Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonda savdo sohasidagi korxonalar qancha soliq to‘ladi?
12:08 / 2025-12-17

So‘nggi yillarda savdo sohasida soliq ma’murchiligini raqamlashtirish, elektron hisob-kitob tizimlarini joriy etish va nazorat mexanizmlarini kuchaytirish davlat byudjeti tushumlarining o‘sishiga xizmat qilmoqda.

Jumladan, joriy yilning yanvar–oktyabr oylarida O‘zbekistonda savdo faoliyati bilan shug‘ullanuvchi 151 ming 492 ta yuridik shaxs tomonidan jami 28,8 trillion so‘mdan ortiq soliq to‘langan. Bu haqda Soliq qo‘mitasi ma’lumotlarida keltirildi.

Tahlillarga ko‘ra, mazkur soliq tushumlarining 2,3 trillion so‘mi, ya’ni 8 foizi atigi 20 ta yirik soliq to‘lovchi korxona hissasiga to‘g‘ri kelgan. Ushbu korxonalarning umumiy tovar aylanmasi 45,5 trillion so‘mni tashkil etgan bo‘lib, qo‘llanilgan soliq imtiyozlari hajmi 301,8 milliard so‘mga yetgan.

Keltirilgan raqamlardan ko‘rinib turibdiki, savdo sohasida soliq tushumlarining sezilarli qismi cheklangan sondagi yirik korxonalar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Bu holat, bir tomondan, yirik biznesning iqtisodiyotdagi o‘rni va soliq intizomining nisbatan yuqoriligini ko‘rsatsa, ikkinchi tomondan soliq tushumlarining yuqori darajada konsentratsiyalashuvi muayyan xatarlarni ham keltirib chiqaradi.

Xususan, yirik soliq to‘lovchilar faoliyatidagi har qanday pasayish davlat byudjeti daromadlariga bevosita ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Kichik va o‘rta biznes ulushining yetarlicha o‘smasligi soliq bazasining barqarorligini cheklab qo‘yadi.

Rasmiy manbalarga ko‘ra, savdo sohasida soliq tushumlarining o‘sishida onlayn-KKM, elektron hisob-fakturalar, soliq ma’murchiligining raqamlashtirilishi va xavflarni tahlil qilishga asoslangan nazorat tizimlari muhim ahamiyat kasb etmoqda.  

Bu esa yashirin aylanmani qisqartirish, soliq hisobotlarining shaffofligini oshirish va teng raqobat muhitini shakllantirishga xizmat qilmoqda.

Xulosa qilib aytganda, joriy yilning o‘n oyi yakunlari savdo sohasi davlat byudjeti uchun muhim soliq manbalaridan biri bo‘lib qolayotganini ko‘rsatadi.

Shahnoza Mamaturopova,

O‘zA