Geografik ko‘rsatkich bo‘yicha loyiha natijasi e’lon qilindi
Toshkentda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) tomonidan Adliya hamda Qishloq xo‘jaligi vazirliklari bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Geografik ko‘rsatkich orqali barqaror oziq-ovqat tizimini mustahkamlash” loyihasining yakuniy seminari bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda milliy va xalqaro ekspertlar loyiha natijasini tahlil etib, kelgusida mamlakatda geografik ko‘rsatkichdan foydalanish amaliyotini yanada keng joriy etish masalasini muhokama qildi.
Geografik ko‘rsatkichga ega mahsulotlar shunchaki tovar emas: muayyan mintaqaning tarixi, an’anasi, o‘ziga xosligini aks ettirgan noyob qishloq xo‘jaligi, madaniy, pazandalik va gastronomik merosini tashkil etadi.
Masalan, qo‘y sutidan tayyorlanadigan haqiqiy “Rokfor” pishlog‘i geografik ko‘rsatkichga ko‘ra, faqat Fransiyaning tarixiy Ruerg viloyati hududidagi g‘orda yetilishi mumkin. Bu – mahsulot ma’lum bir hududning o‘ziga xos “tashrif qog‘ozi”ga aylanadigan holat.
Yurtimizda ham barqaror, ko‘p yillik obro‘ga ega, kelib chiqish joyi an’anaviy bilim, maxsus texnologiya bilan chambarchas bog‘liq, shuning uchun ham noyob meros sifatida namoyon bo‘ladigan ko‘plab an’anaviy mahsulotlarimiz mavjud. Har bir mintaqa o‘nlab qishloq xo‘jaligi ekini, qo‘l mehnati mahsuli yoki mahalliy gastronomik taomiga ega. Farg‘ona vodiysida mashhur Rishton sopoli, Quva anori, To‘raqo‘rg‘on gilosi, Chust pichog‘i bor. Samarqand noni, Xorazm qovuni, Parkent uzumi O‘zbekiston chegarasidan tashqarida ham mashhur.
– Jahon amaliyoti geografik ko‘rsatkichdan foydalanish hududning eksport salohiyatini oshirib, hududiy brendlashda samarali vositasi bo‘lib xizmat qilishi mumkinligini ko‘rsatadi, – deydi FAOning O‘zbekistondagi vakili o‘rinbosari Sherzod Umarov. – Zero, mahsulot tanilishini ta’minlash bozor talabi o‘sishiga olib keladi, ishlab chiqarilgan hudud obro‘sini oshiradi.
Seminarda “Geografik ko‘rsatkich orqali barqaror oziq-ovqat tizimini mustahkamlash” loyihasining maqsadi geografik ko‘rsatkichni keng joriy etish orqali O‘zbekiston qishloqlarini rivojlantirishga hissa qo‘shish ekani aytildi. Bu ishlab chiqaruvchiga marketing strategiyasini aniqlash, bozor ishtirokchisi, jumladan rasmiy hokimiyat idorasi va mahalliy ishlab chiqaruvchi guruhlar xabardorligini, o‘zaro qiziqishini oshirishda ko‘maklashadi.
FAO ekspertlari ishtirokida ishlab chiqilgan “Geografik ko‘rsatkich to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq, mamlakatdagi geografik ko‘rsatkichga ega tovarlar intellektual mulk ob’ekti sifatida huquqiy himoyaga olinadi. Hujjat qabul qilingandan keyingi bir yilda mamlakatimizning bir necha mahsuloti – Marg‘ilon adrasi va atlasi, Qo‘qon pichog‘i, Zomin tandir-go‘shti va G‘ijduvon kabobi, shuningdek Quva anori, Rishton keramikasi, Mirzacho‘l qovuni va O‘rta Zarafshon vohasi Yantoq asali intellektual mulk ob’ekti sifatida ro‘yxatga olindi.
Anjuman yakuniy qismida so‘zga chiqqan mahalliy va xorijiy ekspertlar O‘zbekiston geografik ko‘rsatkichi kelajagi haqida gapirib, bu borada hali ko‘p ish qilinishi lozimligini ta’kidladi.
Geografik ko‘rsatkich bo‘yicha talabnoma berish va ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi, shuningdek ishlab chiqaruvchi va iste’molchi kelgusida kafolatlangan qo‘shimcha rag‘batga, ustuvorlikka ega bo‘lishi uchun geografik ko‘rsatkichdan foydalanishning afzalligi xususida keng xabardorlik zarur, degan fikr bildirildi.
Behruz Xudoyberdiyev, O‘zA