Ichki ishlar organlari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida o‘tkazilgan matbuot anjumanida soha xodimlarining asosiy vazifalaridan biri bo‘lgan jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan ishlarga alohida e’tibor qaratildi.
Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari – Tergov departamenti boshlig‘i Ramazon Ashropov oldini olish lozim bo‘lgan jinoyatlar joriy yilning o‘tgan davrida 4 ming 192 taga kamayganini qayd etdi. Jumladan, qotillik jinoyati 15 foizga kamaygan.
Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish, o‘g‘rilik, talonchilik, bosqinchilik, firibgarlik, bezorilik, yo‘l-transport hodisalari va transport vositasini olib qochish kabi jinoyatlar bo‘yicha ham kamayish kuzatilgan.

Yoshlar, voyaga yetmaganlar, ayollar, muqaddam sudlanganlar, mastlar, ishsizlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar ham kamaygan. Biroq nomusga tegish jinoyati 6 foizga oshgan.
– Qayd etish kerakki, davlatimiz zo‘ravonlikka qarshi kurashga qaratilgan qonun qabul qilgan Markaziy Osiyodagi birinchi davlat hisoblanadi, – dedi Tergov departamenti rahbari R.Ashropov. – Bu boradagi ishlar shaxsan Prezident Administratsiyasi rahbari tomonidan nazoratga olingan. Ayollarning huquqlarini himoya qilishni ta’minlash, ularga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashish borasida qat’iy chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Umuman olganda, zo‘ravonlikning har qanday ko‘rinishiga qarshi murosasiz kurashish, mahallalarda xavfsiz muhit yaratish, har bir qilmish uchun “jazo muqarrarligi”ni ta’minlash borasida bundan keyin ham kuchaytirilgan tarzda tizimli ishlar olib boriladi.
Keyingi besh yilda 50 mingga yaqin narkojinoyat aniqlanib, 10,5 tonnadan ortiq giyohvandlik moddalari olingan. Bu borada yildan-yilga ko‘payish tendensiyasi kuzatilmoqda.
2021-2024 yillarda sintetik giyohvandlik vositalarini qo‘lbola usulda ishlab chiqaruvchi 11 narkolaboratoriya aniqlangan bo‘lsa, joriy yil 11 oyida bu ko‘rsatkich 13 taga yetgan.

Besh yilda noqonuniy muomaladan olingan sintetik giyohvandlik vositalari miqdori yigirma baravarga, kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari to‘qqiz baravarga o‘sgan.
Og‘ir turdagi giyohvandlik vositalari (geroin, opiy, gashish)ning noqonuniy aylanmasi uch baravarga oshgan.
Internet tarmog‘i yordamida giyohvandlik vositalari savdosi ko‘payib, joriy yilning o‘tgan davrida har uchinchi narkojinoyat internet yordamida sodir etilgan.
Bundan tashqari, giyohvandlik vositalari reklamasi bilan bog‘liq narkograffiti 2021 yilga nisbatan keskin ko‘paygan. (227 tadan 12 ming 640 taga).
Bu boradagi jinoiy guruhlarni aniqlash, chegaradagi ishlarni kuchaytirish, har bir davlat idoralarining mas’uliyatini oshirish, narkojinoyatlarga qarshi kurashishda yangicha ish uslublarini amaliyotga joriy etish borasida qat’iy chora-tadbirlar belgilandi.
2021-2025 yillar davomida mingdan ziyod uyushgan guruhlar tarkibidagi 4 ming 217 nafar shaxs tomonidan 5 ming 358 ta jinoyat sodir etilgani aniqlanib, faoliyatiga chek qo‘yildi.
Uyushgan guruhlarning 71 tasi davlatlararo, 240 tasi viloyatlararo, 344 tasi bir viloyat hududida, 413 tasi bir tuman (miqyosida faoliyat yuritgan. Ular mulkiy, iqtisodiy, jamoat tartibini buzish, shaxsning hayoti va sog‘lig‘iga qarshi, korrupsiyaviy, mansabdorlik, giyohvandlik, odam savdosi, terrorizm kabi jinoyatlar bilan shug‘ullanib kelgan.
Norgul Abduraimova,
Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA