Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonda raqamli markirovka tizimi yanada takomillashtirildi
17:17 / 2026-02-13

O‘zbekistonda tovarlarning harakatini nazorat qilish tizimi yanada takomillashtirildi.

Vazirlar Mahkamasining joriy yilning 11-fevralida “Raqamli markirovkalangan tovarlarning harakatini kuzatib borish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.  

Qarorga ko‘ra, 2026-yil 1-iyundan O‘zbekiston va hamkor davlatlar suv hamda salqin ichimliklar uchun raqamli markirovka kodlarini o‘zaro tan olish tizimini joriy qiladi. Bu tashqi savdoni osonlashtirish va xalqaro monitoringni tezkor qilish imkonini beradi.

Ma’lumotlar va raqamli kodlarni tan olish, ularni nazorat qilish vazifasi Soliq qo‘mitasiga topshirildi. Bu organ raqamli markirovka tizimida barcha huquqiy va texnik masalalarni yuritadi.

Mahsulotlarni markirovkalash va kuzatib borish milliy axborot tizimi  “Asl belgisi” — raqamli ma’lumotlarni qabul qilish, qayta ishlash, saqlash va himoya qilish uchun asosiy operator sifatida belgilandi. Bu tizim tovarlar harakatining har bir bosqichini elektron tizimda ro‘yxatga olishni ta’minlaydi.

Raqamli markirovka ma’lumotlari faqat O‘zbekiston hududida joylashgan data-markazlarda saqlanadi va qayta ishlanadi. Shu bilan birga, ular xorijiy davlat organlari va tashkilotlar bilan xalqaro shartnomalar asosida, axborot xavfsizligi talablari saqlangan holda almashtirilishi mumkin.

Mazkur  qaror bilan kontrafakt va yashirin savdoning oldi olinadi. Savdo va eksport-import jarayonlari osonlashtiriladi. Axborot xavfsizligi kuchaytiriladi.

O‘zbekistonda raqamli markirovka tizimining takomillashtirilishi, nafaqat ichki bozorda shaffoflikni ta’minlaydi, balki xalqaro savdo hamkorliklarini ham mustahkamlaydi.

Sh.Mamaturopova, O‘zA