So‘nggi yillarda mamlakatimizda soliq ma’murchiligini takomillashtirish va iqtisodiyotni raqamlashtirish borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonlar tadbirkorlik sub’ektlarini rasmiy iqtisodiyotga jalb etish, hisob-kitoblarni shaffoflashtirish hamda byudjet tushumlarini barqaror oshirishga xizmat qilmoqda.
Soliq qo‘mitasining ma’lum qilishicha, 2026-yil 1-fevral holatiga ko‘ra, mamlakatimizda maxsus ro‘yxatdan o‘tgan qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) to‘lovchilari soni 265 697 tani tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 31 foizga ko‘pdir. Rasmiy statistik ma’lumotlar soliq ma’murchiligini takomillashtirish va iqtisodiyotni raqamlashtirish jarayonlari o‘z samarasini berayotganini ko‘rsatmoqda.
Tahlillarga ko‘ra, QQS to‘lovchilari eng ko‘p qayd etilgan sohalar: savdo (99,5 ming), qishloq xo‘jaligi (49,9 ming), xizmat ko‘rsatish (40,6 ming) sohasidir.
Savdo sohasining yetakchilik qilishi ichki bozor faolligining yuqori ekanini anglatadi. Qishloq xo‘jaligidagi ko‘rsatkichlar esa agrar tarmoqda ishlab chiqarish bilan birga qayta ishlash va realizatsiya jarayonlari ham faollashayotganini ko‘rsatadi.
Sohalar bo‘yicha o‘sish sur’atlari tahlil qilinganda, xizmat ko‘rsatish tarmog‘i alohida ajralib turibdi. Ushbu yo‘nalishda QQS to‘lovchilari soni bir yilda 86,5 foizga oshgan. Savdo sohasida o‘sish 46,3 foizni, axborot va aloqa sohasida esa 22,6 foizni tashkil etgan. Bu holat iqtisodiyotda xizmatlar ulushi ortib borayotgani, ayniqsa, raqamli xizmatlar, IT yo‘nalishlari va onlayn savdo segmenti kengayayotganini tasdiqlaydi.
Qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilari sonining ko‘payishi biznes sub’ektlarining rasmiy iqtisodiyotga jalb etilishi kuchayganini anglatadi. Soliq tizimida raqamli platformalarning joriy etilishi, hisob-kitoblarning avtomatlashtirilishi va elektron hisob-fakturalar amaliyoti kengayishi tadbirkorlar uchun qulaylik yaratmoqda.
Natijada soliq intizomi mustahkamlanib, davlat byudjetiga tushumlar barqaror o‘sish tendensiyasini namoyon etmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, 2026-yil boshidagi ma’lumotlar, O‘zbekiston iqtisodiyotida tarkibiy o‘zgarishlar davom etayotganini ko‘rsatadi. Savdo, xizmat ko‘rsatish va axborot-kommunikatsiya sohalaridagi faollikning oshishi iqtisodiy islohotlar samarasini aks ettirmoqda. Qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilari sonining 31 foizga o‘sishi biznes muhitining yaxshilanishi, tadbirkorlik faolligining oshishi va iqtisodiyotning shaffoflashuvi belgisidir.
Sh.Mamaturopova, O‘zA