tashqari, ular suv sifati va tuproq bioxilma-xilligini yomonlashtiradi, oqibatda tuproq eroziyasiga olib keladi.

Sho‘rlangan tuproqlar bo‘yicha xalqaro tarmoqning ikkinchi yig‘ilishi o‘tgan davrda erishilgan yutuqlarni ko‘rib chiqish va baholash, ustuvor yo‘nalishlarni aniqlash hamda 2023-2024 yillarga mo‘ljallangan ish rejasini ishlab chiqish, shuningdek, tarmoq a’zolarining hamkorligini mustahkamlash va tabiiy resurslarni samarali boshqarish, tuproqning sho‘rlanishiga qarshi kurashish sohasidagi ularning bilim va ko‘nikmalarini oshirishga hissa qo‘shish maqsadida chaqiriladi.

Tadbirlar Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vazirligi, Jahon banki, Barqaror rivojlanish yo‘lidagi ilmiy-tadqiqot va texnologik hamkorlik (SATREPS) hamda Niderlandiya qishloq xo‘jaligi, tabiat va oziq-ovqat sifati vazirligi tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi.

O‘zA