Ma’lumki, so‘nggi yillarda dunyoda talafotli zilzilalar soni ortib, ular aholi hayoti va mamlakatlarning ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmalariga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Shu bois yurtimizda seysmik xavfsizlikni ta’minlash sohasini doimiy takomillashtirib borish, mavjud va qurilayotgan bino-inshootlarning seysmik mustahkamligini ta’minlash, zilzilani prognozlash, monitoring qilish hamda unga tayyorgarlik ko‘rishda davlat organlari va tashkilotlarining o‘zaro aloqalarini kuchaytirish muhim ahamiyatga ega.
Seysmik xavfsizlikni ta’minlash sohasiga zamonaviy yondashuvlarni joriy qilish, bino va inshootlarning zilzilabardoshligini yanada oshirish, kuchli zilzilalarni prognoz qilishning yangi usullarini ishlab chiqish va ularga tayyorgarlik ko‘rishning zamonaviy tizimini yaratish maqsadida davlatimiz rahbarining 2024 yil 17 aprelda “Bino va inshootlarning zilzilabardoshligini oshirish hamda seysmik xavfni monitoring qilish faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori imzolandi.
Ushbu hujjatda belgilangan vazifalar ijrosi qanday amalga oshirilmoqda? Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi Loyiha faoliyati va seysmik xavfsizlik talablari muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Sh.Odilov bu haqda quyidagilarni ma’lum qildi:

– O‘zbekistonda seysmik xavfsizlik va zilzilaga tayyorgarlik ko‘rish ishlari kuchaytirilgan. Yuqoridagi qaror ijrosi yuzasidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 2024 yil 1 avgustdan boshlab xavflilik omili III-IV toifa bo‘lgan ob’ektlarni hududning zilzilalar kuchini ko‘rsatib beruvchi mintaqaviy akselerogrammalar bazalaridan kelib chiqib loyihalash va qurish tartibi joriy etildi. Shuningdek, yangi qurilishi rejalashtirilayotgan III-IV toifadagi ob’ektlarning loyiha smeta hujjatlarida zilzilabardoshlikka doir instrumental-texnik tekshiruvdan o‘tkazishni inobatga olish tartibi belgilandi. Yangi qurilgan barcha turdagi bino va inshootlar, ko‘p kvartirali uy-joylarning konstruktiv tizimi, qurilish maydonining seysmik darajasi, yuk ko‘taruvchi konstruksiyalar materiallarining mustahkamlik ko‘rsatkichlarini nazarda tutuvchi elektron texnik pasportlarni shakllantirish hamda Pasportbino.uz platformasiga kiritish shakllantirildi. Qolaversa, ko‘p qavatli (16 va undan yuqori) bino va inshootlarni loyihalash va qurish uchun milliy texnik jihatdan tartibga solish standartlarini ishlab chiqish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda. Normada ko‘zda tutilmagan texnik yechimlarni qo‘llagan xolda ob’ektlarni loyihalash bo‘yicha maxsus texnik shartlar ishlab chiqilib, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi huzuridagi ilmiy-texnik kengashda ko‘rib chiqilib xulosa berilmoqda. Hozirda maxsus texnik shartlarni kelishish tartibini raqamlashtirish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda.

Mazkur hujjatga asosan, seysmik faol zonalarda MSK-64 shkalasi bo‘yicha 8 va undan yuqori ballik seysmik faol zonalarda yangi qurilishi rejalashtirilayotgan 5 qavatdan yuqori tibbiyot ob’ektlari hamda 9 qavatdan yuqori binolarni aktiv seysmik himoyalash qurilmalari, shu jumladan, seysmoizolyatsiya va dempfer uskunalari bilan loyihalash amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan. Aktiv seysmik himoyalash qurilmalarini o‘rnatish qurilish ishlariga mas’ul bo‘lgan buyurtmachi tashkilotlar tomonidan moliyalashtiriladi.
Qolaversa, qarorda yangi qurilayotgan ob’ektlarning xavf-xatar toifasini hamda qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy inspektorlarning ish tajribasini inobatga olgan holda davlat nazoratini amalga oshirish ishlari tashkil etish belgilangan. Hujjat bilan seysmik xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan hududiy chora-tadbirlarni amalga oshirish rejalari tasdiqlandi. Hududlarda kuchli zilzilalarga tayyorgarlik ko‘rish ishlarini «aniq ilmiy prognozlarga asosan» tashkil etish maqsadida Seysmoprognostik monitoring respublika markazi tomonidan zilzila xavfi va prognoziga oid xulosalarni har oyda Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklariga kiritish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Agar xulosalarda kuchli zilzila xavfi haqida ogohlantirish bo‘lsa, tegishli hududlar rahbarlari tomonidan hududlarning zilzilaga tayyorgarlik ko‘rish rejalariga muvofiq ishlar tashkil etiladi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA