Yurtimizda aholining demografik va ijtimoiy-iqtisodiy xususiyatlari, yashash darajasi, hududning qishloq xo‘jaligi holati, fuqarolarni asosiy turdagi mahsulotlar bilan ta’minlash masalasi hamisha e’tibor markazida sanaladi.
Joriy yilning 19 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan “O‘zbekiston Respublikasida aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazish to‘g‘risida” farmon qabul qilindi. Xo‘sh, qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishning ahamiyati nimada, mazkur farmon bilan qanday o‘zgarishlar kutiladi? Shu kabi savollar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Statistik tahlil va prognozlashtirish bo‘limi boshlig‘i Javlonbek Xolovning fikrlarini oldik.
– Avvalo, qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishning ahamiyati haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, bundan ko‘zlangan maqsad – hududlarda qishloq xo‘jaligining tarkibiy holatini baholash, mazkur faoliyatga xizmat qiluvchi infratuzilmani rivojlantirish, resurslardan samarali foydalanishni tashkil etishdir, – deya so‘zini boshlaydi J.Xolov.
– Ro‘yxatga olishning yakuniy ma’lumotlari tahlili natijasida esa qisqa, o‘rta va uzoq muddatli prognozlar ishlab chiqilib, pirovardida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishga oid davlat dasturlarini ishlab chiqish va indikativ rejalashtiriladi.

Aytish lozimki, bu – O‘zbekiston Respublikasida 2026 yilda aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirlarini o‘tkazish milliy statistika tizimida muhim qadam bo‘ladi. Binobarin, qishloq xo‘jaligida bunday tadbir respublikamiz tarixida bo‘lmagan. Aynan oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash nuqtai nazardan ham juda muhim jarayon. Sababi, aholining tarkibi va migratsiyasi, oilaviy holati, faoliyat turi, daromad manbalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar ularning oziq-ovqat bilan ta’minlanishida muhim o‘rin tutadi.
Hujjatga ko‘ra endilikda turli balanslarni hisoblashda statistik ma’lumotlardan kengroq foydalanish imkoniyati paydo bo‘ladi. Ya’ni qishloq xo‘jaligi ekin yerlari balansi, oziq-ovqat balansi, chorva ozuqasi, qishloq xo‘jaligi maydoni va unga ko‘rsatilgan xizmatlar balansi va boshqalar shular jumlasidandir.
Bundan tashqari, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini belgilash uchun 38 million aholining tarkibi va migratsiyasi, oilaviy holati, faoliyat turi, daromad manbalari to‘g‘risida Yevropa statistiklari konferensiyasining 2020 yildagi tavsiyalari asosida yagona ma’lumotlar bazasi shakllantiriladi.
26 million gektar qishloq xo‘jaligi yerlarining foydalanish holatini o‘rganish, chorva mollari va parrandalar sonini aniqlash orqali qishloq xo‘jaligiga yo‘naltirilayotgan yillik 25,6 trillion so‘m, jumladan, 2,2 trillion so‘m byudjet mablag‘lari samarali sarflanishini, sohadagi xizmatlar hajmini aniqlash va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash uchun zarur ma’lumotlar to‘plami yaratiladi.
Aholi va qishloq xo‘jaligining o‘sish tendensiyalarini hududlar kesimida aniq hisob-kitob qilgan holda ijtimoiy soha ob’ektlarini kengaytirishga yo‘naltirilayotgan yillik 25,2 trillion so‘m mablag‘ning manzilli sarflanishi ta’minlanadi.
Shuningdek, respublikaning har bir ma’muriy-hududiy birligi va mahallalar kesimida aholining turli tavsiflari to‘g‘risida yagona statistik uslubiyot asosida xalqaro darajada taqqoslash mumkin bo‘lgan ma’lumotlarni shakllantirish orqali mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligi va xalqaro reytinglardagi o‘rni yaxshilanadi.
Qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish yana bir jihatdan dolzarb sanaladi, ya’ni, bu norasmiy sektor – dehqon va tomorqa xo‘jaliklari faoliyatiga yanada aniqlik kiritadi. Ma’lumotlarga tayanadigan bo‘lsak, bugungi kunda ishlab chiqarilgan 440 trillion so‘mlik qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining 278 trillion so‘mi, ya’ni 63 foizi shu toifadagi xo‘jaliklarga to‘g‘ri keladi. Bu dehqonchilikda 36 foiz, chorvachilikda esa 87 foizга teng.
Rasmiy statistika ma’lumotlariga ko‘ra, mahsulotning asosiy chiqaruvchisi bo‘lgan dehqon va tomorqa xo‘jaliklari natijalarini hozirda belgilangan tartib bo‘yicha mahalla fuqarolari yig‘inlari baholab, ularning umumlashtirilgan statistik hisoboti taqdim etib kelinmoqda. Bu esa tahlilchilar, ekspertlar va ma’lumotlardan foydalanuvchilarda rasmiy statistikaga bo‘lgan ishonchni pasaytiradi, shu bois yoppasiga ro‘yxatga olish turli tahlillarga yechim bo‘ladi.
So‘nggi – 2022-2024 yillarda sohada qilingan muhim islohotlardan biri – fuqarolarga dehqon xo‘jaliklari tashkil etish uchun 250 ming gektardan ortiq yer maydonlari ajratilgani. Endi esa ularning samarali ishlashi, muammolari va boshqa ma’lumotlari tahliliy ro‘yxatga olinishi bilan yanada shakllanib boradi.
Ma’lumki, bugun kuzatilmaydigan iqtisodiyot ulushi qishloq xo‘jaligi sohasida eng yuqori – 75 foizни tashkil etadi, ro‘yxatga olish orqali kuzatilmaydigan, jumladan, yashirin iqtisodiyot bo‘yicha sohadagi ko‘rsatkichlarni aniqlash imkoni kengayadi.
Bundan tashqari, olingan ma’lumotlardan kelgusida qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari, ayniqsa, kichik ishlab chiqaruvchilar, dehqon va tomorqa xo‘jaliklari orasida turli so‘rovnomalarni o‘tkazish, ularni to‘g‘ri tanlashda muhim baza yaratiladi.
Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash borasida esa boshqaruv qarorlarini qabul qilish, ishlab chiqarishni prognozlash hamda keyinchalik tanlanma kuzatuvlar o‘tkazishda bosh manba bo‘lib xizmat qiladi.
Abdulaziz RUSTAMOV yozib oldi, O‘zA