O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Respublika radioaktiv chiqindilarni saqlash markazi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi instituti huzuridagi Respublika radioaktiv chiqindilarni ko‘mish punkti negizida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan Yadro fizikasi instituti huzuridagi Respublika radioaktiv chiqindilarni saqlash markazi tashkil etiladi.
Qarorga ko‘ra:
Markaz respublikadagi radioaktiv chiqindilarni maxsus avtotransportda tashish, qabul qilish, saralash va uzoq muddatli xavfsiz saqlash bo‘yicha yagona xizmat ko‘rsatuvchi davlat muassasasi sifatida faoliyat yuritadi;
Markaz xodimlarining umumiy cheklangan soni 34 nafar etib belgilandi;
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tomonidan Markaz tuzilmasi va ustavi tasdiqlandi;
Markaz xodimlari mehnatiga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirish shartlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining ilmiy tashkilotlari xodimlariga tenglashtiriladi;
Markazning shartnoma asosida bajarilgan ishlari va xizmatlaridan tushadigan mablag‘larning kamida 50 foizi moddiy-texnik bazani mustahkamlashga, ko‘pi bilan 50 foizgacha bo‘lgan qismi xodimlarni moddiy rag‘batlantirish va ijtimoiy himoya qilish tadbirlariga yo‘naltirilishiga ruxsat beriladi.
Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari etib belgilandi:
respublikada ishlab chiqarilgan va unga olib kirilgan, ishlash muddati tugagan yoki ishdan chiqqan radioaktiv manbalar, radioaktiv moddalar bilan ishlash jarayonida hosil bo‘lgan radioaktiv chiqindilarni saralash, qayta ishlash, uzoq muddatli saqlash;
radioaktiv chiqindilar bilan muomala qilishning innovatsion usullarini ishlab chiqish va bu sohada ilmiy tadqiqot o‘tkazish;
sohada raqamlashtirish va axborot texnologiyalarini qo‘llash hamda tegishli davlat organlari bilan axborot almashinuvini ta’minlash;
xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirish va sohaga ilg‘or xorijiy tajribalarni tatbiq etish.
Qaror bilan:
Respublika radioaktiv chiqindilarni saqlash markazini yanada takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi;
Respublika radioaktiv chiqindilarni saqlash markazi xodimlari mehnatiga haq to‘lash razryadlari va tarif koeffitsiyentlari tasdiqlandi.
O‘zA