AOKAda o‘tkazilgan brifingda "O‘zgidromet" boshqarma boshlig‘i Azimjon Narzullayev iqlim o‘zgarishi muammolari, xorijiy va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik faoliyatining asosiy ko‘rsatkichlari haqida ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, sohada amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar natijasida taqdim etilayotgan ma’lumotlarning oqlanish darajasi, qisqa muddatli ob-havo prognozlari ishonchliligi 93 foizni, o‘rta muddatli ob-havo prognozlari ishonchliligi 90 foizni, xavfli meteorologik hodisalar yuzaga kelishi yuzasidan shoshilinch axborotlar ishonchliligi 97 foizni tashkil etmoqda.
Joriy yilda Butunjahon meteorologik tashkiloti ma’lumotlar bazasiga kunlik ob-havo ma’lumotlari yuboriladigan stansiyalar soni amaldagi 39 tadan 79 taga oshirildi.
O‘zgidromet tomonidan sohani modernizatsiya qilish, kuzatuvlar tarmog‘ini rivojlantirish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, xodimlar salohiyatini oshirishga yo‘naltirilgan umumiy qiymati 19,5 mln. AQSH dollari bo‘lgan 6 ta xalqaro grant loyihasi amalga oshirilmoqda.
Loyihalar doirasida 50 ta avtomatik meteostansiya, 12 ta avtomatik agrometeorologik stansiya, 1 ta mobil ekologik laboratoriya va 1 dona superkompyuter uskunasi, shuningdek, “Zamin” jamoat fondi bilan hamkorlikda 8 ta atmosfera havosi ifloslanishini kuzatish avtomatik stansiyasii o‘rnatildi. Yil yakuniga kuniga qadar yana shunday 8 ta stansiya olib kelinadi.
Ushbu loyihalarni amalga oshirishda BMTning Taraqqiyot dasturi, Atrof-muhit dasturi, Jahon banki, Yashil iqlim jamg‘armasi, Moslashish jamg‘armasi, Global ekologik jamg‘arma, Germaniyaning Xalqaro hamkorlik jamiyati kabi xalqaro tashkilotlar bilan yaqindan hamkorlik qilinmoqda.
Sh.Mamaturopova, O‘zA