O‘zbekistonda ijtimoiy muhofaza va pensiya ta’minoti sohasini yanada takomillashtirish, uning moliyaviy barqarorligini ta’minlash ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Pensiya tizimining moliyaviy barqarorligini aniqlash va uni yanada samarali qilish maqsadida Xalqaro mehnat tashkiloti ko‘magida aktuar baholash amalga oshiriladi.
Bu jarayon BMTning Global akselerator tashabbusi va Jahon bankining “Kompas” dasturi doirasida qo‘llab-quvvatlanib, “Pensiya va ijtimoiy sug‘urta islohotlarini amalga oshirish hamda institutsional salohiyatni mustahkamlash” loyihasi asosida grant ajratiladi.
Loyiha Iqtisodiyot va moliya vazirligi rahbarligida, YUNISEF hamda Jahon bankining grant mablag‘lari asosida ikki yil davomida amalga oshiriladi. Unda Xalqaro mehnat tashkilotining ijtimoiy ta’minot tizimlarini aktuar baholash modeli qo‘llanilishi belgilangan.
Loyiha doirasida O‘zbekistonda amaldagi pensiya qoidalari qay darajada moliyaviy jihatdan barqaror ekani baholanadi. Shu orqali kelgusida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan moliyaviy tavakkalchiliklar oldindan aniqlanib, pensiya tizimini yanada samarali va adolatli qilish bo‘yicha ilmiy asoslangan qarorlar ishlab chiqiladi.
Grant asosida amalga oshiriladigan mazkur aktuar baholash pensiya tizimining uzoq muddatli barqarorligi hamda kelajak avlodlar manfaatlarini ta’minlashga xizmat qiladi.
Hamroz Bayanov, O‘zA