Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonda Ramazon oyining boshlanishi 2026-yilning 19-fevralidan deb belgilandi
10:03 / 2026-02-17

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston musulmonlari idorasi ma’lumotlariga muvofiq, mamlakatimiz hududida Ramazon oyining boshlanishi 2026-yilning 19-fevralidan deb belgilandi. 

– Keyingi yillarda mamlakatimizda inson qadri, huquq va manfaatlarini ta’minlash, jamiyatimizda tinchlik, do‘stlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, aholi, ayniqsa, ehtiyojmand toifalarni ijtimoiy himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarimiz tufayli muqaddas islom dinining insonparvarlik mohiyati, o‘zaro ahillik, saxovat va shukronalik g‘oyalarini o‘zida mujassam etgan muborak Ramazon oyi xalqimiz qalbiga yanada yaqin va mo‘’tabar ayyomga aylanmoqda, deb yoziladi qarorda. 

Qarorda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash "Nuroniy" jamg‘armasi va boshqa hamkor tashkilotlar bilan birgalikda mamlakatimizda Ramazon oyini milliy an’ana va qadriyatlarga mos tarzda o‘tkazishga doir chora-tadbirlar amalga oshirilishi belgilab berilgan.

"Ramazon - mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi" degan ezgu g‘oya asosida: 

a) kam ta’minlangan, ehtiyojmand, ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash; 

b) mahallalarni o‘zaro hurmat, hamjihatlik, adolat va tarbiya maskaniga aylantirish; 

v) yer, suv, havo va tabiiy muhitni asrash, muqaddas qadamjolar, ziyoratgoh va qabristonlarni obod etish; 

g) Ramazon oyi bilan bog‘liq tadbirlarni isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymasdan, ixcham, mazmunli va tejamkorlik asosida o‘tkazishga alohida e’tibor beriladi.

O‘zA