Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonda razryadli va unvonli sportchilar soni qancha?
14:02 / 2025-12-11

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston–2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmonida milliy terma jamoalar uchun yuqori malakali va natijador sportchilarni tayyorlash, razryadli va unvonli sportchilar sonini kamida 15 ming nafarga yetkazish vazifasi belgilangan.

Xo‘sh, o‘tayotgan yil davomida ushbu yo‘nalishda qanday ishlar amalga oshirildi?  

Har qanday sportchining yuqori natijalarga erishishi, ma’lum bir razryad talablarini bajarishi, mashg‘ulotlarning samarali o‘tkazilishi hamda respublika darajasidagi musobaqalarda qayd etgan natijalari bilan belgilanadi. E’tiborli jihati, o‘tayotgan yil davomida sport turlari bo‘yicha Sport vazirligi taqvim rejasidagi chempionatlar, birinchiliklar, turnirlar yuqori saviyada tashkil etilgani bilan e’tiborga molik bo‘ldi.

Yurtimizda sportchilarni, ro‘yxatga olishning yagona elektron tizimi joriy etilishi natijasida hozir nafaqat O‘zbekiston chempionati, balki hududiy musobaqalar, ularda qatnashayotgan yosh sportchilarning natijalari tegishli sport federatsiyalarida, ta’lim muassasalaridagi mutaxassislar ishtirokida ko‘rib chiqilmoqda, tahlil etilmoqda. Ma’lum bir xulosalar, takliflar ilgari surilyapti. Sportchilarga unvon va razryadlarni berish tizimida shaffoflikni ta’minlash ishlarida ijobiy ko‘rsatkichlar qayd qilinmoqda.

Joriy yilda mamlakatimiz bo‘yicha umumiy hisobda 27 ming 167 nafar razryadli va unvonli sportchilar tayyorlandi. Shundan 26 ming 707 nafari razryadli, 460 nafari unvonli sportchilar hissasiga to‘g‘ri keldi.

Natijada razryadli va unvonli sportchilar soni o‘tgan davrga nisbatan 14,5 foizga oshgani va davlat dasturida ko‘zda tutilgan maqsad to‘laqonli bajarilganini ta’kidlash lozim.

Shunday holatda razryadli va unvonli sportchilar soni hududlar kesimida qanday ko‘rinishga ega, degan haqli savol tug‘iladi.

Bu borada Farg‘ona viloyati 3 ming 281 nafar razryadli va unvonli sportchilarni tayyorlagan holda yetakchilikka erishgan bo‘lsa, keyingi o‘rindan joy olgan Surxondaryo viloyatida 3 ming 163 nafar shunday darajaga erishganlar tayyorlangan. Qoraqalpog‘iston Respublikasida 1 636, Andijon viloyatida 1 579, Buxoro viloyatida 2 900, Jizzax viloyatida 1 096, Qashqadaryo viloyatida 1 384, Navoiy viloyatida 1 473, Namangan viloyatida 1 587, Samarqand viloyatida 1 641, Sirdaryo viloyatida 2 527, Toshkent viloyatida 2 038, Xorazm viloyatida 1 608 va Toshkent shahrida 1 254 nafar  razryadli va unvonli sportchilar tayyorlagan.

Shu o‘rinda aytish lozim, bu borada sport unvonlari va razryadlarini berish tartibi muhim o‘rin tutadi. Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 4 noyabrdagi tegishli qarori bilan “Sportchilarga sport unvonlari va sport razryadlarini berish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti” tasdiqlangan bo‘lib, ushbu hujjat orqali sport unvonlarini berish jarayoni aniq me’yor va shaffof tartibga solindi.

– Mazkur reglament asosida yil davomida jami 6 ming 385 ta sport unvonlarini olish bo‘yicha hujjatlar ko‘rib chiqildi. Shundan 5 ming 573 tasi “sport ustasi”, 812 tasi “xalqaro toifadagi sport ustasi” unvonlarini berish bo‘yicha arizalarga to‘g‘ri keladi. Yakuniy xulosalarga ko‘ra, 1 ming 910 ta hujjat, jumladan 1 ming 713 ta “sport ustasi” va 197 ta “xalqaro toifadagi sport ustasi” unvonlari tasdiqlandi, – deydi sport vazirining axborot siyosati bo‘yicha maslahatchisi – matbuot kotibi Nurbek Salomov.

E’tiborli jihati, yaratilgan qulayliklar hamda belgilangan rejalar natijasida O‘zbekistonda milliy terma jamoalar zaxirasi kengayib, xalqaro maydonda yurtimiz sharafini munosib himoya qiladigan yuqori malakali sportchilar avlodi yetishishiga mustahkam zamin tayyorlanmoqda.

T.Ro‘ziyev, O‘zA