Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonda prokuratura organlari xodimlari kuni nishonlanmoqda
09:50 / 2024-01-08

Bugun, 8 yanvar – O‘zbekiston Respublikasi prokuratura organlari xodimlari kun.

2016 yil 19 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi prokuratura organlari xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, 8 yanvar O‘zbekistonda prokuratura organlari xodimlari kuni etib belgilangan. Shundan beri bu sana yurtimizda keng nishonlab kelinmoqda.  

Prokuratura organlari – mamlakatda qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini muhofaza qilish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida izchil faoliyat yuritmoqda.  

Prokuratura organlarining bugungi faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida amalga oshirilayotgan  islohotlarni, jumladan, yangi tahrirdagi Konstitutsiya talablarining to‘liq va so‘zsiz bajarilishini ta’minlash, barcha sohalarda qonuniylikni mustahkamlashga yo‘naltirilgan.  

Prokuratura organlari tomonidan aniqlangan qonunbuzilishi holatlari yuzasidan qo‘llanilayotgan nazorat hujjatlari tufayli minglab  fuqaroning buzilgan huquqlari tiklanmoqda.  

Aholini ijtimoiy muhofaza qilish, bandligini ta’minlash, muhtoj oilalarni, yoshlar va xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga oid qonunchilik ijrosini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotir.  

Tadbirkorlik sub’ektlarini har tomonlama qo‘llab - quvvatlash, qulay biznes muhitini yaratish masalasi ham prokuratura organlari e’tiborida.  

Xususan, tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, investitsiyalarni jalb etish, eksport hajmini oshirish kabi iqtisodiyot rivojidagi dolzarb yo‘nalishlarda tizimli tadbirlar amalga oshirilgani natijasida 2023 yil 9 oyida qariyb 12 ming nafar tadbirkorning buzilgan huquqlari tiklangan, 26 ming nafardan ortig‘iga muammolarini bartaraf etishda ko‘maklashilgan.  

Prokurorlar tomonidan yoqilg‘i-energetika, qurilish, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik, ekologiya kabi sohalarda amalga oshirilgan ishlar va mavjud muammolar o‘z vaqtida aniqlanib, hal etilmoqda.    

Xususan, kuz-qish mavsumida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha ob’ektlarini energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash maqsadida qisqa muddatda prokuratura organlari aralashuvi natijasida 300 dan ziyod jiddiy muammo bartaraf etilishiga erishildi.  

Jumladan, tabiiy gaz, elektr energiyasi, ichimlik suvi va issiqlik tarmoqlari barpo etildi. Gaz taqsimlash, transformator punktlari, suv nasoslari hamda qozonxonalar yangilandi, ko‘p xonadonli uylar va ularning muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari ta’mirlandi.  

Ko‘mir mahsulotlarini joylarga barqaror yetkazib berishni ta’minlash, ko‘mirni talon-toroj qilishning oldini olish borasida prokuratura organlari tomonidan muayyan ishlar amalga oshirildi.  

Yer resurslaridan samarali va oqilona foydalanishni ta’minlash masalalari bo‘yicha ham nazorat tadbirlari o‘tkazilmoqda. O‘zboshimchalik bilan egallangani aniqlangan yer maydonlari zaxiraga qaytarilishi ta’minlanmoqda.  

Jinoyatchilikka qarshi kurashish ishlarini tashkil qilish, tergov sifatini oshirish, korrupsiya holatlarining oldini olish masalalari ham doimiy kun tartibida. Ayni paytda huquqbuzarliklar profilaktikasi tadbirlarini yanada kuchaytirish, vaziyatning barqarorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillarni barvaqt aniqlash va bartaraf etish, jinoyatga jazo muqarrarligini ta’minlash bo‘yicha barcha choralar ko‘rilmoqda.  

Aholi muammolarini hal qilish, murojaatlar bilan ishlash prokuratura organlarida tizimli yo‘lga qo‘yilgan.  Xalq bilan ochiq muloqot qilish, fuqarolarni qiynayotgan muammolarni hal etishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.  

 

Norgul Abduraimova,  

O‘zA