Sayyohlarni himoya qilish xalqaro kodeksi BMTning Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) tomonidan qabul qilingan muhim hujjat bo‘lib, u butun dunyodagi sayyohlarning huquqlarini himoya qilish va xavfsiz, adolatli turizmni ta’minlash, turizm sohasidagi tashkilotlarning mas’uliyatini oshirish hamda sayyohlar va turizm xizmat ko‘rsatuvchilar o‘rtasida ishonchni mustahkamlashni rejalashtirgan.
Qayd etish lozimki, O‘zbekiston joriy yilning 24 fevralida Butunjahon sayyohlik tashkilotining Sayyohlarni himoya qilish xalqaro kodeksiga rasman qo‘shilgan. Soha vakillarining ta’kidlashicha, mamlakatimizda ushbu kodeksga amal qilish orqali barcha sayyohlar uchun yanada xavfsiz va ishonchli sayohat muhitini yaratish maqsad qilingan.
Turizm qo‘mitasi matbuot xizmati tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatimizda Sayyohlarni himoya qilish xalqaro kodeksi qoidalari izchil ravishda amalga oshirilmoqda.
Hozirda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda qonunchilik, shartnomaviy amaliyot va xizmat ko‘rsatish standartlarini xalqaro tavsiyalarga muvofiqlashtirish maqsadida “Kodeks normalarini joriy etish bo‘yicha yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi va tasdiqlandi.
Shuningdek, turizm biznesi vakillari ishtirokida o‘tkazilayotgan axborot tadbirlari doirasida Kodeks normalari va qoidalari bo‘yicha barqaror tushunchalarni shakllantirish yuzasidan ishlar olib borilmoqda. Tadbirkorlar shartnomalarda sayyohlar xavfsizligini ta’minlash va huquqlarini himoya qilish bilan bog‘liq masalalarni yanada aniqroq aks ettirish bo‘yicha rag‘batlantirilmoqda.
Bugungi kunga kelib 70 dan ortiq turistik faoliyat sub’ekti o‘zlarining shartnoma hujjatlariga o‘zgartirish kiritib, asosiy qoidalarni Sayyohlarni himoya qilish xalqaro kodeksi tavsiyalarini inobatga olgan holda qayta shakllantirdi.
Ma’lumot o‘rnida aytish lozimki, aniq shartnomalar tuzish, bekor qilingan safar yoki xizmat uchun qaytarish va almashtirish imkoniyatini yaratish, sayyoh xavfda qolganda tezkor chora ko‘rish turizm tashkilotlarining majburiyatlaridir.
Kodeksning amaliyotda qo‘llanilishi O‘zbekistonning xalqaro sayohatlar uchun ishonchli va mas’uliyatli yo‘nalish sifatida imijini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA